‏ Deuteronomy 20

Jang haqida

1Dushmanlaringizga qarshi urushga borganingizda, otlarni, aravalarni, oʻzingiznikidan koʻproq boʻlgan lashkarni koʻrsalaringiz, ulardan qoʻrqmanglar. Chunki sizlarni Misrdan olib chiqqan Egangiz Xudo sizlar bilandir. 2Jangga kirishingizdan oldin, ruhoniy lashkarning oldiga chiqsin, 3ularga shunday desin: “Quloq sol, ey Isroil xalqi! Bugun sizlar dushmanlaringizga qarshi jangga chiqyapsizlar. Dadil boʻlinglar, qoʻrqmanglar, dushman oldida vahimaga tushmanglar. 4Egamiz Xudoning Oʻzi sizlar bilan urushga boradi! Sizlar uchun dushmanlaringizga qarshi jang qiladi, sizlarga gʻalaba beradi!”

5Nazoratchilar lashkarga shunday deb aytsin: “Orangizda yangi uy qurib, oʻsha uyini hali Xudoga bagʻishlab ulgurmagan birorta odam bormi? Bor boʻlsa, uyiga qaytsin. Agar u jangda halok boʻlsa, boshqa odam uning uyini bagʻishlaydi. 6Uzumzor ekib, hali mevasidan yemagan odam bormi? Agar bor boʻlsa, uyiga qaytib ketsin. U jangda halok boʻlsa, boshqa odam uning uzumzori mevasidan birinchi boʻlib tatiydi. 7Biror qizga unashtirilib, hali uylanmagan yigit bormi? Agar bor boʻlsa, uyiga qaytib ketsin. U jangda halok boʻlsa, boshqa odam oʻsha qizga uylanadi.”

8Nazoratchilar yana shunday deyishsin: “Orangizda qoʻrquvdan yuragini oldirib qoʻygan odam bormi? Bor boʻlsa, uyiga qaytib ketsin. Boʻlmasa birodarlari ham unga oʻxshab choʻchib qoladi.” 9Nazoratchilar lashkarga shu gaplarni aytib boʻlgandan keyin, lashkarboshilar bosh boʻlsin.

10Biror shaharni olish uchun yaqinlashganingizda, shahar ahliga sulh taklif qiling. 11Ular sulhga rozi boʻlib, darvozalarini ochib bersa, shaharning butun aholisi sizlarga qarol boʻlib xizmat qiladi. 12Agar shahar ahli sulhga rozi boʻlmay, sizlar bilan jang qilsa, shaharni qamal qilinglar. 13Egangiz Xudo u shaharni sizning qoʻlingizga berganda, butun erkak zotini qilichdan oʻtkazinglar. 14Faqat ayollarni, bolalarni, mollarni va shaharda qolgan hamma narsani oʻlja qilib olsangiz boʻladi. Egangiz Xudo sizlarning qoʻlingizga bergan, dushmanlardan olgan oʻljalarni ishlatishingiz mumkin. 15Sizlar egalik qiladigan yurtingizdan uzoqda joylashgan shaharlarni shunday qilinglar.

16Lekin Egangiz Xudo sizlarga mulk qilib berayotgan yurtdagi shaharlarni qoʻlga olganingizda bironta jonni tirik qoldirmanglar. 17Egangiz Xudo sizlarga amr etganiday, Xet, Amor, Kanʼon, Pariz, Xiv, Yobus xalqlarini tamomila qirib bitiringlar. 18Toki ular oʻzlarining xudolariga qilgan jirkanch odatlarini sizlarga oʻrgatmasin. Aks holda, sizlar Egangiz Xudoga qarshi gunoh qilgan boʻlasizlar.

19Agar biror shaharni qoʻlga kiritish uchun uzoq vaqt qamal qilib tursalaringiz, u yerdagi mevali daraxtlarni kesmanglar. Oʻsha daraxtlarning mevasini yeyishingiz mumkin, daraxtlarning oʻzini esa kesib tashlamanglar. Axir, daladagi daraxtlar odam emas–ku, qurshovdan qochib chiqsa! 20Meva bermaydigan daraxtlarni esa kesishingiz mumkin. Shahar qulamaguncha qamal inshootlarini
qamal inshootlari — qadimgi davrlarda dushmanlar devor bilan oʻralgan shaharga hujum qilayotganlarida, koʻpincha devor yoniga baland qurilmalar yasaganlar. Shu yoʻl bilan ular shaharni himoya qilayotgan xalqqa hujum qilish uchun devorni buzishga yoki oshib oʻtishga qulay imkoniyat yaratganlar.
qurishda oʻsha daraxtlardan foydalansangiz boʻladi.
Copyright information for UznUzbL