‏ Deuteronomy 24

Ajralish va qaytadan turmush qurish

1Agar biror kishi uylansa–yu, keyinchalik xotinidan birorta uyatli qiliq topib, uni yoqtirmay qolsa, uning qoʻliga taloq xati yozib berib, uyidan chiqarib yuborishi mumkin. 2Ayol erining uyidan ketib, boshqa erga tegsa–yu, 3bu eri ham uni yoqtirmay qolsa, ayolning qoʻliga taloq xati yozib berib, uyidan chiqarib yuborsa yoki ayolning keyingi eri oʻlib qolsa, 4birinchi eri ayolga qaytadan uylanishi mumkin emas. Chunki u ayol harom boʻldi. Bunday qilmishdan Egamiz jirkanadi. Egangiz Xudo sizlarga mulk qilib berayotgan yurtni bulgʻamang.

Har xil qonunlar

5Yangi uylangan odam urushga bormasin, shunga oʻxshash majburiyat unga yuklanmasin. U bir yil davomida erkin boʻlib, xotinini uyda baxtli qilsin.

6Hech kim tegirmonni yoki tegirmon toshini garovga olmasin. Shunday qilsa, u hayotni garovga olganday boʻladi.

7Agar birortasi Isroil xalqidan boʻlgan birodarini oʻgʻirlab, uni qul qilib olgani yoki sotgani maʼlum boʻlsa, bunday oʻgʻri oʻldirilsin. Shu tariqa orangizdan yomonlikni yoʻq qilinglar.

8Teri kasalligidan
Teri kasalligi — bu ibora ibroniychada har xil teri kasalliklariga nisbatan ishlatilgan soʻzning tarjimasidir. Odatda bu ibora moxov kasalligiga ishora deb tushuniladi. Teri kasalliklaridan birortasiga yoʻliqqan kishi harom hisoblanar edi. Xasta odam kasalligini boshqalarga yuqtirmasligi va ularni harom qilmasligi uchun, boshqalardan ajratib qoʻyilar edi (Levilar 13:45-46 ga qarang).
ehtiyot boʻlinglar. Men levi ruhoniylariga bergan amrlarimni bitta qoldirmay bajaringlar.
9Misrdan chiqqanlaringizdan keyin, Egangiz Xudo yoʻlda Maryamni nima qilganini
…Egangiz Xudo yoʻlda Maryamni nima qilganini… — Sahroda 12:1-15 ga qarang.
esingizda tutinglar.

10Birovga biror narsani qarzga berganingizda, garov olgani uning uyiga kirmang. 11Tashqarida kutib turing. Siz qarz berayotgan odamning oʻzi sizga garovni koʻchaga olib chiqib bersin. 12Agar u kambagʻal boʻlsa, uning kiyimini garovga olib, uxlagani yotmang. 13Quyosh botayotganda undan olgan garovni qaytarib bering. U oʻzining kiyimini kiyib uxlasin, sizni duo qilsin. Bu bilan siz Egangiz Xudoning nazarida toʻgʻri ish qilgan boʻlasiz.

14Kambagʻal, muhtoj mardikorning ish haqini ushlab qolmang. U Isroil xalqidan boʻladimi yoki shahringizga kelgan musofir boʻladimi, bunday qilmang. 15U kambagʻaldir, tirikchiligi mana shu ish haqiga bogʻliq. Shuning uchun har kuni, quyosh botmasdan oldin unga haqini bering. Aks holda, birodaringiz Egamizga sizdan noliydi, natijada siz gunoh orttirib olasiz.

16Otalar farzandlarining gunohi uchun oʻldirilmasin. Farzandlar otalarining gunohi uchun oʻldirilmasin. Har kim oʻz gunohi uchun oʻzi oʻlim jazosini olsin.

17Musofir va yetimga nohaqlik qilmang, bevaning kiyimini garovga olmang. 18Oʻzlaringiz ham Misrda qul boʻlganingizni, Egangiz Xudo sizlarni ozod qilib, u yerdan olib chiqqanini yodingizda tuting. Shuning uchun ham men sizlarga shunday qilinglar, deb buyuryapman.

19Dalangiz hosilini oʻrganingizda, biron bogʻlam esingizdan chiqib qolsa, shu bogʻlamni olib kelgani qaytib bormang. Oʻsha bogʻlam musofirlarga, yetim va bevalarga qolsin. Shunda Egangiz Xudo qiladigan har bir ishingizga baraka beradi. 20Zaytun daraxtingiz mevasini qoqib olganingizdan keyin, qolgan–qutganiga tegmang. Ularni musofirlarga, yetim va bevalarga qoldiring. 21Uzumzoringiz hosilini yiqqaningizda, toklarda qolib ketgan uzum boshlarini yigʻib olmang. Ularni musofir, yetim va bevalarga qoldiring. 22Misrda qul boʻlganingizni esingizdan chiqarmang. Shuning uchun ham men sizlarga shunday qilinglar, deb buyuryapman.
Copyright information for UznUzbL