‏ 1 Corinthians 2

Pavlus bayon etgan xabarning asosi

1Ey birodarlar, men sizlarga Xudoning sirli rejasini
Xudoning sirli rejasi — yunoncha matndan (yana shu bobning 7-10–oyatlariga qarang). Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Xudoning shohidligi yoki Xudo toʻgʻrisidagi shohidlik.
eʼlon qilishga borganimda, soʻzamollik va insoniy donolik bilan gapirmadim.
2Orangizda boʻlganimda, Iso Masih va Uning xochga mixlanganidan boshqa hech narsa haqida gapirmaslikka qaror qildim. 3Oldingizga zaifligu qoʻrquv hissi bilan titrab bordim. 4Men sizlarga Xushxabar aytib, vaʼz qilganimda, donolik qilib ishontirishga urinmadim, balki Xudoning Ruhi va qudratiga asoslandim, 5toki sizlarning imoningiz inson donoligiga emas, balki Xudoning qudratiga asoslansin.

Xudoning donoligi

6Biz yetkazgan xabarni ruhan yetuk insonlar hikmatu donolik deb tan oladilar. Ammo bizning donoligimiz bu dunyoga yoki bu dunyoning oʻtib ketadigan hukmronlariga munosib boʻlgan donolik emas. 7Biz Xudoning pinhon tutilgan sirli donoligi haqida gapiramiz. Bu donoligi bilan Xudo dunyo bino boʻlishidan avvalroq biz uchun najot rejasini tayyorlab qoʻygan edi. Uning maqsadi bizni Oʻz ulugʻvorligidan bahramand qilish edi. 8Bu dunyoning hukmronlari Xudoning donoligini tushunmadilar. Tushunganlarida edi, ulugʻvor Rabbimiz Isoni xochga mixlamagan boʻlardilar. 9Biz Muqaddas bitiklarda yozilgan sirli reja haqida gapiryapmiz:

“Hech bir koʻz koʻrmagan, hech bir quloq eshitmagan,
Inson aqli bovar qilmagan ajoyibotlarni
Xudo Oʻzini sevganlar uchun tayyorlab qoʻygan.”
Ishayo 64:4 ga qarang.

10Bizlarga esa Xudo bularni Oʻzining Ruhi orqali oshkor qildi. Chunki Muqaddas Ruh hamma narsadan, hatto Xudoning chuqur oʻy–fikrlaridan ham ogohdir. 11Insonning oʻy–fikrlarini uning ichidagi oʻz ruhidan boshqa yana kim biladi?! Xuddi shu singari, Xudoning oʻy–fikrlarini Xudoning Ruhidan boshqa hech kim bilmaydi. 12Biz Xudoning Ruhini qabul qildik, endi dunyoviy odamlar kabi oʻy–fikr qilmaymiz. Shuning uchun Xudo bizga nima ato qilganini aniq tushuna olamiz. 13Biz bular haqida gapirganimizda insoniy donolik bilan gapirmaymiz, balki Muqaddas Ruh oʻrgatayotgan soʻzlar bilan ruhiy haqiqatni talqin qilamiz
…Muqaddas Ruh oʻrgatayotgan soʻzlar bilan ruhiy haqiqatni talqin qilamiz — yoki …Muqaddas Ruh oʻrgatayotgan soʻzlar bilan gapirib, Muqaddas Ruhga tobe boʻlganlarga ruhiy haqiqatni talqin qilamiz.
.

14Qalbida Xudoning Ruhi boʻlmagan insonlar Xudoning Ruhi oʻrgatgan haqiqatni rad qiladilar. Ular uchun bu haqiqat tentaklikday tuyuladi, bu haqiqatni ular tushuna olmaydilar. Zero, bu haqiqatni faqatgina Xudoning Ruhi yordami bilan tushunsa boʻladi. 15Qalbida Xudoning Ruhi boʻlgan inson hamma narsaga baho bera oladi, ammo boshqalar u odamga baho berishga ojiz. 16“Axir, kim Rabbimizning fikr–zikrini anglab yetibdiki, Unga yoʻl–yoʻriq koʻrsatsa?!”
Ishayo 40:13 ga qarang.
Biz esa Masihday fikrlay olamiz.
Copyright information for UznUzbL