‏ 1 Corinthians 6

Imonlilar orasidagi daʼvolarni hal qilish haqida

1Orangizda bittasining boshqa birovga daʼvosi bor ekan. Bu daʼvoni hal qilib bersin deb, u kishi Xudoning azizlari oldiga emas, balki imonsizlar oldiga borishga qanday jurʼat qilyapti? 2Xudoning azizlari hatto dunyoni hukm qilishini nahotki sizlar bilmasangiz?! Modomiki, sizlar dunyoni hukm qilar ekansiz, nahotki ahamiyatsiz ikir–chikir ishlarni hukm qila olmasangiz? 3Biz hatto farishtalarni ham hukm qilamiz–ku! Shuni bilmaysizlarmi?! Shunday ekan, turmush ikir–chikirlari nima boʻlibdi?! 4Nima uchun endi bir–biringizga daʼvoingiz boʻlsa, jamoatga daxli boʻlmagan hakamlarning oldiga boryapsiz?! 5Nahotki orangizda oʻz birodarlarining daʼvosini ajrim qila oladigan birorta dono odam topilmasa?! Uyalmaysizlarmi, axir?! 6Imonli birodar yana boshqa bir imonli birodari bilan daʼvolashmoqda, qolaversa buni imonsiz hakamlarning oldida qilyapti–ya!

7Undan koʻra, haqsizlikka chidab turganingiz sizlar uchun yaxshiroq boʻlmasmidi? Hatto hiyla–nayranglardan zarar koʻrish sizlar uchun afzalroq boʻlmasmidi? Bir–biringiz bilan daʼvolashishning oʻzi sizlar uchun tamoman magʻlubiyat–ku! 8Shunisi yetmaganday, sizlar hiyla–nayranglar bilan oʻz birodaringizga nohaqlik qilyapsizlar.

9Nahotki bilmasangizlar?! Nohaqlik qiluvchilar Xudoning Shohligidan bahramand boʻlmaydilar–ku! Adashmanglar, jinsiy tomondan axloqsiz boʻlganlar, butparastlar, zinokorlar, bachchabozlaru bachchalar, 10oʻgʻrilar, tamagirlar, mayxoʻrlar, gʻiybatchilar va tovlamachilar Xudoning Shohligidan bahramand boʻlmaydilar. 11Baʼzilaringiz oldin shunday edingiz. Endi esa sizlar Rabbimiz Iso Masihning nomi bilan va Xudoning Ruhi orqali poklandingiz, Xudoga bagʻishlandingiz, oqlandingiz.

Aʼzoyi badaningiz bilan Xudoni ulugʻlang

12Baʼzilaringiz: “Xohlaganimni qilishga haqim bor”, deb aytyapsizlar. Toʻgʻri, lekin hamma narsa ham foydali emas. Xohlaganimizni qilishga haqimiz bor, lekin hech bir narsa bizning ustimizdan hokimlik qilmasligi kerak. 13Baʼzilaringiz yana: “Ovqat qorin uchun, qorin esa ovqat uchun, Xudo ikkalasini ham yoʻq qiladi–ku”
“Ovqat qorin uchun, qorin esa ovqat uchun, Xudo ikkalasini ham yoʻq qiladi–ku” — bu jumla Korinfliklar orasida maqol boʻlib, odamlar oziq–ovqatlar borasida erkin ekanligiga urgʻu bergan. Ular, oziq–ovqatga oid qoidalarga rioya qilmasa ham boʻladi, deb hisoblardilar. Pavlus bunga qoʻshilardi. Lekin baʼzi Korinfliklar bu kabi erkinlikni jinsiy hayotiga tatbiq etib, zino qilish mumkin, deb oʻylashardi. Pavlus esa ularning bu qarashiga mutlaqo qarshi edi.
, deb aytyapsizlar. Toʻgʻri, ammo badanimiz zino uchun xizmat qilmasligi kerak, aksincha, badanimiz bilan Rabbimiz Isoga xizmat qilishimiz kerak. Rabbimiz badanimiz ustidan hokimlik qilishi kerak.
14Rabbimizni tiriltirgan Xudo Oʻz qudrati bilan bizlarni ham tiriltiradi.

15Bilmaysizlarmi, axir?! Aʼzoyi badaningiz Masih tanasining aʼzosi–ku! Shunday ekan, men Masih tanasining aʼzolarini olib, fohisha tanasining aʼzolari qilib qoʻyarmikanman? Yoʻq, aslo! 16Fohisha bilan qovushgan u bilan bir tan boʻlishini bilmaysizlarmi?! Muqaddas bitiklarda: “Ikkalasi bir tan boʻladilar”
Ibtido 2:24 ga qarang.
, deb yozilgan–ku!
17Rabbimiz Iso bilan birga boʻlgan esa U bilan bir ruhda boʻladi.

18Jinsiy axloqsizlikdan oʻzingizni olib qochinglar! Jinsiy axloqsizlik bilan gunoh qilgan oʻz tanasiga qarshi gunoh qilgan boʻladi, qolgan hamma gunohlar esa tanaga bevosita bogʻlanmagan holda qilinadi. 19Nahot bilmasangiz?! Qalbingizda maskan qilgan Muqaddas Ruhni Xudo sizlarga bergan. Tanangiz Muqaddas Ruhning maʼbadidir. Sizlar oʻzlaringizga tegishli emassizlar. 20Sizlar qimmat bahoga sotib olingansizlar. Shuning uchun oʻz tanangiz bilan Xudoni ulugʻlanglar
…oʻz tanangiz bilan Xudoni ulugʻlanglar — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Xudoga tegishli boʻlgan tanangiz va ruhingiz bilan Xudoni ulugʻlanglar.
.
Copyright information for UznUzbL