Deuteronomy 13
1Agar orangizda biror paygʻambar yoki tush taʼbirlovchi paydo boʻlib: “Alomat yoki moʻjiza koʻrsataman”, deb aytsa, 2uning aytganlari bajo boʻlsa, keyin u: “Yur, sen bilmagan boshqa xudolarga ergashaylik, ularga xizmat qilaylik”, desa, 3oʻsha paygʻambar yoki tush taʼbirlovchining soʻzlariga quloq solmanglar. Egangiz Xudo: “Qani bilay–chi, ular butun qalbi bilan, jonu dili bilan Meni sevadimi yoki yoʻqmi”, deb sizlarni sinayotgan boʻladi. 4Sizlar faqatgina Egangiz Xudoga ergashinglar. Undan qoʻrqinglar, Uning amrlariga itoat etinglar. Egangizga quloq solinglar, Unga xizmat qilinglar, Unga sodiq boʻlinglar. 5Egangiz Xudo sizni Misr yurtidan olib chiqqan, Misrdagi qullikdan ozod qilgan. Oʻsha paygʻambar yoki tush taʼbirlovchi esa sizni Xudoyingizdan yuz oʻgirtirishga harakat qildi. Egangiz Xudo amr qilgan yoʻldan sizni ozdirmoqchi boʻldi. Shuning uchun uni oʻldiringlar. Orangizdan yomonlikni yoʻq qilinglar. 6Hatto aka–ukangiz yoki oʻgʻlingiz, qizingiz, sevikli xotiningiz yo jonajon doʻstingiz sizni yashirincha oʻzingiz bilmagan, ota–bobolaringiz ham bilmagan begona xudolarga sajda qilishga undashi mumkin. 7Atrofingizda yashayotgan uzoq–yaqindagi, yerning bu chetidan narigi chetigacha oʻrnashgan xalqlarning xudolariga sigʻinishga undashi mumkin. 8Ammo sizlar rozi boʻlmanglar. Bunday odamga quloq solmanglar, unga rahm–shafqat qilmanglar, uning yonini olmanglar. 9Uni oʻldiringlar. Birinchi boʻlib sen, keyin butun xalq unga tosh otinglar. 10Uni toshboʻron qilib oʻldiringlar. Chunki u sizlarni Misrdagi qullikdan olib chiqqan Egangiz Xudodan yuz oʻgirishga undadi. 11Bu voqeani Isroil xalqi eshitib qoʻrqadi, bundan keyin orangizda bunday qabihlik qilinmaydi. 12Egangiz Xudo sizlarga yashash uchun berayotgan shaharlarning birortasida 13manfur odamlar chiqib, ular shahar ahlini: “Yuringlar, oʻzlaringiz bilmagan boshqa xudolarga xizmat qilaylik”, deb yoʻldan urganini eshitsangiz, 14soʻrab–surishtiringlar, yaxshilab tekshiringlar. Bu jirkanch voqea haqiqatan yuz bergan boʻlib, eshitganlaringiz rost boʻlib chiqsa, 15oʻsha shaharning butun aholisini, hayvonlarigacha qilichdan oʻtkazinglar. Shaharni va undagi hamma narsani butunlay vayron qilinglar. 16Oʻljalarni maydon oʻrtasiga yigʻinglar. Shaharni va u yerdagi hamma oʻljani Egangiz Xudoga bagʻishlab, yondirib tashlanglar. U joy abadiy vayronaga aylansin, hech qachon qayta tiklanmasin. 17Yondiriladigan narsalardan hech birini oʻzingizga olmanglar. Shunda Egamiz gʻazabidan tushadi, sizlarga mehr–shafqat koʻrsatadi, rahm qiladi, ota–bobolaringizga qasam ichib vaʼda berganiday sizlarni koʻpaytiradi. 18Shuning uchun sizlar Egangiz Xudoga quloq solishingiz kerak. Men bugun sizlarga berayotgan Uning amrlariga itoat etib, Uning oldida toʻgʻri ishlar qilishingiz kerak.
Copyright information for
UznUzbL