‏ Deuteronomy 4

Muso Isroil xalqini Xudoga itoat qilishga undaydi

1Endi, ey Isroil, men sizlarga farmonlar va qonun–qoidalarni oʻrgataman. Ularga rioya qilinglar. Shunda yashaysizlar, ota–bobolaringizning Xudosi — Egangiz sizlarga berayotgan yerni mulk qilib olasizlar. 2Men sizlarga aytayotgan amrlarga hech narsa qoʻshmanglar, hech narsa olib ham tashlamanglar. Men sizlarga berayotgan Egangiz Xudoning amrlariga rioya qilinglar. 3Egamiz Piyor togʻida nimalar qilganini
Egamiz Piyor togʻida nimalar qilganini… — Sahroda 25:1-9 ga qarang.
oʻz koʻzlaringiz bilan koʻrdingizlar. Piyordagi Baalga sajda qilgan hammani Egangiz Xudo yoʻq qilgan edi.
4Egangiz Xudoga sodiq boʻlganlar esa bugun ham tirikdir.

5Egam Xudo amr qilganday, sizlarga farmonlarni va qonun–qoidalarni oʻrgatdim. Mulk qilib olayotgan oʻsha yurtda bularga rioya qilinglar. 6Mana shu farmonlar va qonun–qoidalarni bitta qoldirmay bajaringlar, toki sizlarning aql–idrokingizni boshqa xalqlar koʻrsin. Ular bu qonunlar haqida eshitib: “Ha, haqiqatan bu buyuk xalq dono, aql–idroklidir”, deb aytsin.

7Egamiz Xudoga har safar iltijo qilganimizda U bizga yaqindir. Qaysi buyuk xalqning shunday xudosi bor?! 8Bugun men sizlarga farmonlar va qonun–qoidalar beryapman. Qaysi buyuk xalqning shunday adolatli qonun–qoidalari bor?! 9Faqat hushyor boʻlinglar. Koʻzlaringiz bilan koʻrganlaringizni unutmay, bir umr yuragingizda saqlanglar. Bularni oʻgʻillaringizga, nevara–chevaralaringizga ham aytib beringlar. 10Sizlar Sinay togʻida
Sinay togʻi — ibroniycha matnda Xorev togʻi, Sinay togʻining yana bir nomi (shu bobning 15–oyatida ham bor).
, Egangiz Xudo oldida turgan kuningizni eslanglar. Oʻsha kuni Egamiz menga aytgandi: “Mening huzurimga xalqni yigʻ. Ular soʻzlarimni eshitib, yer yuzida butun umrlari davomida Mendan qoʻrqishni oʻrgansinlar, bolalariga ham oʻrgatsinlar.”

11Sizlar yaqin kelib, togʻning etagida turdingizlar. Togʻ esa osmongacha koʻtarilgan olovga burkanib, qop–qora bulutlar bilan qoplangan edi. 12Egamiz olov ichidan sizlarga gapirdi. Sizlar Uning soʻzlarini eshitdingizlar, qiyofasini esa koʻrmadingizlar. Faqat Egamizning ovozi eshitilar edi, xolos. 13U Oʻz ahdini sizlarga ayon qilib, bu ahdni — oʻnta amrni bajaringlar, deb farmon berdi. Egamiz ularni ikki tosh lavhaga yozdi. 14Iordanni kechib, mulk qilib oladigan yurtda bajarishingiz kerak boʻlgan farmonlar va qonun–qoidalarni men sizlarga oʻrgatishimni Egamiz buyurdi.

Butparastlik haqida ogohlantirish

15Sinay togʻida Egamiz olov ichidan sizlarga gapirganda, sizlar biron qiyofa koʻrmadingizlar. Shuning uchun ehtiyot boʻlinglar. 16Yana yoʻldan ozib, oʻzingizga erkak yo ayol qiyofasidagi butni, 17yerda yashaydigan jonivor yo osmonda uchib yuruvchi qush qiyofasidagi butni, 18yerda sudralib yuruvchi jonivor yoki suvdagi baliq qiyofasidagi hech qanday butni yasamanglar. 19Shuningdek, osmonga qarab, quyosh, oy va yulduzlarni, jamiki samoviy jismlarni koʻrib vasvasaga tushmanglar, ularga sigʻinmanglar, xizmat qilmanglar. Axir, Egamiz Xudo bularni dunyoda yashovchi barcha xalqlar uchun berdi. 20Sizlarni esa Egamiz Oʻzi uchun tanlab oldi. Bugungiday Uning xalqi boʻlishingiz uchun sizlarni Misrdan — temir oʻchoq ichidan olib chiqdi. 21Egamiz sizlarning dastingizdan mendan gʻazablandi
Egamiz sizlarning dastingizdan mendan gʻazablandi… — Sahroda 20:2-13, 27:12-14 ga qarang.
: “Men Isroil xalqiga mulk qilib beradigan Iordanning narigi tomonidagi oʻsha hosildor yurtga sen kirmaysan”, — deb qasam ichdi.
22Men Iordanning narigi tomoniga oʻtolmayman, mana shu yerda vafot etaman. Sizlar esa Iordandan oʻtib, oʻsha hosildor yurtni mulk qilib olasizlar. 23Shunday ekan, ehtiyot boʻlinglar, Egangiz Xudo sizlar bilan qilgan ahdni esdan chiqarmanglar. U taqiqlagan qiyofadagi birorta butni oʻzlaringizga yasamanglar. 24Axir, Egangiz Xudo yamlamay yutadigan olovdir, U rashkchi Xudodir
…U rashkchi Xudodir — Chiqish 34:13-14 ga qarang.
.

25Oʻsha yurtda koʻp yashaysizlar, bolalaringiz, nabiralaringiz tugʻiladi. Agar oʻshanda yoʻldan ozsangiz, Egangiz Xudoning oldida qabihlik qilib, oʻzingizga turli qiyofadagi butlarni yasasangiz, U gʻazablanadi. 26Bugun sizlarga qarshi yeru osmonni guvoh qilaman: agar menga itoatsizlik qilsangiz, yurtdan tez orada butunlay qirilib ketasizlar. Iordanni kechib, mulk qilib oladigan yurtda uzoq yashamaysizlar. Bittangiz qolmay halok boʻlasizlar. 27Egamiz sizlarni boshqa xalqlarning orasiga tarqatib yuboradi. Oʻsha xalqlar orasida ayrimlaringiz omon qolasizlar. 28U yerda inson qoʻli bilan yasalgan yogʻoch va tosh xudolarga xizmat qilasizlar. U xudolar koʻrolmaydi, eshitolmaydi, ovqat yeya olmaydi, hid bilmaydi. 29Ammo u yerda Egangiz Xudoga yuz bursangiz, butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan Uni izlasangiz, topasizlar. 30Kulfatda qolganingizda, boshingizga koʻrgiliklar tushganda, oxiri Egangiz Xudoga qaytasizlar, Uning soʻziga quloq solasizlar. 31Oʻshanda U sizlarni tark etmaydi, yoʻq qilmaydi, ota–bobolaringiz bilan qasam ichib qilgan ahdini unutmaydi. Egangiz Xudo rahmdil Xudodir.

32Endi sizlar dunyoga kelmasdan oldingi uzoq oʻtmishni, Xudo yer yuzida odamni yaratgan davrdan shu kungacha boʻlgan davrni surishtirib koʻringlar. Dunyoning bu chetidan u chetigacha soʻranglar–chi, shu qadar muhim voqea boʻlganmi yoki shunga oʻxshash narsa haqida birortasi eshitganmi?! 33Sizlarga oʻxshab olov ichidan gapirgan Xudoning ovozini eshitib, tirik qolgan birorta xalq bormi?! 34Egangiz Xudo sizlar uchun Misrda nimalar qilganini oʻz koʻzingiz bilan koʻrdingiz. Qaysi xudo sinovlar, alomatu moʻjizalar orqali, urush, qudratiyu ajoyibotlari va dahshatli voqealar orqali bir xalqni Oʻzi uchun boshqa xalq orasidan olib chiqqan?! 35“Egamiz Xudodir, Undan boshqa Xudo yoʻq”, deb anglashingiz uchun bu voqealar sizlarga ayon qilingan. 36U sizlarga yoʻl–yoʻriq koʻrsatish uchun samodan ovoz berdi. Yer yuzida olov ustuni orqali sizlarga zohir boʻldi. Sizlar oʻsha buyuk olov ichidan Uning ovozini eshitdingizlar. 37Egamiz Xudo ota–bobolaringizni sevar edi. Shuning uchun oʻzlaridan keyin ularning avlodlarini tanladi. Egamiz zohir boʻlib, Oʻzining buyuk qudrati bilan sizlarni Misrdan olib chiqdi. 38Egamiz sizlardan kattaroq va kuchliroq xalqlarni oldingizdan haydab, ularning yurtiga sizlarni kiritmoqchi edi, xuddi bugungiday, mulk qilib oladigan yerlaringizni sizlarga bermoqchi edi.

39Egamiz yeru samodagi Xudodir, Undan boshqa Xudo yoʻqdir. Shuni bugun tan olib, doimo yuragingizda saqlang.

40Bugun men sizlarga Egamizning farmonlari va amrlarini aytyapman, shularga rioya qilinglar. Shunda oʻzlaringiz ham, naslingiz ham farovon hayot kechirasizlar. Egangiz Xudo abadiy qilib berayotgan oʻsha yurtda uzoq yashaysizlar.

Iordanning sharqidagi panoh shaharlar

41Shundan keyin Muso Iordan daryosining sharq tomonida uchta shaharni ajratdi. 42Agar kimdir bironta odamni bexosdan, adovat qilmay oʻldirgan boʻlsa, oʻsha shaharlardan biriga qochib borib, jonini qutqarishi mumkin
…oʻsha shaharlardan biriga qochib borib, jonini qutqarishi mumkin — 19:1-13 ga qarang.
.
43Bu shaharlar quyidagilar edi: Ruben qabilasi uchun yassi tepalikdagi Bazer shahri, Gad qabilasi uchun Giladdagi Ramoʻt shahri, Manashe qabilasi uchun Bashandagi Goʻlon shahri.

Muso Isroil xalqiga qonunlarni bayon qila boshlaydi

44Muso Isroil xalqiga quyidagi qonunlarni berdi. 45Isroil xalqi Misrdan chiqqandan keyin, Muso shu shartlar, farmonlar va qonun–qoidalarni aytdi. 46Muso bularni Iordan daryosining sharqiy qirgʻogʻida, Bayt–Piyor roʻparasidagi vodiyda bayon qildi. Bu yer ilgari Xashbonda hukmronlik qilgan Amor xalqining shohi Sixoʻnga qarashli edi. Muso bilan Isroil xalqi Misrdan chiqqanlarida, Sixoʻnni magʻlub qilgan edilar. 47Isroil xalqi Iordan daryosining sharqida yashagan ikkala Amor shohining yurtlarini, yaʼni shoh Sixoʻnning va Bashan shohi Oʻgning yurtini bosib olgan edi. 48Bu joylar Arnon soyligi etagidagi Aror shahridan Siriyon
Siriyon — ibroniycha matnda bu nomning boshqa varianti Siyon. Uning Siriyon degan shakli 3:9 dan olingan.
togʻigacha, yaʼni Xermon togʻigacha choʻzilgan edi.
49Shuningdek, Fisgax togʻ tizmasining etagidagi Oʻlik dengizgacha choʻzilib, Iordan daryosining sharq tomonidagi butun Iordan vodiysini
…Oʻlik dengiz…Iordan vodiysi… — ibroniycha matnda …Araba dengizi…Araba…. Araba umumiy geografik nom boʻlib, bu oyatda Oʻlik dengiz joylashgan choʻlni hamda Oʻlik dengizning shimolidagi Iordan vodiysini bildiradi.
ham oʻz ichiga olgan edi.
Copyright information for UznUzbL