‏ 1 Corinthians 12

Muqaddas Ruh beradigan inʼomlar haqida

1Ey birodarlarim, endi Muqaddas Ruh beradigan inʼomlar masalasiga kelsak, bu haqda toʻliq tushunchaga ega boʻlishingizni xohlayman. 2Esingizdami, sizlar Xudosiz boʻlgan paytlaringizda yoʻldan ozib, soqov butlarga sajda qilar edingiz. 3Shuning uchun quyidagilarni bilishingizni xohlayman. Xudoning Ruhidan ilhom olayotgan hech kim Isoni laʼnatlamaydi, shuningdek, hech kim Muqaddas Ruhning ilhomisiz Isoni Rabbim deb ayta olmaydi.

4Ruh beradigan inʼomlar har xildir, ammo Ruh birdir. 5Xizmat qilish yoʻllari har xildir, Rabbimiz Iso esa birdir. 6Toʻgʻri, xizmatlar har xildir, lekin har bir insonga bu xizmatlarni bajarish qobiliyatini berayotgan Xudo birdir.

7Umumiy manfaat uchun Muqaddas Ruh har kimda oʻziga xos ravishda namoyon boʻladi. 8Bir odamga Ruh orqali donolik bilan gapirish qobiliyati beriladi, boshqa birovga esa xuddi shu Ruh orqali ilm–maʼrifatga toʻla soʻzlarni gapirish qobiliyati beriladi. 9Oʻsha Ruh orqali kimgadir kuchli bir imon beriladi, boshqa birovga esa shifo berish inʼomi beriladi. 10Baʼzilarga moʻjizalar koʻrsatish qobiliyati, boshqalarga Xudoning soʻzini yetkazish inʼomi berilgan. Yana boshqalarga esa ruhlarning farqiga borish inʼomi berilgan. Kimgadir nomaʼlum tillarda gapirish inʼomi berilgan boʻlsa, boshqalarga bu tillarni taʼbir qilish inʼomi berilgan. 11Bularning hammasini Muqaddas Ruh bajo qiladi. Har bir insonga Ruhning Oʻzi loyiq koʻrgan inʼomni ato qiladi.

Tana bir, tana aʼzolari esa koʻp

12Tana bir boʻlsa–da, uning aʼzolari koʻp. Xuddi shuningdek, tana aʼzolari koʻp boʻlsa–da, ularning hammasi bir tanani tashkil qiladi. Masihning tanasi, yaʼni jamoat ham shundaydir. 13Axir, biz hammamiz — yahudiylaru yunonlar
yunonlar — yaʼni gʻayriyahudiylar. 1:24 izohiga qarang.
, qullaru ozod boʻlganlar, bir tana boʻlishimiz uchun bir Muqaddas Ruhga choʻmdirildik. Hammamiz oʻsha bir Ruhga toʻlib–toshganmiz.
14Zotan, badan bir aʼzodan emas, balki koʻp aʼzolardan iborat. 15Oyoq: “Men qoʻl emasman, shuning uchun tanaga tegishli emasman” degani bilan tanaga tegishli boʻlmay qolmaydi–ku! 16Quloq ham: “Men koʻz emasman, shuning uchun tanaga tegishli emasman” degani bilan tanaga tegishli boʻlmay qolmaydi–ku! 17Axir, butun tana koʻz boʻlsa, qanday qilib eshitadi? Agar butun tana quloq boʻlsa, qanday qilib hidlay oladi? 18Axir, Xudo tana aʼzolarining har birini Oʻzi xohlagan joyiga qoʻygan. 19Agar ularning hammasi birgina aʼzo boʻlganda, tana boʻlarmidi?!

20Shunday qilib, tana aʼzolari koʻp, lekin tana birdir. 21Koʻz qoʻlga: “Sen menga kerak emassan”, deb ayta olmaydi, bosh ham oyoqlarga: “Sizlar menga kerak emassizlar”, deya olmaydi–ku! 22Aksincha, ojiz tuyulgan tana aʼzolari eng kerakli aʼzolardir. 23Biz tanamizning uyatli hisoblangan aʼzolariga eʼtibor berib, ularni yopib yuramiz. Koʻrimsiz tuyulgan tana aʼzolarimizga diqqat–eʼtibor qilamiz. 24Uyatli boʻlmagan tana aʼzolarimizga bunday eʼtibor berishimizning hojati yoʻq. Xudo tanamizni shunday yaratganki, hurmat–eʼtiborsiz aʼzolarga koʻproq izzat–eʼtibor beriladi. 25Shunday qilib, tana aʼzolari orasida kelishmovchilik boʻlmaydi, balki barcha aʼzolar bir–biriga gʻamxoʻrlik qiladi. 26Agar bir aʼzo azob cheksa, qolgan barcha tana aʼzolari u bilan birga azob chekadi. Agar bir aʼzo yuksalsa, qolgan barcha aʼzolar u bilan birga sevinadi.

27Endi sizlar Masihning tanasisizlar, har biringiz tananing alohida bir aʼzosisiz. 28Shu tariqa, Xudo imonlilar jamoatiga, birinchidan, havoriylarni, ikkinchidan, paygʻambarlarni, uchinchidan, muallimlarni tayinlab berdi. Keyin baʼzilarga moʻjiza koʻrsatish qobiliyatini, boshqalarga esa shifo berish inʼomini, yana boshqalarga yordam berish, boshqarish, nomaʼlum tillarda gapirish qobiliyatlarini ato qildi. 29Hamma havoriymi?! Hamma ham Xudoning soʻzlarini yetkaza oladimi?! Hamma ham muallimmi?! Hamma moʻjiza koʻrsatadimi?! 30Hammada shifo berish inʼomi bormi?! Hamma ham nomaʼlum tillarda gapirish qobiliyatiga egami?! Hamma ham nomaʼlum tillarda aytilganlarni talqin qila oladimi?!

31Sizlar ulugʻroq inʼomlarga ega boʻlishga intilinglar. Endi sizlarga eng oliy yoʻlni koʻrsataman.
Copyright information for UznUzbL