‏ Deuteronomy 21

Qotil topilmaganda koʻriladigan choralar

1Egangiz Xudo sizlarga mulk qilib berayotgan yurtning biror dalasida odam jasadi topilsa va uni kim oʻldirgani nomaʼlum boʻlsa, 2oqsoqollar va hakamlar murda bilan atrofdagi shaharlar oraligʻidagi masofani oʻlchashsin. 3Murdaga eng yaqin shaharning oqsoqollari hali qoʻshga qoʻshilmagan, boʻyinturuq solinmagan gʻunajinni olishsin. 4Shahar oqsoqollari yerga ishlov berilmagan, urugʻ ekilmagan, suv oqib turadigan soylikka bu gʻunajinni olib borishsin. Oʻsha soylikda gʻunajinning boʻynini sindirishsin. 5Levi ruhoniylari bu yerga kelishsin. Egangiz Xudo “Levi nasli Menga xizmat qilsin, Mening nomim bilan xalqni duo qilsin”, deb ularni tanlagan. Barcha janjalli ishlar va zoʻravonlik masalalari ularning soʻzi bilan hal qilinadi. 6Murdaga eng yaqin boʻlgan shaharning oqsoqollari soylikda boʻyni sindirilgan gʻunajinning tepasida qoʻllarini yuvishsin. 7Keyin ular shunday desin: “Bu odamning qonini bizning qoʻllarimiz toʻkkani yoʻq. Kim qilganini koʻzlarimiz koʻrgani yoʻq. 8Ey Egamiz! Oʻzing Misrdan ozod qilgan xalqing Isroilni kechirgin, xalqing Isroilni toʻkilgan aybsiz qonga javobgar qilmagin.” Shundan soʻng ular toʻkilgan qonga javobgarlikdan xoli boʻladilar. 9Shunday qilsangizlar, Egamizning oldida toʻgʻri ish qilgan boʻlasizlar, aybsizning qonidan oʻzingizni tozalaysizlar.

Asiralar haqida

10Egangiz Xudo jangda dushmanlaringizni sizlarga magʻlub etganda, ularni asirga olganingizda, 11asirlar orasida chiroyli bir ayolni koʻrib, uni sevib qolganingizdan unga uylanmoqchi boʻlsangiz, 12uni uyingizga olib keling. Oʻsha ayol sochini qirib tashlasin, tirnoqlarini olsin. 13Asirlikda kiygan kiyimlarini almashtirsin. Bir oy davomida ota–onasi uchun aza tutib, uyingizda yashasin. Shundan keyin siz u ayolning oldiga kira olasiz, siz uning eri, u esa sizning xotiningiz boʻladi. 14Agar oʻsha ayol sizga yoqmay qolsa, uni ozod qiling. Uni sotmang, unga qulday munosabatda boʻlmang, chunki uni xotiningiz boʻlishga majbur qilgansiz.

Toʻngʻich oʻgʻilning merosi

15Agar birortasining ikkita xotini boʻlsa–yu, birini yaxshi koʻrib, ikkinchisini yaxshi koʻrmasa, ikkalasi ham unga oʻgʻil tugʻib bersa, toʻngʻichi yaxshi koʻrmagan xotinining oʻgʻli boʻlsa, 16oʻgʻillariga meros boʻlib berayotganda, yaxshi koʻrgan xotinning oʻgʻlini ustun qoʻymasin, unga toʻngʻich oʻgʻil huquqini bermasin. 17Yaxshi koʻrmagan xotinning oʻgʻlini toʻngʻich deb tan olsin, unga mol–dunyosidan ikki hissa meros bersin. Chunki oʻsha oʻgʻil otasi qudratining ilk hosilidir. Toʻngʻichlik huquqi oʻsha oʻgʻilga tegishlidir.

Itoatsiz oʻgʻil

18Agar birortasining oʻgʻli ota–onasining gapiga quloq solmaydigan, oʻjar va itoatsiz boʻlsa, uni jazolaganlarida ham gaplariga kirmasa, 19ota–onasi u oʻgʻilni shahar darvozasida xizmat qiladigan shahar oqsoqollari oldiga olib kelsin. 20Ota–onasi oqsoqollarga: “Bu oʻgʻlimiz oʻjar va itoatsizdir. U bizning gapimizga quloq solmaydi. U ochkoʻz va mayxoʻrdir”, desin. 21Shundan keyin shahar erkaklari oʻsha yigitni toshboʻron qilib oʻldirsin. Shunday qilib, orangizdan yomonlikni yoʻq qilinglar. Butun Isroil xalqi bu voqeani eshitib, qoʻrqadi.

Jinoyatchining jasadi

22Agar birortasi oʻlim hukmiga loyiq gunoh qilsa, sizlar uni oʻldirib, jasadini tik oʻrnatilgan xodaning uchiga qoqsangiz, 23oʻsha jasad kechasi bilan xodada osigʻliq qolmasin. Uni oʻsha kuniyoq dafn qilinglar, chunki yogʻochga qoqilgan odam Xudo tomonidan laʼnatlangandir. Egangiz Xudo sizga mulk qilib berayotgan yurtni harom qilmanglar.
Copyright information for UznUzbL