‏ Deuteronomy 5

Oʻnta amr

1Muso jamiki Isroil xalqini bir joyga yigʻib, ularga aytgan nutqini davom ettirdi.

Ey Isroil xalqi, eshitinglar! Bugun men sizlarga aytayotgan farmonlar va qonun–qoidalarga quloq solinglar. Bularni yod olib, bitta qoldirmay bajaringlar.
2Egamiz Xudo biz bilan Sinay togʻida
Sinay togʻi — ibroniycha matnda Xorev togʻi, Sinay togʻining yana bir nomi.
ahd qildi.
3U nafaqat ota–bobolarimiz bilan, balki shu yerda turgan har bir odam bilan ahd qildi. 4Egamiz oʻsha togʻda olov ichidan sizlar bilan yuzma–yuz gaplashdi. 5Men oʻshanda Egamiz bilan sizlarning orangizda turib, Uning gapini sizlarga aytib turdim. Chunki sizlar olovdan qoʻrqib, toqqa chiqmadingizlar. Egamiz shunday deb aytdi:

6“Men sizlarni Misrdagi qullikdan olib chiqqan Egangiz Xudoman.

7Mendan boshqa xudolarga sajda qilmang.

8Oʻzlaringizga hech qanday butni yasamang. Osmonda yo yerda yo yer ostidagi suvda mavjud boʻlgan biror narsaning shaklini yasamang. 9Oʻsha xudolar yoki butlarga
Oʻsha xudolar yoki butlarga… — ibroniycha matnda Ularga…, shu bobning 7, 8–oyatlarida aytib oʻtilgan xudolar va butlarga ishora.
sajda qilmang, xizmat qilmang. Men, Egangiz Xudo, sizlarning sevgingizni boshqa xudolar bilan baham koʻrmaydigan Xudoman. Mendan nafratlanadiganlarni jazolayman, ularning gunohlari oqibatidan farzandlari, nabiralari va chevaralari ham qochib qutulmaydi.
10Lekin Meni sevib, amrlarimga rioya qiladiganlarning ming–ming avlodlariga
…ming–ming avlodlariga… — yoki …minginchi avlodiga… yoxud …minglariga….
sodiq sevgimni koʻrsataman.

11Men, Egangiz Xudoning ismini suiisteʼmol qilmang
…ismini suiisteʼmol qilmang — bunga Xudoning nomi bilan biror ishni qilaman, haqiqatni aytaman, deb qasam ichgandan keyin, oʻsha vaʼdani buzish, ontdan qaytish yoxud Xudoning nomi bilan laʼnatlash yoki Xudo aytganimni qilsin, deb qilingan har xil ishlar kiradi (misol uchun, Xudoning nomi bilan fol ochish yoki sehr–jodu qilish).
. Kim Mening ismimni suiisteʼmol qilsa, oʻshani jazosiz qoldirmayman.

12Men, Egangiz Xudoning amriga koʻra, Shabbat kunini muqaddas deb biling, bu kunga rioya qilib yuring. 13Hamma ishlaringizni bajarishingiz uchun olti kun bor. 14Yettinchi kun esa Men, Egangiz Xudoga atalgan Shabbat kunidir. Oʻsha kuni hech qanday ish qilmanglar. Oʻgʻillaringiz, qizlaringiz, qullaringiz, choʻrilaringiz, molingiz, eshagingiz, birorta hayvoningiz, shahringizdagi musofirlar ham hech qanday ish qilishmasin. Qulu choʻrilaringiz sizday dam olsin. 15Yodingizda tuting: sizlar Misrda qul edingiz, Men, Egangiz Xudo, qudratim va ajoyibotlarim bilan sizlarni u yerdan olib chiqdim. Shuning uchun, Shabbat kuniga rioya qilinglar, deb amr etdim.

16Men, Egangiz Xudo, amr etganimdek, ota–onangizni hurmat qiling. Oʻshanda Men sizlarga berayotgan yurtda umringiz uzoq boʻlib, baxtiyor yashaysiz.

17Qotillik qilmang.

18Zino qilmang.

19Oʻgʻrilik qilmang.

20Qoʻshningizga qarshi yolgʻon guvohlik bermang.

21Qoʻshningizning xotiniga koʻz olaytirmang. Qoʻshningizning uyi, dalasi, quli yoki choʻrisi, moli yoxud eshagi, unga qarashli biror narsasiga koʻz olaytirmang.”

22Egangiz bu amrlarni hammangizga oʻsha togʻda olov, bulut va qorongʻilik ichidan baland ovoz bilan aytdi, boshqa biron soʻz qoʻshmadi. Soʻngra U bu amrlarni ikkita tosh lavhaga yozib, menga berdi.

Xalq Xudodan qoʻrqadi

23Togʻ olov boʻlib yonayotganda, qorongʻilik ichidan ovoz eshitdingiz. Shunda qabilalaringiz boshliqlari va oqsoqollari mening oldimga kelib, 24shunday deyishdi: “Mana, Egamiz Xudo ulugʻvorligini, buyukligini bizga koʻrsatdi. Uning ovozini biz olov ichidan eshitdik. Bugun biz Xudoning inson zotiga gapirganini, ammo inson tirik qolganini koʻrdik. 25Nima qilamiz endi jonimizni xavf ostiga qoʻyib?! Mana bu buyuk olov bizni yondirib tashlaydi–ku. Agar biz Egamiz Xudoning ovozini yana eshitsak, aniq oʻlamiz. 26Axir, olov ichidan gapiradigan barhayot Xudoning ovozini biz kabi, eshitib, tirik qolgan inson bormi?! 27Endi sen bor, Egamiz Xudoning hamma soʻzlarini eshit. Keyin Uning har bir soʻzini bizga ayt. Biz quloq solib, bajaramiz.”

28Sizlar menga gapirganlaringizda, Egamiz soʻzlaringizni eshitib, shunday dedi: “Men bu xalqning senga aytgan soʻzlarini eshitdim, hamma aytganlari toʻgʻri. 29Qaniydi, ularning yuraklari har doim shunday boʻlsa, Mendan qoʻrqib, amrlarimni bajarishsa! Shunda oʻzlari ham, farzandlari ham to abad baxtli boʻlishardi. 30Endi ularning oldiga borib: «Chodirlaringizga qaytinglar», deb ayt. 31Sen esa shu yerda Mening yonimda qolasan. Men senga amrlar, farmonlar va qonun–qoidalar beraman. Sen bularni xalqqa oʻrgatasan. Men ularga mulk qilib beradigan yurtda hammasiga rioya qilishsin.”

32Endi oʻngga ham, chapga ham ogʻmay, Egangiz Xudo sizlarga buyurgan amrlarga bitta qoldirmay rioya qilinglar. 33Egangiz Xudo amr etgan yoʻldan yuringlar. Shunda yashaysizlar, baxtli boʻlasizlar, mulk qilib oladigan yurtda uzoq umr koʻrasizlar.
Copyright information for UznUzbL