‏ Deuteronomy 8

Yaxshi yurt haqida

1Bugun men sizlarga berayotgan amrlarni bitta qoldirmay bajaringlar, shunda yashaysizlar, koʻpayasizlar. Egamiz ota–bobolaringizga qasam ichib, beraman, deb vaʼda qilgan yurtga kirasizlar. Oʻsha yurtni mulk qilib olasizlar. 2Egangiz Xudo qirq yil davomida sizni sahrodan olib yurdi, oʻsha uzoq safarni yodingizda tutinglar. Egamiz yuragingizda nima borligini, Uning amrlarini bajarishingizni yoki bajarmasligingizni bilishi uchun sizlarni qiyinchiliklarga duchor qilib, sinadi. 3U sizlarni och qoldirdi, soʻng oʻzlaringiz koʻrmagan, ota–bobolaringiz ham koʻrmagan manna
manna — Xudo Isroil xalqiga qirq yil davomida sahroda yetkazib turgan maxsus yegulik. Manna, Shabbat kunidan tashqari, har kuni kechasi yerga yogʻilardi, odamlar saharda turib, uni yigʻib olishardi. Soʻng uni yanchib, non yopishardi yoki qaynatib ovqat tayyorlashardi (Chiqish 16:13-35, Sahroda 11:7-9 ga qarang).
bilan qorningizni toʻydirdi. U sizlarga inson faqat non bilan emas, balki Egamizning ogʻzidan chiqqan har bir soʻz bilan hayot ekanini oʻrgatish uchun shunday qildi.
4Mana shu qirq yil davomida kiyimlaringiz eskirib ketmadi, oyogʻingiz ham shishmadi. 5Endi shuni bilinglarki, inson farzandini qanday tarbiyalasa, Egangiz Xudo ham sizlarni shunday tarbiyalaydi. 6Egangiz Xudoning amrlariga rioya qilinglar. U koʻrsatgan yoʻldan yuringlar. Undan qoʻrqinglar. 7U sizlarni hosildor yurtga olib boradi, u yerda irmoqlar, buloqlar, vodiy va qirlarda yer ostidan chiqadigan suvlar bor. 8Bugʻdoy, arpa, uzum, anjir, anor, zaytun moyi va asal oʻsha yurtda moʻldir. 9U yerda toʻyib non yeysizlar, hech narsaga muhtoj boʻlmaysizlar. U yer shunday bir yurtki, qoyalardan temir, qirlaridan mis chiqarasizlar. 10Oʻsha yerda yeb toʻyganingizda, sizlarga bergan hosildor yurt uchun Egangiz Xudoni olqishlanglar.

Egamizni unutmaslik haqida ogohlantirish

11Hushyor boʻlinglar, men bugun sizlarga aytayotgan Egamizning amrlarini, farmonlar va qonun–qoidalarini bajarmay qoʻymanglar. Egangiz Xudoni esingizdan chiqarmanglar. 12Yeb toʻyganingizda, chiroyli uylar qurib joylashganingizda, 13mol, qoʻylaringiz, oltin–kumushingiz va barcha mulkingiz koʻpayganda, 14gerdayib ketmanglar. Sizlarni Misrdagi qullikdan olib chiqqan Egangiz Xudoni esingizdan chiqarmanglar. 15U sizlarni zaharli ilonlar, chayonlarga toʻla oʻsha bahaybat va qoʻrqinchli sahrodan, suvsiz, taqir joylardan olib oʻtdi. U yerda sizlar uchun qoyadan suv chiqardi
…qoyadan suv chiqardi — Chiqish 17:1-7 va Sahroda 20:2-11 ga qarang.
.
16Ota–bobolaringiz bilmagan manna bilan sahroda qorningizni toʻygʻizdi. Oqibatda sizlarga yaxshilik keltirish uchun sizlarni qiyinchiliklarga duchor qilib, sinadi. 17Xayolingizda: “Oʻz kuch–qudratim bilan mana shu boylikni topdim”, demanglar. 18Ammo Egangiz Xudoni doimo yodingizda tutinglar. Zero, boylikni topishga kuch bergan Egangizdir. Shunday qilib, U ota–bobolaringiz bilan qasam ichib, qilgan ahdini bugun bajarmoqda. 19Bugun men sizlarni jiddiy ogohlantiryapman. Agar Egangiz Xudoni unutib boshqa xudolarga ergashsangizlar, ularga xizmat qilib, sigʻinsangizlar, sizlar albatta yoʻq boʻlasizlar. 20Egangiz Xudo boshqa xalqlarni oldingizdan yoʻq qilgani kabi, Uning amrlariga quloq solmaganingiz uchun sizlarni ham yoʻq qiladi.
Copyright information for UznUzbL