‏ 1 Corinthians 14

Muqaddas Ruh ato qiladigan inʼomlardan foydalanish

1Sevgining payida boʻlinglar, shuningdek, Muqaddas Ruh beradigan inʼomlarni olishga, ayniqsa insonlarga Xudoning soʻzini yetkazishga intilinglar. 2Kim nomaʼlum tilda gapirsa, insonlarga emas, Xudoga gapiradi, chunki uni hech kim tushunmaydi. U Ruhdan ilhomlanib, sirlarni gapiradi. 3Xudoning soʻzini yetkazadiganlar esa odamlarni imonda mahkam turishga undaydilar, ularga dalda beradilar, yupatadilar. 4Odam nomaʼlum tilda gapirganda, faqatgina oʻzining imonini mustahkamlaydi. Xudoning soʻzini odamlarga yetkazadigan inson esa butun jamoatning imonini mustahkamlaydi. 5Hammangiz ham nomaʼlum tillarda gapirishingizni istayman, lekin boshqalarga Xudoning soʻzini yetkazadigan inson boʻlishingizni undan ham koʻproq xohlayman. Chunki Xudoning soʻzini aytish odamlarga koʻproq foyda keltiradi, lekin nomaʼlum tilda gapirganning soʻzlari talqin qilinsa, bu ham jamoatning imonini mustahkamlaydi.

6Xoʻsh, birodarlarim, men sizlarning oldingizga kelib, nomaʼlum tilda gapirsam–da, lekin aytganlarim sizlarga hech qanday tushuncha, bilim bermasa, Xudoning soʻzini yetkazmasa va yoʻl–yoʻriq koʻrsatmasa, men sizlarga qanday foyda keltirgan boʻlaman? 7Hatto jonsiz cholgʻu asboblari ham, masalan, nay yoki chang, farqli bir sado chiqarmasa, nay yoki changda qanday musiqa chalinayotganini odam qayerdan biladi? 8Agar burgʻu noaniq bir sado bersa, kim jangga tayyorgarlik koʻrishni boshlaydi? 9Shunga oʻxshab, agar sizlarning gapingiz tushunarsiz boʻlsa, tinglovchilaringiz nima gapirganingizni qanday bilib oladilar? Sizlar havoga gapirganday boʻlasizlar.

10Dunyoda tillar koʻp va xilma–xildir, ulardan birortasi ham maʼnosiz emas. 11Agar men biror tilni tushunmasam, u tilda gapirayotgan odam uchun men ajnabiyman, u ham men uchun ajnabiydir. 12Modomiki, sizlar Ruh beradigan inʼomlarga ega boʻlishga intilayotgan ekansizlar, butun jamoatning imonini mustahkamlaydigan inʼomga boy boʻlish payida boʻlinglar. 13Shuning uchun nomaʼlum tilda gapirgan odam oʻzining aytganlarini talqin qilish qobiliyatini olish uchun ham ibodat qilsin. 14Agar men nomaʼlum tilda ibodat qilsam, ruhim ibodat qiladi, ongim esa bunda ishtirok etmaydi. 15Xoʻp, bundan qanday xulosa chiqaraman? Ruhim bilan ibodat qilaman, ongim bilan ham ibodat qilaman. Ruhim bilan hamdu sano aytaman, ongim bilan ham hamdu sano aytaman. 16Aks holda, agar sen ruhing bilan nomaʼlum tilda hamdu sano aytsang, atrofdagilar qanday qilib sening shukrona ibodatingga qoʻshilib “omin” deb ayta oladi? Ular sening aytayotganlaringni tushunmaydi–ku! 17Shu tarzda shukrona aytganing yaxshi, lekin bu atrofdagilarning imonini mustahkamlamaydi–ku! 18Xudoga shukurki, nomaʼlum tillarda men hammangizdan ham koʻproq gapiraman. 19Imonlilar jamoatida esa nomaʼlum tilda minglab soʻzlarni gapirgandan koʻra, boshqalarga nasihat qilish uchun tushunarli beshtagina soʻz aytishni afzal bilaman.

20Ey birodarlarim, yosh bolalarday fikr qilmanglar. Aksincha, yomonlikka kelganda chaqaloqdek boʻlib, aql–idrokka kelganda esa yetuk insonlar boʻlinglar. 21Muqaddas bitiklarda
Muqaddas bitiklarda… — yunoncha matnda Qonunda… (shu bobning 34–oyatida ham bor). Baʼzan Eski Ahd kitoblari toʻplamiga nisbatan qonun soʻzi ishlatilgan.
quyidagiday yozilgan:

“Egamiz shunday demoqda:
«Men bu xalqqa oʻzga tillarda,
Begona xalqlarning ogʻzi orqali gapiraman,
Ammo shunda ham ular Menga quloq solmaydilar.»”
Ishayo 28:11-12 ga qarang.

22Demak, nomaʼlum tillar imonlilar uchun emas, balki imonsizlar uchun alomatdir. Xudoning soʻzini yetkazish inʼomi esa imonsizlar uchun emas, imonlilar uchun alomatdir. 23Agar imonlilar jamoati bir joyda yigʻilib, hammasi nomaʼlum tillarda gapirayotgan boʻlishsa, u yerda bundan bexabar boʻlganlar, yaʼni imonsizlar boʻlsa, ular: “Bular jinni boʻlib qolibdi”, deb aytmaydimi?! 24Ammo hamma Xudoning soʻzini tushunarli ravishda boshqalarga yetkazib berayotgan boʻlsa, u yerdagi imonsiz odam ularning aytganlarini eshitadi. Shundan keyin yuragini tekshirib koʻradi–da, gunohkor ekanligiga amin boʻladi. 25Uning yuragidagi sirlari fosh boʻladi. Shunda u muk tushib: “Chindan ham Xudo sizlar bilan ekan”, deydi–da, Xudoga sajda qiladi.

Jamoat yigʻilishlaridagi tartib–qoida

26Endi, birodarlar, bundan qanday xulosa chiqaramiz? Birga yigʻilganingizda, baʼzilar sano aytadi, baʼzilar taʼlim beradi, baʼzilar Xudoning soʻzini boshqalarga yetkazadi, baʼzilar nomaʼlum tillarda gapiradi, yana baʼzilar esa ularning aytganlarini talqin qiladi. Bularning hammasini imonlilar jamoatining imonini mustahkamlash niyatida qilsinlar. 27Agar baʼzilar nomaʼlum tillarda gapirmoqchi boʻlsa, ikki kishi, eng koʻpi bilan uch kishi navbat bilan gapirsin, ularning aytganlari talqin qilinsin. 28Agar taʼbir qiluvchi boʻlmasa, nomaʼlum tilda gapirayotgan odam jamoatda sukut saqlab, oʻziga va Xudoga gapirsin.

29Shuningdek, ikki yoki uchta odam boshqalarga Xudoning soʻzini yetkazsin, qolganlar esa aytilganlarga baho bersinlar. 30Oʻtirganlardan biriga Xudoning soʻzi kelsa, oʻsha paytda gapirayotgan odam jim boʻlsin. 31Shunda hamma birin–ketin Xudoning soʻzini boshqalarga yetkaza oladi, toki hamma taʼlim va dalda olsin. 32Xudoning xabarini yetkazayotganda inson oʻz ruhini boshqara oladi. 33Axir, Xudo tartibsizlik Xudosi emas, balki tinchlik Xudosidir. Barcha jamoatlarda, Xudoning aziz xalqi orasida bu namoyon boʻlib turibdi.

34Jamoatda ayollar sukut saqlasin. Axir, ularga gapirish uchun ijozat berilmagan, Muqaddas bitiklarda yozilganiday, ular itoatkor boʻlishlari kerak. 35Agar ular biror narsani bilmoqchi boʻlsalar, uyda oʻz erlaridan soʻrasinlar. Imonlilar jamoatida ayol kishining gapirishi adabsizlikdir.

36Ey Korinflik birodarlar, Xudoning soʻzi sizdan kelib chiqqanmi?! Nahotki u faqatgina sizlarga yetib borgan boʻlsa?! 37Agar biror kishi: “Menda Xudoning soʻzini yetkazish inʼomi bor” yoki “Ruhdan maxsus bir inʼom olganman”, deb oʻylasa, mening yozganlarim Rabbimiz Isoning amri ekanligini eʼtirof etsin. 38Ammo ular buni tan olmasalar, ularga eʼtibor bermanglar.

39Shunday ekan, birodarlarim, boshqalarga Xudoning soʻzini yetkazishga intilinglar, boshqalarning nomaʼlum tillarda gapirishiga toʻsqinlik qilmanglar. 40Faqat hammasi odob va tartib bilan qilinsin.
Copyright information for UznUzbL