‏ 1 Thessalonians 5

Rabbimiz Iso Masihning kelishiga tayyor boʻling

1Birodarlar, bular qachon, qaysi payt sodir boʻlishi haqida sizlarga yozishimizning hojati yoʻq. 2Axir, Rabbimiz Iso, kechasi oʻgʻri tushganday, nogahon kelishini oʻzingiz bilasiz–ku! 3Homilador ayolning toʻlgʻoq ogʻriqlari kutilmaganda kelganday, odamlar: “Hamma yoq tinch, osoyishta”, deb yurganlarida, birdaniga boshlariga halokat tushadi. Ular qochib qutula olmaydilar. 4Biroq, birodarlar, sizlar zulmatda yurmaysizlarki, bu kun oʻgʻriga oʻxshab, kutilmaganda kelib, sizlarni hayratda qoldirsa! 5Sizlar yorugʻlikda yashaysiz, hammangiz kunduz kunga tegishlisiz. Axir, biz zulmatga, tunga tegishli emasmiz. 6Shuning uchun boshqalarga oʻxshab uxlab qolmaylik. Biz uygʻoq, hushyor boʻlishimiz kerak. 7Chunki uxlaydiganlar kechasi uxlaydi, ichkilikka berilganlar ham kechasi ichadi. 8Biz esa kunduz kunga tegishli ekanmiz, kelinglar, imon va sevgi sovutini, boshimizga najot umidi dubulgʻasini kiyib, hushyor turaylik. 9Chunki Xudo bizni gʻazabga uchrasin deb emas, balki Rabbimiz Iso Masih orqali najot topishimiz uchun tayinladi. 10Biz tirik boʻlsak ham, hayotdan koʻz yumsak ham, U bilan birga yashashimiz uchun Rabbimiz Iso biz uchun oʻldi. 11Shuning uchun ham hozir qilayotganingizdek, bundan keyin ham bir–biringizga dalda berib, kuch va gʻayrat bagʻishlang.

Soʻnggi yoʻl–yoʻriqlar

12Birodarlar, sizlardan oʻtinamiz: orangizda ishlab, Rabbimiz Isoning yoʻlida sizlarga yetakchilik qilayotgan, yoʻl–yoʻriq koʻrsatayotganlarni hurmat qiling. 13Qilayotgan ishlari uchun ularni sevib, eʼzozlang. Bir–biringiz bilan tinch–totuv yashang. 14Ey birodarlar, sizlardan oʻtinib soʻraymiz: ishyoqmaslarni ogohlantiring, jurʼatsizlarga dalda bering, zaiflarga yordam koʻrsating, hammaga sabr–toqatli boʻling. 15Hech biringiz yomonlikka yomonlik qaytarmang, balki har doim bir–biringizga va hammaga yaxshilik qilishga intiling.

16Hamisha xursand boʻlib yuringlar. 17Tinmay ibodat qilinglar. 18Har qanday sharoitda ham Xudoga shukur qilinglar, chunki sizlar, yaʼni Iso Masihga imon keltirganlar uchun Xudoning irodasi shudir.

19Muqaddas Ruhning oʻtini soʻndirmanglar. 20Bashoratlarni kamsitmanglar. 21Hammasini tekshirib koʻringlar. Yaxshilikni mahkam tutib, 22har qanday yomonlikdan qochinglar.

23Tinchlik manbai boʻlgan Xudoning Oʻzi sizlarni butunlay poklasin. Rabbimiz Iso Masih kelguncha, butun ruhingiz, joningiz va tanangiz benuqson saqlansin. 24Sizlarni daʼvat qilgan Xudo sadoqatlidir, U har doim Oʻz aytganini bajaradi. 25Birodarlar, biz uchun ibodat qiling. 26Hamma birodarlar bilan oʻpishib koʻrishinglar. 27Rabbimiz nomi bilan sizlarga buyuraman, mana shu xatni barcha birodarlarga oʻqib beringlar. 28Rabbimiz Iso Masihning inoyati sizlarga yor boʻlsin
Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻz oyatga qoʻshimcha qilingan: omin.
.
Copyright information for UznUzbL