‏ 1 Corinthians 15

Iso Masih oʻlikdan tirilgani haqida

1Birodarlarim, men oʻzim sizlarga yetkazgan Xushxabarning mohiyatini yana bir bor eslatib oʻtmoqchiman. Sizlar bu Xushxabarni qabul qildingiz, u imoningizning asosidir. 2Oʻsha Xushxabar orqali najot topasiz, ammo sizlar men aytgan oʻsha Xushxabar orqali yetishgan imoningizda mahkam turishingiz kerak, aks holda, imoningiz bekor boʻladi.

3Menga berilgan eng muhim taʼlimotni sizlarga yetkazdim. Bu taʼlimot quyidagichadir: Muqaddas bitiklarga muvofiq
Muqaddas bitiklarga muvofiq — Luqo 24:25-27, 32, 44-48 ga qarang. Odatda Eski Ahd kitoblari toʻplamiga nisbatan Muqaddas bitiklar iborasi ishlatilgan.
, Masih gunohlarimiz uchun oʻlgan.
4Keyin U dafn qilindi, uchinchi kuni esa tirildi. Bularning hammasi Muqaddas bitiklarga muvofiq sodir boʻldi. 5Avval U Butrusga
Butrus — yunoncha matnda Kifas, Butrusning oramiycha ismi (Yuhanno 1:42 ga qarang).
, soʻngra oʻn ikki shogirdiga koʻrindi.
6Undan keyin bir vaqtning oʻzida besh yuzdan koʻproq birodarlarga koʻrindi. Ularning aksariyati hozirga qadar tirik, baʼzilari esa dunyodan koʻz yumib ketganlar. 7Undan soʻng Masih Yoqubga
Yoqub — Isoning shogirdi Yoqub emas, balki Quddusdagi jamoatning yetakchisi va Isoning ukasi Yoqub nazarda tutilgan (Mark 6:3, Havoriylar 15:13, 21:18, Galatiyaliklar 1:18-19 ga qarang).
va qolgan barcha havoriylarga koʻrindi.
8Men rivojlanmay qolgan bir homiladay boʻlsam–da, nihoyat menga ham koʻrindi
Men rivojlanmay qolgan bir homiladay boʻlsam–da, nihoyat menga ham koʻrindi — Iso Masih yer yuzida faoliyat olib borganda, uning oʻn ikkita tanlab olgan shogirdi bor edi. Ular havoriy deb nom olgan. Ammo Pavlus oʻsha dastlabki havoriylardan biri emas edi. U favqulodda havoriylar qatoriga qoʻshilgan. U jamoatni quvgʻin qilib yurgan paytlarda, kutilmaganda va gʻaroyib tarzda imonga kelgan. Havoriylar 9:1-19 ga qarang.
.

9Axir, men havoriylarning eng arzimasiman, havoriy deb atalishga ham loyiq emasman, chunki men Xudoning jamoatini quvgʻin qilardim. 10Ammo Xudoning inoyati tufayli endi havoriyman. Uning menga koʻrsatgan inoyati zoye ketmadi, zero, men havoriylarning hammasidan ham koʻproq mehnat qildim. Lekin aslida mehnat qilgan men emas, balki Xudoning inoyatidir. 11Sizlar Xushxabarni mendan eshitdingizmi yoki boshqalardanmi, farqi yoʻq, chunki biz bir Xushxabarni vaʼz qilamiz, sizlar esa oʻsha Xushxabarga ishongansiz.

Oʻlikdan tirilish haqida

12Masih oʻlikdan tirilgan, deb vaʼz qilinayotgan ekan, qanday qilib baʼzilaringiz, oʻlikdan tirilish degan narsa yoʻq, deb aytyapsizlar?! 13Axir, oʻlikdan tirilish boʻlmasa, Masih ham tirilmagan ekan–da! 14Masih tirilmagan boʻlsa, Xushxabarni vaʼz qilishimiz bekor, sizlarning imoningiz ham bekor. 15Agar rostdan ham oʻliklar tirilmasa va Masihni Xudo tiriltirmagan boʻlsa, bunday holda, biz Xudo haqida yolgʻon shohidlik bergan boʻlamiz, chunki biz: “Xudo Masihni tiriltirdi”, deb shahodat berib yuribmiz. 16Oʻliklar tirilmas ekan, Masih ham tirilmagan boʻladi. 17Agar Masih tirilmagan boʻlsa, sizlarning imoningiz behuda, sizlar hali ham gunohga botganingizcha yuribsizlar. 18Shunday boʻlsa, Masihga ishongan holda hayotdan koʻz yumganlar butunlay halok boʻlib ketibdilar–da! 19Agar biz yolgʻiz bu hayot uchun Masihga umid bogʻlagan boʻlsak, eng baxtsiz insonlar ekanmiz.

20Vaholanki, Masih haqiqatan ham tirildi! U birinchi boʻlib tirildi, shu tariqa oʻlikdan tiriladiganlarning orasida hosilning ilk samarasiday boʻldi. 21Oʻlim bir inson orqali dunyoga kirdi. Shunga oʻxshab, oʻliklarning tirilishi ham bir Inson orqali sodir boʻladi. 22Axir, bu dunyoga oʻlim Odam Ato tufayli kirib keldi, endi Iso Masih orqali hamma tiriladi. 23Hamma narsa oʻz navbati bilan sodir boʻladi: mana, Masih birinchi boʻlib tirildi, Masih kelganda esa Unga tegishli boʻlganlar tiriladi. 24Shundan soʻng Masih har qanday hokimiyatni, hukmronlik va qudratni barbod qilib, saltanatni samoviy Ota — Xudoga topshirganda oxirat boʻladi.

25Masihning hamma dushmanlari Uning oyoqlari ostiga poyandoz qilinmaguncha, U hukmronlik qilishi kerak. 26Shunda oxirgi dushman — oʻlim ham barham topadi. 27Axir, Muqaddas bitiklarga koʻra, Xudo hamma narsani Masihga tobe qilib, Uning oyoqlari ostiga tashlagan
…Xudo…Uning oyoqlari ostiga tashlagan — Zabur 8:7 ga qarang.
. Garchi shunday boʻlsa–da, borliqni Unga tobe qilgan Xudo bundan istisnodir.
28Xudo hamma narsani Masihga tobe qilgandan keyin, Oʻgʻil ham Xudoga tobe boʻladi, toki Xudo borliq ustidan butunlay hukmron boʻlsin.

29Baʼzilaringiz oʻlganlar uchun suvga choʻmdirilayotgan ekansiz
Baʼzilaringiz oʻlganlar uchun suvga choʻmdirilayotgan ekansiz — bu udum haqida hech qanday maʼlumot saqlanib qolmagan, Yangi Ahdda ham hech narsa yozilmagan. Korinfdagi baʼzi imonlilar suvga choʻmdirilishdan oldin olamdan oʻtgan boʻlishlari mumkin (11:30 ga qarang). Balki jamoatdagilar, oʻsha marhum imonlilarning oʻlikdan tirilishiga kafolat beraylik deb, oʻlganlarning oʻrniga suvga choʻmdirilgandir. Sabab nima boʻlishidan qatʼi nazar, Pavlus bu udumni maʼqullamasa ham, bu haqda gapirib oʻtgan, chunki uning maqsadi masihiylarning oʻlikdan tirilishiga urgʻu berish edi.
. Oʻliklar tirilmas ekan, ularning oʻrniga choʻmdirilishning qanday foydasi bor?
30Xoʻsh, nima uchun bizlar har daqiqa oʻz hayotimizni xavf–xatar ostiga qoʻyyapmiz? 31Har kuni oʻlimga roʻbaroʻ boʻlayotganim rost! Birodarlarim, Rabbimiz Iso Masih sizlarning hayotingizda qilayotgan ishlaridan faxrlanayotganim chin boʻlganiday, aytayotgan gaplarimda ham biror yolgʻon yoʻq. 32Agar faqatgina bu dunyoga umid bogʻlagan boʻlsam, nima uchun Efes shahrida hayotimni xavf ostiga qoʻydim?!
…nima uchun Efes shahrida hayotimni xavf ostiga qoʻydim?! — bu gap Havoriylar 19:23-40 da tasvirlangan voqealarga yoki Pavlus maktubni yozgan vaqtga yaqinroq boʻlgan paytda, Efesda boʻlgan voqealarga ishora qilishi mumkin (16:8-9 ga qarang).
Agar oʻliklar tirilmas ekan, unda “kelinglar, yeb–ichib qolaylik, erta–indin oʻlib ketamiz–ku”
Ishayo 22:13 ga qarang.
deyish oʻrinli boʻlmaydimi?!
33Lekin adashmanglar, axir, “yomon ulfatlar yaxshi axloqni buzadi”, deyishadi–ku! 34Koʻzlaringizni ochib, oʻzingizga kelinglar! Bas endi, gunoh qilavermanglar. Koʻrinib turibdiki, baʼzilaringiz Xudoni bilmaysizlar. Sizlarni uyaltiray deb, bularni aytyapman.

Tirilgan tananing xususiyatlari

35Ehtimol, biror kishi: “Oʻliklar qanday qilib tirilarkan? Ularning tanalari qanaqa boʻlarkan?” deb soʻrar. 36Qanday ahmoqona savol–a bu! Axir, ekilgan urugʻ oʻlmasa, oʻsimlik oʻsib chiqmaydi–ku! 37Bugʻdoy boʻladimi yoki boshqa biror narsami, ekin ekkaningda, oʻsib chiqadigan oʻsimlikni emas, uning urugʻini ekasan–ku! 38Xudo uruqqa Oʻzi istagan bir jismni bagʻishlaydi, har bir urugʻdan alohida bir jismni hosil qiladi.

39Koʻrib turibmizki, jonzotlarning ham tanalari har xil, insonlarniki boshqacha, hayvonlarniki boshqacha, qushlarniki boshqacha, baliqlarniki boshqacha. 40Samoviy va dunyoviy jismlar ham bor. Lekin samoviy jismlarning koʻrki boshqa, dunyoviylarniki boshqa. 41Quyoshning koʻrki boshqa, oyning koʻrki boshqa hamda yulduzlarning koʻrki boshqa. Axir, yulduzlar ham oʻz koʻrkiga yarasha bir–biridan farq qiladi.

42Oʻliklarning tirilish jarayoni ham quyidagiga oʻxshaydi: ekilgan urugʻdan oʻsimlik oʻsib chiqqanday, oʻladigan tanamiz oʻlmaydigan boʻlib tiriladi. 43Hozirgi ojiz va xor boʻlgan tanamiz, qudratu ulugʻvorlikka toʻla ravishda tiriladi. 44Hozirgi tanamiz moddiy bir jism boʻlsa, tiriladigan tanamiz ruhiy bir tana boʻladi. Axir, moddiy tana bor ekan, ruhiy tana ham bor–da! 45Muqaddas bitiklarda yozilgani boʻyicha: “Birinchi odam — Odam Ato tirik jon boʻldi.”
Ibtido 2:7 ga qarang.
Oxirgi Odam Ato, yaʼni Iso Masih esa hayotbaxsh ruh boʻldi.

46Mana shundan koʻrinib turibdiki, ruhiy tana emas, moddiy tana birinchi kelgan. Moddiy tana oʻtib ketgandan keyingina, ruhiy tana keladi. 47Birinchi odamning tanasi moddiy jismdir, u tuproqdan yaratilgan, ikkinchi Odam, yaʼni Masih esa samoviydir. 48Tuproqdan yaratilgan ilk odam qanday boʻlsa, qolgan hamma odamlar ham shundaydir. Samoviy Odam, yaʼni Masih qanday boʻlsa, samodagilar ham xuddi Unga oʻxshaydilar. 49Biz tuproqdan yaratilgan odamga oʻxshar ekanmiz, bir kun kelib, samoviy Odamga ham oʻxshagan boʻlamiz.

50Ey birodarlar! Sizlarga quyidagilarni aytmoqchiman: qon va etdan iborat boʻlgan tanalarimiz Xudoning Shohligidan bahramand boʻla olmaydi. Bu foniy tana mangu hayotga ega boʻla olmaydi. 51Men sizlarga bir sirni bildirmoqchiman: biz hammamiz ham oʻlmaymiz, ammo hammamiz oʻzgaramiz. 52Toʻsatdan, koʻz ochib yumguncha, oxirzamon karnayi chalinganda oʻzgaramiz. Ha, karnay chalinadi va shu onda marhumlar hech oʻlmaydigan boʻlib tiriladilar. Shunda biz ham oʻzgaramiz. 53Chunki bizning oʻladigan tanamiz oʻlmaydigan tanaga, foniy tanamiz mangu tanaga aylanishi kerak. 54Oʻladigan tanamiz oʻlmaydigan tanaga, bu foniy tanamiz mangu tanaga aylanganda, Muqaddas bitiklarda yozilgan quyidagi soʻzlar amalga oshadi:

“Oʻlim yengilib, yoʻq boʻldi.
55Ey oʻlim, sening zafaring qayerda?!
Ey oʻlim, sening nishing qayerda?!”
Ishayo 25:8, Xoʻsheya 13:14 ga qarang.

56Oʻlimning nishi gunohdir. Gunohning quvvati esa qonundan kelib chiqdi. 57Xudoga shukurlar boʻlsin! U Rabbimiz Iso Masih orqali bizga gʻalaba ato qilgan.

58Shuning uchun, ey aziz birodarlarim, hech ikkilanmay, imoningizda mahkam turinglar. Hamisha Rabbimiz Isoga xizmat qilishga bagʻishlanib, yanada gʻayratli boʻlinglar. Axir, Rabbimiz yoʻlida qilgan mehnatingiz samarasiz qolmasligini bilasizlar–ku!
Copyright information for UznUzbL