‏ Deuteronomy 22

Har xil qonunlar

1Birodaringizning adashib qolgan molini yoki qoʻyini koʻrib qolganingizda, oʻzingizni koʻrmaganga olmang, uni albatta egasiga qaytarib olib boring. 2Agar hayvonning egasi sizdan uzoqda yashasa yoki siz egasini tanimasangiz, uyingizga olib boring. Egasi kelib olib ketmaguncha unga qarab turing, keyin qaytarib bering. 3Birodaringizning eshagiga ham, kiyimiga ham, siz topib olgan har qanday narsasiga shunday munosabatda boʻling. Oʻzingizni koʻrmaganga olmang.

4Birodaringizning eshagi yoki hoʻkizi yoʻlda yotib qolganini koʻrsangiz, oʻzingizni koʻrmaganga olmang, ularni turgʻizishga yordam bering.

5Ayol erkakning kiyimini kiymasin, erkak esa ayolning libosini kiymasin. Bunday ish qiladiganlarning hammasidan Egangiz Xudo jirkanadi.

6Yoʻlda ketayotganingizda daraxtdagi yoki yerdagi qush iniga duch kelsangiz, qush tuxum bosgan yoki polaponlari bilan oʻtirgan boʻlsa, onasini bolalari bilan olmang. 7Oʻzingizga faqat polaponlarini olishingiz mumkin, onasini esa qoʻyib yuboring. Shunda baxtiyor boʻlib, umringiz uzoq boʻladi.

8Yangi uy qursangiz, tomingiz atrofida toʻsiq quring. Shunda birortasi tomingizdan yiqilib oʻlsa
…birortasi tomingizdan yiqilib oʻlsa… — u zamonlarda uylarning tomi tekis boʻlib, odamlar tomga chiqib dam olishardi.
, oilangiz javobgar boʻlmaydi.

9Uzumzoringiz egatlariga boshqa turdagi urugʻ ekmang. Aks holda, uzumzoringizdan va ekkan urugʻingizdan olgan jamiki hosilni Egamizga bagʻishlashingizga toʻgʻri keladi.

10Hoʻkiz bilan eshakni birga qoʻshga qoʻshmang.

11Ustingizga jun va zigʻirpoyadan aralashtirib toʻqilgan kiyimni kiymang.

12Toʻningizning etagiga popuk qilib osib yuring.

Jinsiy aloqaga oid qonunlar

13Birortasi uylanib, qiz bilan yotgandan soʻng uni yoqtirmay qolsa, 14qizni yomon otliq qilib, men bu qizga uylandim, u esa qiz chiqmadi, deb bahona qilsa, 15qizning ota–onasi qizlik belgilarini oqsoqollarga koʻrsatish uchun shahar darvozasiga olib borsin. 16Qizning otasi oqsoqollarga shunday aytsin: “Qizimni mana bu kishiga uzatgan edim. Endi u qizimni yoqtirmay qolibdi. 17Qizingiz qiz chiqmadi, deb bahona qilyapti. Mana qizimning qizlik belgilari”, deb shahar oqsoqollari oldiga oʻsha matoni yoysin. 18Shahar oqsoqollari oʻsha kishini olib kelib, jazolasin. 19Oqsoqollar unga yuz boʻlak kumush
yuz boʻlak kumush — ibroniycha matnda yuz shaqal kumush, taxminan 1 kiloga toʻgʻri keladi.
jarima solsinlar. U Isroil xalqining bokira qizini yomon otliqqa chiqargani uchun kumushni qizning otasiga bersinlar. Qiz u odamning xotini boʻlib qolaversin, u odam qizdan umri boʻyi ajralishi mumkin emas.

20Lekin u odamning aytganlari toʻgʻri boʻlib, qiz bokira boʻlmasa, 21qizni otasining eshigi oldiga olib kelishsin. Shahar erkaklari u qizni toshboʻron qilib oʻldirsin. U otasining uyida yashagan paytda fohishalik qilib, Isroil xalqi orasida sharmandalarcha ish qildi. Shu tariqa orangizdan yomonlikni yoʻq qiling.

22Agar biror erkak oilali xotin bilan yotsa va bu maʼlum boʻlib qolsa, ikkovi — xotin ham, xotin bilan yotgan erkak ham oʻldirilsin. Shu tariqa Isroildan yomonlikni yoʻq qiling.

23Agar biron qiz unashtirilgan boʻlsa–yu, shaharda birortasi oʻsha qizni uchratib qolib, u bilan yotsa, 24ikkovini ham oʻsha shaharning darvozasi oldiga olib kelishsin. Qiz shaharda boʻla turib, baqirmagani uchun jazolansin. Erkak esa birovning xotinini
xotin — unashtirilgan qiz ota–onasining uyida yashab yurgan paytda, toʻyidan oldin ham nikohdagi xotin deb hisoblanardi.
sharmanda qilgani uchun jazolansin. Ikkovini ham toshboʻron qilib oʻldiring. Shu tariqa orangizdan yomonlikni yoʻq qiling.

25Agar birorta erkak unashtirilgan qizni dalada uchratib qolib, uni ushlab zoʻrlasa, oʻsha qiz bilan yotgan erkaknigina oʻldirish kerak. 26Qizga hech narsa qilmanglar. U qizning oʻlimga loyiq aybi yoʻq, bu xuddi birorta odam boshqasiga hujum qilib oʻldirgani kabidir. 27Chunki oʻsha erkak qizni dalada ushlab olgan, qiz yordam soʻrab baqirgan boʻlishi mumkin. Ammo uni qutqaradigan hech kim boʻlmagan.

28Agar birortasi unashtirilmagan qizni uchratib qolsa, qizni ushlab, u bilan yotsa, ammo ikkovini ushlab olishsa, 29oʻsha qiz bilan yotgan kishi qizning otasiga ellik boʻlak kumush
ellik boʻlak kumush — ibroniycha matnda ellik shaqal kumush, taxminan 550 grammga toʻgʻri keladi.
berishi kerak. Qiz esa uning xotini boʻlsin. Oʻsha odam qizni sharmanda qilgani uchun umri boʻyi u qizdan ajralishi mumkin emas.

30Hech kim otasining xotiniga uylanmasin, bunday qilib otasini sharmanda qilmasin.
Copyright information for UznUzbL