‏ 1 Thessalonians 4

Xudoni mamnun qiladigan hayot kechiring

1Xullas, ey birodarlar, sizlar Xudoni mamnun qilib yashashni bizdan oʻrgandingiz. Ha, shu tarzda yashayapsiz ham. Ammo Rabbimiz Iso nomidan sizlarga yolvoramiz, Xudoni yanada koʻproq mamnun qilishga astoydil harakat qilavering. 2Rabbimiz Iso bizga bergan vakolat bilan sizlarga qanday yoʻl–yoʻriq koʻrsatganimizni bilasiz. 3Sizlarning muqaddas boʻlishingiz Xudoning irodasidir. Shuning uchun jinsiy axloqsizlik qilmang.

4Har biringiz muqaddaslik va izzat–hurmatga loyiq tarzda oʻzingizni tuta bilishingiz kerak. 5Xudoni bilmagan butparastlarday shahvoniy hirsga qul boʻlmang. 6Jinsiy hayot tarziga kelganda, oʻz birodarlaringizning ishonchini suiisteʼmol qilmang, ularga xiyonat qilmang. Bunday qilganlarni Egamiz jazolaydi. Biz sizlarga bu haqda oldindan aytib, qattiq ogohlantirganmiz. 7Xudo bizni harom yoʻldan yurishga emas, balki muqaddas boʻlib yashashga chaqirdi. 8Shunday ekan, kim mana shu taʼlimni rad etsa, insonlarni emas, sizlarga Oʻz Muqaddas Ruhini beradigan Xudoni rad qilgan boʻladi.

9Oʻzaro muhabbat haqida esa sizlarga yozishning hojati yoʻq, chunki bir–biringizni yaxshi koʻrishni sizlar Xudodan oʻrgangansizlar. 10Zotan, sizlar Makedoniya
Makedoniya — 1:7 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang.
hududi boʻylab yashovchi barcha birodarlaringizga ham shunday munosabatda boʻlyapsizlar. Lekin shunga qaramay, ularni yanada koʻproq yaxshi koʻring, deb undaymiz.
11Sizlarga aytganimizday, osoyishta hayot kechirishni, oʻz ishingiz bilan mashgʻul boʻlishni, qoʻllaringiz mehnati bilan tirikchilik qilishni oʻz oldingizga maqsad qilib qoʻying. 12Shunda Rabbimiz Isoga ishonmaydiganlarning izzat–hurmatini qozonasiz va boshqalarning qoʻliga qarab qolmaysiz.

Rabbimiz Isoning kelishi

13Birodarlar, umidsiz yashayotgan boshqa odamlar kabi, qaygʻuga toʻlmang deb, bu olamdan oʻtganlar haqidagi haqiqatni sizlarga bildirishni xohlaymiz. 14Biz Isoning oʻlib, tirilganiga ishonamiz. Shunday ekan, Isoga ishongan holda hayotdan koʻz yumgan imonlilarni ham Xudo tiriltirib, Oʻz oldiga olib ketishiga aminmiz. Bu voqea Iso kelganda yuz beradi. 15Rabbimiz Isoning taʼlimoti boʻyicha sizlarga aytamizki, oʻsha paytda biz — hali tirik boʻlganlar oʻlgan birodarlarimizdan oldin emas, balki ular bilan birga Isoni qarshilab olamiz. 16Zotan, Rabbimiz Iso Masih buyuk bir sado, bosh farishtaning ovozi va Xudoning karnayi sadosi ostida samodan tushib kelganda, birinchi boʻlib Unga ishongan holda oʻlganlar tiriladi. 17Soʻng biz — hali tirik boʻlganlar havoda Rabbimizni qarshilab olish uchun ular bilan birga bulutlarda koʻtarilamiz. Shunday qilib, hammamiz Rabbimiz bilan abadiy birga boʻlamiz. 18Shuning uchun mana shu soʻzlar bilan bir–biringizga dalda bering.
Copyright information for UznUzbL