‏ Deuteronomy 12

Kanʼon yurtida rioya qilinadigan qonun–qoidalar

1Ota–bobolaringizning Xudosi — Egangiz sizlarga mulk qilib berayotgan yurtda bajarishingiz lozim boʻlgan farmonlar va qonun–qoidalar quyidagilardan iboratdir. Bularni bitta qoldirmay bajaringlar. 2Sizlar boradigan yurtdagi xalqlar boshqa xudolarga sigʻinadi. Ularning yurtini qoʻlga kiritganingizdan keyin togʻ choʻqqilaridagi, qirlardagi va har bir yashil daraxt ostidagi sajdagohlarini buzib, yoʻq qilinglar. 3Qurbongohlarini buzinglar, butsimon toshlarini parchalab tashlanglar, Asheraga
Ashera — 7:5 izohiga qarang.
atalgan ustunlarni yondiringlar, butlarini chopib tashlab, xudolarining nomini u yerdan yoʻq qilinglar.

Sajda qilish uchun yagona joy

4Sizlarning Egangiz Xudoga sajda qilishingiz oʻsha xalqlarning sajdasiga oʻxshamasin. 5Egangiz Xudo ulugʻlanishi uchun barcha qabilalaringiz orasidan Oʻziga bir joy tanlaydi. Sizlar oʻsha joyda Unga sajda qilinglar. 6U yerga kuydiriladigan va boshqa qurbonliklarni, ushrlaringizni
ushr — har qanday daromadning oʻndan bir qismi. 14:22-29, 26:12-13 ga va Levilar 27:30-33 ga qarang.
, ehsonlaringizni, bergan vaʼdangizga muvofiq qilinadigan nazrlaringizni, koʻngildan chiqarib beradigan qurbonliklaringizni, mol–qoʻylaringizning birinchi tugʻilgan bolalarini
mol–qoʻylaringizning birinchi tugʻilgan bolalari — 15:19-22 ga qarang.
olib boringlar.
7U yerda, Egangiz Xudoning huzurida oilalaringiz bilan yeb, Egangiz Xudo hamma ishingizga bergan barakadan sevininglar.

8U yerda biz hozir qilayotgan ishlarni qila koʻrmanglar. Bu yerda hamma koʻngliga maʼqul kelganini qilyapti. 9Chunki Egangiz Xudo sizga mulk qilib beradigan yerga hali kirmadingiz, osoyishta hayotga erishmadingiz. 10Ammo koʻp oʻtmay sizlar Iordan daryosidan oʻtasizlar, Egangiz Xudo mulk qilib beradigan yurtda joylashasizlar. U dushmanlaringizni yengib, sizlarga har tarafdan osoyishtalik ato qiladi, sizlar xavf–xatarsiz yashaysizlar. 11Shunda Egangiz Xudo Oʻzi ulugʻlanishi uchun tanlaydigan joyga men amr qilgan nazru qurbonliklaringizni olib boringlar. Kuydiriladigan va boshqa qurbonliklaringizni, ushrlaringizni, ehsonlaringizni, bergan vaʼdangizga muvofiq qilinadigan aʼlo nazrlaringizni Egamizga atab, oʻsha yerga olib boringlar. 12Egangiz Xudo huzurida oʻzlaringiz, oʻgʻillaringiz, qizlaringiz, qullaringiz, choʻrilaringiz, shahringizdagi Levi qabilasidan boʻlganlar bilan xursandchilik qilinglar. Chunki levilarning siznikiga oʻxshagan ulushi ham, mulki ham yoʻqdir. 13Ehtiyot boʻlinglar, kuydiriladigan qurbonligingizni duch kelgan joyda qilavermanglar. 14Ularni faqat Egamiz qabilalaringiz orasidan tanlagan joyda qilinglar. Men sizlarga amr qilganning hammasini oʻsha yerda ado etinglar.

15Bordi–yu, goʻsht yemoqchi boʻlsangiz, hayvonni istagan paytingizda, Egangiz Xudo bergan barakaga yarasha, xohlagan shahringizda soʻyib, yeyishingiz mumkin. Odam pok boʻlsa ham, harom boʻlsa ham, kiyik va ohu goʻshtini yeganday, bu goʻshtdan yeyaversin. 16Faqat qonni isteʼmol qilmanglar, uni suvday yerga toʻkib tashlanglar. 17Nazru qurbonliklaringizni shaharlaringizda yemanglar. Doningiz, sharobingiz va zaytun moyingizning oʻndan bir qismini, mol, qoʻyingizning birinchi tugʻilgan bolasini, bergan vaʼdangizga muvofiq qilinadigan nazrlaringizni, koʻngildan chiqarib beradigan qurbonliklaringizni, ehsonlaringizni 18faqat Egangiz Xudo tanlagan joyda yenglar. Bularni Uning huzurida oʻgʻlingiz, qizingiz, qullaringiz, choʻrilaringiz, shahringizdagi levilar bilan birga yeb, Egangiz Xudo ishingizga bergan barakadan sevininglar. 19Yurtingizda yashar ekansiz, ehtiyot boʻlinglar, levilarni unutib qoʻymanglar.

20Egangiz Xudo sizlarga bergan vaʼdaga koʻra, yerlaringizni kengaytiradi. Shunda koʻnglingiz goʻshtni tusab: “Goʻsht yegim kelyapti”, deb aytsangiz, xohlaganingizcha goʻsht yeysiz. 21Egangiz Xudo Oʻzi ulugʻlanishi uchun tanlaydigan joy sizlar turgan joydan uzoqda boʻlsa, men buyurganimday, U sizlarga bergan mol yoki qoʻylardan soʻyib, shahringizda xohlaganingizcha goʻsht yesangiz boʻladi. 22Pok yoki harom odam bu goʻshtni ohu yoki kiyik goʻshtini yeganday tanovul qilaversin
Pok yoki harom odam bu goʻshtni…tanovul qilaversin — odatda goʻsht muqaddas taom sifatida tanovul qilinardi va faqat sajda uchun poklangan odamlargina bunday goʻshtdan yeyishlari mumkin edi. Muqaddas taom tarkibiga kirmagan goʻshtni esa har qanday odam poklanmasdan turib yeyishi mumkin edi.
.
23Qonni esa aslo isteʼmol qilmanglar, chunki qon jondir, jonni goʻsht bilan birga yemanglar. 24Qonni isteʼmol qilmay, suv singari, yerga toʻkib tashlanglar. 25Sizlar ham, farzandlaringiz ham, qonni isteʼmol qilmanglar, shunda baxtiyor boʻlasizlar. Egamizning oldida maʼqul ish qilgan boʻlasizlar. 26Egamizga atagan ehsonlaringizni va vaʼda qilgan nazrlaringizni U tanlagan joyga olib boringlar. 27Kuydiriladigan qurbonliklaringizni, ularning qonini, goʻshtini Egangiz Xudoning qurbongohida keltiringlar. Boshqa qurbonliklaringizning qonini ham Egangiz Xudoning qurbongohi yoniga toʻkinglar, goʻshtini esa yesangiz boʻladi. 28Men berayotgan bu amrlarni bitta qoldirmay bajaringlar. Shunda oʻzlaringiz ham, sizlardan keyingi farzandlaringiz ham to abad baxtli boʻlasizlar. Negaki, Egangiz Xudoning oldida toʻgʻri, yaxshi ishlarni qilgan boʻlasizlar.

Butparastlikka qarshi ogohlantirish

29Sizlar yurtga kirib, u yerning xalqlariga hujum qilganingizda, Egangiz Xudo ularni yoʻq qiladi. Sizlar ularning yerlariga joylashasizlar. 30Shunda ehtiyot boʻlinglar, ularning udumlarini qilib, tuzoqqa tushib qolmanglar. “Bu xalqlar xudolariga qanday xizmat qilgan ekan–a?! Men ham ularday qilaman”, deb ularning xudolari haqida surishtirmanglar. 31Ularga xos usul bilan Egangiz Xudoga sigʻinmanglar. Axir, ular oʻz xudolariga sigʻinganlarida jirkanch ishlar qiladilar, Egamiz esa bunday ishlardan nafratlanadi. Ular hatto oʻgʻil–qizlarini xudolariga qurbonlik qilib, olovda yondiradilar.

32Men sizlarga bergan amrlarni bitta qoldirmay bajaringlar. Bu amrlarga hech narsa qoʻshmanglar ham, olib tashlamanglar ham.
Copyright information for UznUzbL