‏ Deuteronomy 11

Egamizning buyukligi

1Egangiz Xudoni sevinglar. Har doim Uning amrlariga, qonun–qoidalariga va farmonlariga rioya qilinglar, talablarini bajaringlar. 2Shuni unutmanglarki, bolalaringiz emas, sizlar Egangiz Xudoning tarbiyasini olgansizlar. Farzandlaringiz Egamizning buyukligini, qudrati va ajoyibotlarini koʻrmagan. 3Egamiz Misr firʼavniga va uning butun yurtiga qilgan moʻjizalaru ishlarini ular bilmaydi. 4Orqangizdan quvayotgan Misr lashkarini, ot–aravalarini Egamiz Qizil dengizga
Qizil dengiz — ibroniycha matnda Yom–Suf, maʼnosi Qamish dengizi. Bu oyatdagi mana shu nom ostida hozirgi Suets qoʻltigʻi (yaʼni Qizil dengizning shimoli–gʻarbidagi qoʻltiq) yoki Suets qoʻltigʻi va Oʻrta yer dengizi oraligʻida joylashgan koʻllardan biri nazarda tutilgan. Chiqish 14:10-31 dagi hodisalarning tafsilotiga koʻra, bu dengiz kattaligidan Isroil xalqiga toʻsiq boʻlgan, chuqurligidan Misr lashkari choʻkib ketgan.
choʻktirib, tamomila yoʻq qilganini bolalaringiz koʻrmagan.
5Shu yerga yetib kelguningizcha sahroda Egamiz sizlar uchun nimalar qilganini ular bilmaydilar. 6Ruben qabilasidan Eliyobning oʻgʻillari Datan va Aburamni Egamiz nimalar qilganini
…Datan va Aburamni Egamiz nimalar qilganini… — Sahroda 16:1-34 ga qarang.
bilmaydilar. Butun Isroil xalqining koʻz oʻngida yer yorilib ularni, oilalarini, chodirlarini, ularga qarashli barcha jonivorlarni yutib yuborganini bolalaringiz koʻrmagan.
7Egamizning qilgan barcha buyuk ishlarini bolalaringiz emas, sizlar oʻz koʻzingiz bilan koʻrdingiz.

Vaʼda qilingan yurtning barakalari

8Shunday ekan, Men bugun sizlarga berayotgan amrlarning hammasiga rioya qilinglar. Shunda kuchli boʻlasizlar. Iordan daryosidan kechib, mulk qilib oladigan yurtni qoʻlga kiritasizlar. 9Egamiz ota–bobolaringizga va ularning avlodiga qasam ichib, vaʼda bergan sut va asal oqib yotgan yurtda
sut va asal oqib yotgan yurt — 6:3 izohiga qarang.
uzoq yashaysizlar.
10Sizlar kirib mulk qilib olayotgan bu yer oʻzlaringiz chiqqan Misr yurtiday emas. Misrda sabzavot urugʻini oʻzlaringiz ekib, oʻzlaringiz sugʻorar edingizlar
Misrda sabzavot urugʻini…oʻzlaringiz sugʻorar edingizlar — Misrdagi yer tekis boʻlib, yomgʻir kam yogʻardi. Ekinlarni sugʻorish uchun suvni Nil daryosidan tashib kelish kerak edi.
.
11Sizlar Iordanni kechib oʻtib, mulk qilib oladigan yurtdagi qirlaru vodiylarni esa osmon yomgʻiri sugʻoradi. 12Egangiz Xudoning Oʻzi uni parvarish qiladi. Yil boshidan oxirigacha Egangiz Xudoning koʻzi doim oʻsha yurtdadir.

13Bugun men sizlarga berayotgan amrlarga quloq solinglar, Egangiz Xudoni sevinglar, Unga butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan xizmat qilinglar. 14Shunda U yeringizga kuz va bahor yomgʻirini oʻz vaqtida yogʻdiradi. Doningizni, sharobingizni va zaytun moyingizni yigʻib olasiz
Doningizni, sharobingizni va zaytun moyingizni yigʻib olasiz — Kanʼonda ekin–tikin ishlari kuzgi yomgʻirlardan oldin boshlanardi, hosil esa bahor yomgʻirlaridan oldin yigʻib olinardi.
.
15Egamiz dalalaringizda chorvangiz uchun oʻt oʻstiradi, sizlarning rizqingiz ham but boʻladi. 16Ammo ehtiyot boʻlinglar! Yana vasvasaga tushib, yoʻldan ozmanglar. Boshqa xudolarga xizmat qilib, sigʻinmanglar. 17Aks holda, Egamiz sizlardan gʻazablanib, osmonni yopib qoʻyadi, yomgʻir yogʻmaydi, yer hosil bermaydi. Natijada Egamiz sizlarga mulk qilib berayotgan yaxshi yurtdan tez qirilib ketasizlar.

18Mening bu soʻzlarimni yuragingiz va qalbingizda saqlanglar. Bularni qoʻlingizga belgi qilib bogʻlanglar, peshanangizga nishona qilib taqib olinglar. 19Bularni bolalaringizga oʻrgatinglar. Uyda oʻtirganda ham, yoʻlda yurganda ham, yotganingizda, turganingizda ham shular haqida gapiringlar. 20Eshigingiz kesakisiga, darvozalaringizga yozib qoʻyinglar, 21toki Egamiz ota–bobolaringizga qasam ichib, mulk qilib beraman, deb vaʼda qilgan yurtda oʻzlaringiz ham, farzandlaringiz ham uzoq umr koʻringlar. Osmon yer ustida qancha tursa, oʻsha yurtda shuncha yashanglar.

22Men bugun sizlarga aytayotgan amrlarni bitta qoldirmay bajarsangiz, Egangiz Xudoni sevsangiz, Uning yoʻlidan yursangiz, Unga sodiq boʻlsangiz, 23Egamiz bu yurtdagi xalqlarning hammasini sizlarning oldingizdan haydaydi. Sizlar oʻzingizdan koʻproq va qudratliroq xalqlarning yurtlarini egallab olasiz. 24Oyogʻingiz tekkan har qanday yer sizniki boʻladi. Chegarangiz janubdagi sahrodan to shimoldagi Lubnongacha, sharqdagi Furot daryosidan to gʻarbdagi Oʻrta yer dengizigacha choʻziladi. 25Sizlarga hech kim bas kela olmaydi. Egangiz Xudo sizlarga vaʼda berganday, qadamingiz yetib borgan yerdagi hammani sizlardan qoʻrqadigan, vahimaga tushadigan qilib qoʻyadi.

26Mana bugun men sizlarga barakani yoki laʼnatni tanlang, deyapman. 27Men bugun sizlarga aytayotgan Egangiz Xudoning amrlarini bajarsangiz, baraka topasiz. 28Bordi–yu, Uning amrlariga quloq solmasangiz, bugun sizlarga buyurayotgan yoʻldan ozsangiz, oldin bilmagan xudolarga ergashsangiz, laʼnati boʻlasiz.

29Egangiz Xudo oʻzlaringizga mulk qilib berayotgan yerga sizlarni olib kirganda, Garizim togʻidan barakalarni aytinglar, Ebal togʻidan
…Garizim togʻidan…Ebal togʻidan… — Yoshua 8:30-35 ga qarang.
laʼnatlarni aytinglar.
30Bu ikkala togʻ Iordanning kunbotar tomonida joylashgan. Ular Iordan vodiysida
Iordan vodiysi — ibroniycha matnda Araba. Araba umumiy geografik nom boʻlib, bu oyatda Iordan vodiysining bir qismiga, aynan Oʻlik dengizning shimolidagi yerlarga nisbatan ishlatilgan.
yashaydigan Kanʼonliklar yurtida, Gilgal yaqinida, Moʻredagi emanzor yonidadir.
31Iordandan kechib oʻtib, Egangiz Xudo sizlarga mulk qilib beradigan yurtni olasizlar. U yerni qoʻlga kiritib joylashib olganingizda, 32men bugun sizlarga aytayotgan Uning hamma farmonlari va qonun–qoidalarini bitta qoldirmay bajaringlar.
Copyright information for UznUzbL