Deuteronomy 7
Xudoning xalqi
1Egangiz Xudo sizlarni egalik qiladigan yurtingizga olib kiradi. Oʻshanda U oldingizdan Xet, Girgosh, Amor, Kanʼon, Pariz, Xiv, Yobus kabi yettita xalqni haydaydi. Ular sizlardan koʻra, koʻproq va qudratliroqdir. 2Egangiz Xudo bu xalqlarni sizlarning qoʻlingizga topshirganda, sizlar ularni magʻlub etasizlar. Shunda ularning hammasini tamomila qirib bitiringlar. Ular bilan ittifoq tuzmanglar, ularga rahm–shafqat qilmanglar. 3Ular bilan quda–andachilik qilmanglar, ularga qiz uzatmanglar, oʻgʻillaringizga ularning qizlaridan olib bermanglar. 4Aks holda, ular farzandlaringizni Egamizdan qaytaradi. Farzandlaringiz boshqa xudolarga xizmat qiladigan boʻladi. Oʻshanda Egamiz gʻazablanib, sizlarni bir lahzada halok qiladi. 5Aksincha, oʻsha xalqlarni sizlar shunday qilinglar: ularning qurbongohlarini buzinglar, butsimon toshlarini parchalab tashlanglar, Asheraga ▼▼ Ashera — Kanʼondagi xalqlar sajda qilgan hosildorlik xudosi boʻlib, ayol qiyofasida tasavvur qilingan. Uning erkak jufti Baal edi. Asheraning tasvirlari baland ustun shaklida boʻlib, yogʻochdan yasalgan edi.
atalgan ustunlarni kesinglar, butlarini yondiringlar. 6Sizlar Egangiz Xudoning muqaddas xalqisiz. U sizlarni yer yuzidagi jamiki xalqlar orasidan Oʻz xalqi, Oʻz xazinasi qilib tanlab oldi. 7Egamiz sizlarni boshqa xalqlardan koʻp boʻlganingiz uchun sevib tanlamadi. Sizlar boshqa hamma xalqlardan oz edingiz. 8Egamiz sizlarni sevgani uchun va ota–bobolaringizga bergan vaʼdasini ado etish uchun sizlarni tanladi. Shu bois U sizlarni Misr firʼavni hukmronligidan, Misrdagi qullikdan Oʻz qudrati bilan olib chiqib, ozod qildi. 9Shunday qilib, Egangiz Xudo haqiqiy Xudo ekanini bilib qoʻyinglar. U sodiq Xudodir! Uni sevadigan, Uning amrlarini bajaradiganlarning minginchi avlodigacha ahdini sodiq saqlaydi. 10Xudodan nafratlanganlarning esa qilmishlariga yarasha boshlariga kulfat yogʻdiradi. Ha, Egamiz Undan nafratlanganlarga javob berishda kechikmaydi. 11Shuning uchun bugun men sizlarga berayotgan amrlarni, farmonlar va qonun–qoidalarni bitta qoldirmay bajaringlar. Itoatgoʻylikdan kelgan baraka
12Agar mana shu qonun–qoidalarga itoat etib, ularni bitta qoldirmay bajarsangiz, Egangiz Xudo ham ota–bobolaringizga ont ichib, vaʼda qilgan ahdini sizlar bilan sodiq saqlaydi. 13U sizlarga mehr qoʻyadi, ota–bobolaringizga beraman, deb ont ichgan yurtda sizlarga baraka berib, koʻpaytiradi. Uvali–juvali boʻlasizlar, yeringiz hosildor, doningiz, sharobingiz va moyingiz serob boʻladi, mol–qoʻyingiz barakali boʻladi, sigirlaringiz bolalaydi, qoʻylaringiz qoʻzilaydi. 14Sizlar barcha xalqlar orasida barakaga eng boy xalq boʻlasizlar, orangizda farzandsiz erkak ham, ayol ham boʻlmaydi, mollaringiz orasida qisiri boʻlmaydi. 15Egamiz sizlarni har qanday kasallikdan saqlaydi. Misrda oʻzlaringiz koʻrgan har xil qoʻrqinchli xastaliklar sizlarning boshingizga kelmaydi. Oʻsha xastaliklarni Egamiz sizlarning gʻanimlaringizga yuqtiradi. 16Egangiz Xudo sizlarning qoʻlingizga topshiradigan barcha xalqlarni qirib yuboringlar, ularga rahm qilmanglar, ularning xudolariga sigʻinmanglar. Aks holda, ularning xudolari sizlarga tuzoq boʻladi. 17Xayolingizda: “Bu xalqlar bizdan juda kuchli–ku, qanday qilib ularni haydaymiz?” deb oʻylashingiz mumkin, 18ammo ulardan qoʻrqmanglar. Egangiz Xudo firʼavnni, butun Misrni nima qilganini esingizda tutinglar. 19Egangiz Xudo Oʻz qudrati va ajoyibotlari bilan sizlarni u yerdan olib chiqdi, buyuk sinovlar, alomatu moʻjizalar koʻrsatdi. Bularni oʻz koʻzingiz bilan koʻrdingiz. Siz qoʻrqayotgan hamma xalqlarni Egangiz Xudo xuddi oʻsha ahvolga soladi. 20Hatto sizlardan yashirinib tirik qolganlarni U vahimaga solib, quvib yuboradi ▼▼ …tirik qolganlarni U vahimaga solib, quvib yuboradi — yoki …tirik qolganlarni quvish uchun U qovoq arilarni yuboradi.
. 21Ulardan qoʻrqmanglar. Orangizdagi Egangiz Xudo buyuk va haybatli Xudodir. 22U oʻsha xalqlarni sizlarning oldingizdan oz–ozdan haydaydi. Sizlar ularni birdaniga halok qilolmaysizlar. Boʻlmasa atrofingizda yovvoyi hayvonlar koʻpayib ketadi. 23Egangiz Xudo oʻsha xalqlarni sizlarning qoʻlingizga beradi, ularning hammasini qattiq sarosimaga solib, halok qiladi. 24Shohlarini ham sizlarning qoʻlingizga beradi. Sizlar ularning nomlarini yer yuzidan oʻchirasizlar. Hech kim sizlarga bas kelolmaydi, ularning hammasini halok qilasizlar. 25Xudolarining tasvirlarini olovda yondiringlar, ularni qoplagan oltinu kumushlarga koʻz olaytirmanglar, oʻsha narsalarni olmanglar, toki ular sizlarga tuzoq boʻlmasin. Bu butlar Egangiz Xudoga jirkanchdir. 26Bu jirkanchli narsalarni uyingizga olib kirmang, aks holda, oʻshalar singari yoʻq qilinasiz. Oʻsha narsalardan nafratlaninglar, jirkaninglar, chunki ular laʼnatlangandir.
Copyright information for
UznUzbL