‏ Deuteronomy 1

Sinay togʻidagi voqealarning qayd qilinishi

1Mazkur kitobda Musoning Isroil xalqiga aytgan nutqi bayon qilingan. Ushbu nutqini u Iordan daryosining sharq tomonidagi choʻlda
Iordan daryosining sharq tomonidagi choʻlda — ibroniycha matnda Iordan daryosining sharq tomonidagi choʻlda, yaʼni Arabada. Araba umumiy geografik nom boʻlib, bu oyatda Iordan vodiysining bir qismiga, aynan Oʻlik dengizning shimolidagi yerlarga nisbatan ishlatilgan.
aytgan edi. Bu choʻl Suf degan joyning qarshisida joylashgan boʻlib, uning bir tomonida Poron shahri, qarama–qarshi tomonida Tofal, Lobon, Xazeroʻt va Dizaxab
…Suf…Poron…Tofal, Lobon, Xazeroʻt va Dizaxab… — bu joylarning qayerda joylashgani aniq maʼlum emas.
shaharlari bor edi.
2(Sinay togʻidan
Sinay togʻi — ibroniycha matnda Xorev togʻi, Sinay togʻining yana bir nomi (shu bobning 6, 19–oyatlarida ham bor).
Kadesh–Barnagacha Seir togʻlari boʻylab
…Seir togʻlari boʻylab… — Edom yurtining gʻarb tomonidan oʻtgan yoʻlga ishora.
oʻn bir kunlik yoʻldir
…oʻn bir kunlik yoʻldir — Isroil xalqi Xudoga qarshi bosh koʻtargani uchun, Kadesh–Barnadan Kanʼon yurtiga oʻn bir kunda emas, balki qirq yildan keyin kirdi (shu bobning 3-40–oyatlariga qarang).
.)
3Isroil xalqi Misrdan chiqqandan keyin, qirqinchi yilning oʻn birinchi oyi
oʻn birinchi oy — ibroniy kalendarining Shebat oyi nazarda tutilgan. Hozirgi kalendarga koʻra, bu oy taxminan yanvarning oʻrtasidan boshlanadi.
birinchi kunida Muso ularga Egamizning amr etgan soʻzlarini aytdi.
4Bundan oldin u Xashbonda hukmronlik qilgan Amor xalqining shohi Sixoʻnni hamda Ashtaroʻt va Edrey shaharlarida hukmronlik qilgan Bashan shohi Oʻgni magʻlub qilgan edi. 5Iordanning sharq tomonida, Moʻab yurtida Muso bu qonunlarni Isroil xalqiga quyidagicha tushuntira boshladi:

6Egamiz Xudo Sinay togʻida bizga shunday dedi: “Bu togʻda ancha vaqt turib qoldingizlar. 7Endi yoʻlga tushinglar, Amor xalqining qirlariga va ularga qoʻshni boʻlgan Kanʼon xalqining yurtiga boringlar. Bu oʻlkaga Iordan vodiysi
Iordan vodiysi — ibroniycha matnda Araba. Araba umumiy geografik nom boʻlib, bu oyatda Iordan vodiysiga nisbatan ishlatilgan.
, qirlar, gʻarbdagi qir etaklari, Nagav choʻli
Nagav choʻli — hozirgi Isroilning janubida, Oʻlik dengizning janubi–gʻarbida joylashgan yerlar.
, Oʻrta yer dengizining qirgʻogʻi, Lubnon va buyuk Furot daryosigacha boʻlgan yerlar kiradi.
8Mana shu yerlarni sizlarga beryapman. Boringlar, oʻsha yurtni mulk qilib olinglar. Men, Egangiz, bu yerlarni ota–bobolaringiz Ibrohim, Isʼhoq va Yoqubga hamda ularning avlodlariga beraman, deb ont ichganman.”

Muso hakamlarni tayinlaydi

9Biz Sinay togʻida turgan paytimizda men sizlarga shunday degan edim: “Bir oʻzim ogʻirligingizni koʻtara olmayman. 10Egangiz Xudo sizlarni koʻpaytirdi. Mana, bugun sizlar osmondagi yulduzlarday son–sanoqsiz boʻldingiz. 11Ota–bobolaringizning Xudosi — Egangiz Oʻz vaʼdasiga muvofiq sizlarni yana ming karra koʻpaytirsin, sizlarga baraka bersin. 12Bir oʻzim sizning ogʻirligingizni, muammolaru janjallaringizni koʻtara olarmidim?! 13Endi har bir qabilangizdan dono, aql–idrokli va obroʻli kishilarni tanlab olinglar. Men oʻsha odamlarni sizlarga yoʻlboshchilar qilaman.”

14Sizlar menga: “Rejangiz yaxshi”, deb javob berdingizlar.

15Shunda men dono va obroʻli qabila yoʻlboshchilaringizni ustingizdan nazoratchi qilib tayinladim. Ularga mingboshi, yuzboshi, ellikboshi, oʻnboshi va turli nazoratchilar vazifalarini boʻlib berdim. 16Oʻsha vaqtda hakamlaringizga shunday deb buyurgan edim: “Birodarlaringiz orasidagi muammolarga yaxshilab quloq soling. Hukmingiz toʻgʻri boʻlsin, Isroil xalqi orasidagi muammolarni hamda qondoshingiz bilan musofir orasidagi muammolarni toʻgʻri hukm qiling. 17Hukmda tarafkashlik qilmang. Kattaga ham, kichikka ham birday quloq soling. Odamlardan qoʻrqmang, chunki hukm Xudonikidir. Oʻzingiz yecha olmagan masalalarni menga olib keling, ularni oʻzim yechaman.”

18Qilishingiz lozim boʻlgan hammasini oʻshanda sizlarga aytdim.

Isroil xalqi Kanʼon yurtiga aygʻoqchilarni yuboradi

19Keyin Egamiz Xudo buyurganiday biz Sinay togʻidan ketdik. Oʻzlaringiz koʻrgan keng va vahimali sahro orqali Amor xalqining qirlariga boradigan yoʻldan yurib, Kadesh–Barnaga bordik. 20Shundan keyin men sizlarga aytdim: “Mana, Egamiz Xudo bizga berayotgan Amor xalqining qirlariga yetib keldik. 21Qaranglar, mana shu yerlarning hammasini Egangiz Xudo sizlarga berdi. Qani, endi boringlar, ota–bobolaringizning Xudosi — Egangizning vaʼdasiga muvofiq oʻsha yerni qoʻlga kiritinglar. Qoʻrqmanglar, vahimaga tushmanglar.”

22Sizlar hammangiz oldimga kelib aytdingizlar: “Bormasimizdan oldin odamlar yuboraylik. Ular oʻsha yurtni tekshirsin. Biz boradigan yoʻl va bosib oladigan shaharlar haqida xabar olib kelishsin.”

23Rejangiz menga maʼqul boʻldi. Orangizdan oʻn ikki kishini, har bir qabiladan bittadan odamni tanlab oldim. 24Ular qirlarga chiqdilar, Eshkoʻl
Eshkoʻl — ibroniychadagi maʼnosi bir bosh uzum.
vodiysigacha yetib borib, oʻsha yurtni tekshirdilar.
25U yurtning mevalaridan bizga olib keldilar. “Egamiz Xudo bizga bergan yurt yaxshi ekan”, deb aytdilar.

26Lekin sizlar bu yurtga borishdan bosh tortdingizlar, Egangiz Xudoning amriga qarshi chiqdingizlar. 27Chodirlaringizda mingʻirlab shunday dedingiz: “Egamiz bizni yomon koʻradi. U bizni Amor xalqining qoʻliga berib, oʻldirish uchun Misrdan olib chiqdi. 28Qayerga ketyapmiz oʻzi?! Birodarlarimiz yuragimizni yorib boʻldi–ku! U yerdagi odamlar bizdan kuchliroq, boʻylari ham balandroq ekanini aytishdi. Ularning ulkan shaharlari osmonoʻpar devorlar bilan oʻralgan ekan! U yerda hatto Onoq avlodini
Onoq avlodi — Isroil xalqidan avval Kanʼonda yashagan, gavdasi ulkan, kuchli jangchilari bilan mashhur boʻlgan xalq (2:10-11, 20-21, 9:1-2 va Sahroda 13:33-34 ga qarang)
ham koʻrishgan ekan.”

29Shunda men sizlarga dedim: “Vahimaga tushmanglar, ulardan qoʻrqmanglar. 30Egangiz Xudoning Oʻzi oldingizda yuradi. Koʻzingiz oldida Misrda jang qilganday, sizlar uchun jang qiladi. 31Egangiz Xudo sizlarga sahroda gʻamxoʻrlik qilganini oʻzingiz koʻrdingiz. U sizlarni shu yergacha, xuddi ota oʻgʻlini opichlaganday, butun yoʻl boʻyi koʻtarib keldi. 32Shunda ham sizlar Egangiz Xudoga ishonmayapsiz. 33U esa qarorgoh qurishingiz uchun joy qidirib, oldingizda yurardi. Yuradigan yoʻlingizni koʻrsatib, kechasi ustun shaklidagi alanga ichida, kunduzi esa ustun shaklidagi bulut ichida borardi
…kechasi ustun shaklidagi alanga ichida, kunduzi esa ustun shaklidagi bulut ichida borardi — Chiqish 40:34-38, Sahroda 9:15-23 ga qarang.
.”

Egamiz Isroil xalqini jazolaydi

34Egamiz noliganingizni eshitib, gʻazablandi. U ont ichib dedi: 35“Men ota–bobolaringizga vaʼda qilgan hosildor yurtga bu qabih naslning birontasi ham kirmaydi. 36Oʻsha yurtni faqat Yafunax oʻgʻli Xolib koʻradi. U Menga sodiq qoldi. Shuning uchun qadami yetgan yerni unga va uning avlodiga beraman.” 37Sizlarni deb Egamiz mendan gʻazablanib
Sizlarni deb Egamiz mendan gʻazablanib… — Sahroda 20:2-13, 27:12-14 ga qarang.
aytdi: “Sen ham u yerga kirmaysan.
38U yurtga yordamching Nun oʻgʻli Yoshua kiradi. Unga dalda ber. Yurtni xalqqa mulk qilib olib beradigan oʻshadir. 39Oʻshanda sizlar, bolalarimiz dushmanlarga oʻlja boʻladi, deb aytgan edingizlar. Bolalaringiz hanuz yaxshi bilan yomonning farqiga bormaydi, ammo yurtga kiradigan oʻshalardir. Men u yurtni bolalaringizga beraman. Ha, ular oʻsha yurtni egallab oladilar. 40Sizlar esa sahroga qaytinglar! Qizil dengizga
Qizil dengiz — ibroniycha matnda Yom–Suf, maʼnosi Qamish dengizi. Bu oyatdagi mana shu nom hozirgi Aqaba qoʻltigʻiga (yaʼni Qizil dengizning shimoli–sharqidagi qoʻltigʻiga) ishora qiladi.
boradigan yoʻldan ketinglar.”

41Egamizning bu gaplaridan keyin, sizlar menga shunday dedingizlar: “Egamizga qarshi gunoh qildik. Endi borib, Egamiz Xudo bizga amr qilganidek, jang qilamiz.” Sizlar, oʻsha qirlarni qoʻlga kiritish oson boʻladi, deb oʻylab, jang qurollaringizni oldingiz.

42Lekin Egamiz menga shunday dedi: “Ularga ayt, borishmasin. Jang qilib yurishmasin. Axir, Men ular bilan boʻlmayman. Aks holda, dushmanlari ularni magʻlub qiladi.” 43Sizlarga shunday desam ham, menga quloq solmadingizlar. Egamizning amriga qarshi chiqib, oʻzboshimchalik bilan qirlarga chiqdingizlar. 44Oʻsha qirlarda yashaydigan Amor xalqi qarshilik koʻrsatib, sizlarni arilar kabi, quvdilar. Sizlarni Seirda
Seir — Edom yurtiga qarashli boʻlgan togʻli yerlar.
tor–mor qildilar. Xoʻrmaxgacha taʼqib qilib, qirib tashladilar.
45Omon qolganingiz qaytib kelib, Egamizga faryod qildingizlar. Lekin Egamiz na nolangizga quloq soldi, na sizlarga eʼtibor berdi.

46Shunday qilib, Kadesh–Barnada ancha turdingiz, birmuncha vaqt u yerda qolib ketdingiz.
Copyright information for UznUzbL