1 Corinthians 4
Havoriylarning martabasi va vazifasi
1Odamlar bizni Masihning xizmatkorlari hamda Xudoning sir–asrorlarini bayon etishga masʼul insonlar deb bilishlari kerak. 2Bizdan talab qilingan narsa ishonchli boʻlishdir. 3Meni sizlar hukm qilasizlarmi yoki mahkamada hukm qilishadimi, menga farqi yoʻq. Men oʻzimni oʻzim ham hukm qilmayman. 4Zotan, oʻzimda hech bir ayb koʻrmasam ham, bu bilan oʻzimni oqlamayman. Chunki meni hukm qiluvchi Rabbimiz Iso boʻladi. 5Shu bois sizlar ham vaqtidan oldin, Rabbimiz kelmaguncha, aslo hukm qilmanglar. U kelib zulmatda yashirilgan narsalarni ravshan qiladi, inson yuraklarining maqsadlarini oshkor etadi. Oʻshanda har kim oʻz ishiga yarasha Xudoning tahsiniga sazovor boʻladi. 6Ey birodarlar, men oʻzimni va Apollosni ▼▼ Apollos — Havoriylar 18:24-19:1 ga qarang.
misol qilib keltirdim, toki sizlar Muqaddas bitiklarda yozilganlarga binoan yashashni bizdan oʻrganinglar. Bir ustozni boshqasidan ustun qoʻymang. 7Kim sizlarga shunday huquq berib qoʻygan?! Xudodan olmagan biror narsangiz bormi?! Bor narsangizni sizga Xudo bergan–ku, nima uchun xuddi oʻz kuchingiz bilan erishganday maqtanib yuribsiz? 8Xohlagan hamma narsangizga erishib oldingizmi?! Boy boʻlib ketdingizmi?! Bizsiz hukmronlik qilyapsizmi?! Qani, endi haqiqatan ham hukmronlik qilayotgan boʻlsangiz edi, biz ham sizlar bilan birga hukmronlik qilsak. 9Lekin men oʻylaymanki, Xudo biz — havoriylarni sharmandali ahvolga solib, maydonda namoyish qilinadigan, oʻlimga mahkum etilgan asirlarday qilib qoʻydi. Biz farishtalaru insonlar oldida, butun koinot oldida tomosha boʻlib qoldik. 10Biz Masih haqi aqlsiz boʻlibmiz, sizlar esa Masih soyasida aqlli boʻlib qolibsizlar. Biz zaif, sizlar esa kuchli ekansiz! Sizlar obroʻ–eʼtiborli, biz esa sharmanda ekanmiz–da! 11Hozirgacha och–yalangʻochmiz, tashnalik va kaltaklarga bardosh beryapmiz, sarson–sargardon boʻlib yuribmiz. 12Oʻz mehnatimiz bilan kun koʻryapmiz. Bizni haqorat qilsalar, duo qilamiz, quvgʻin qilsalar, chidaymiz. 13Bizni gʻiybat qilsalar, yaxshilik bilan javob beramiz. Hozirgacha biz dunyoning supurindisi, hammaning axlatiday boʻlib yuribmiz. Pavlusning pand–nasihatlari
14Men bularni sizlarni xijolatda qoldirmoq uchun emas, balki sevimli bolalarimga nasihat qilganday, sizlarga nasihat qilib yozyapman. 15Masihning yoʻlida minglab odamlar sizlarga ustozlik qilsa ham, sizlarning faqatgina bir ruhiy otangiz bor. Men sizlarga Xushxabarni yetkazib, Iso Masih orqali sizlarning ruhiy otangiz boʻldim. 16Shuning uchun sizlarga yolvoraman, mendan oʻrnak olinglar ▼▼ …mendan oʻrnak olinglar — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida men Masihdan oʻrnak olganimdek mendan oʻrnak olinglar.
. 17Ana shu maqsadda men Rabbimiz Isoga sodiq boʻlgan sevimli oʻgʻlim Timoʻtiyni ▼▼ sevimli oʻgʻlim Timoʻtiy — Timoʻtiy Pavlusning oʻz oʻgʻli emas edi. U Pavlusning sodiq yordamchisi boʻlgani uchun Pavlus uni, oʻgʻlim, derdi. Havoriylar 16:1-3, Filippiliklar 2:20-22 ga qarang.
sizlarning oldingizga yuboryapman. Har yerda va har bir imonlilar jamoatida taʼlim berar ekanman, Iso Masihga tegishli boʻlib, qanday hayot kechirayotganimni u sizlarga aytib beradi. 18Orangizda baʼzilar: “Pavlus kelmas ekan”, deb kekkayib, bilganini qilayotgan ekan. 19Ammo Rabbimiz Iso xohlasa, men yaqin orada oldingizga boraman. Shunda nafaqat bu takabbur odamlar qanday gaplar gapirayotganlarini, balki ularda qanday kuch borligini sinab koʻraman. 20Chunki Xudoning Shohligi quruq soʻzlar bilan emas, balki kuch–qudrat bilan namoyish etiladi. 21Xoʻp, nima xohlaysizlar? Oldingizga kaltak bilan boraymi yoki mehr–muhabbat va muloyimlik ruhi bilan boraymi?
Copyright information for
UznUzbL