‏ Ecclesiastes 1

Hayot behudadir

1Quyidagilar Dovud oʻgʻli, Quddusda hukmronlik qilgan Voizning
Voiz — ibroniycha matnda Qohelet (shu bobning 2, 11, 12–oyatlarida ham bor). Baʼzilar bu ibroniycha soʻzni atoqli ot deb aytadilar, ammo bu soʻz jamoa yetakchisi yoki notiq lavozimini bildirishi ham mumkin. Mazkur kitobda ushbu soʻz nihoyatda donishmand, donolik haqida koʻp hikmatlar yiqqan va ularni oʻrganib chiqqan kishiga nisbatan ishlatilgan (yana “Kirish”dagi izohga qarang). Keng tarqalgan qarashlarga koʻra, Voiz shoh Sulaymondir.
soʻzlaridir.

2“Behuda!
Behuda — ibroniycha matnda hevl, soʻzma–soʻz tarjimasi nafas (shu bobning 14–oyatida ham bor). Bu taqlidiy soʻz boʻlib, nafas chiqarganda hosil boʻladigan tovushga oʻxshaydi. Bu soʻz mana shu kitobda maʼnisiz tuyulgan yoki inson aqli yetmaydigan, ishonchsiz, oʻtkinchi narsalarga va hodisalarga nisbatan ishlatilgan.
Behuda!
— deydi Voiz. —
Hammasi behudadir!”

3Odam bu dunyoda qilgan mehnatidan
Qanday foyda topar?
4Avlod kelib, avlod ketar,
Bu dunyo esa shundayligicha qolaverar.
5Quyosh chiqib yana botar,
Chiqqan joyiga qaytishga shoshar.
6Shamol janubga esar,
Shimol tarafga yelar,
Takror–takror aylanib,
Oʻz yoʻlidan yuraverar.
7Barcha daryolar dengizga oqar,
Dengiz esa hech toʻlmas,
Shunda ham oʻz makoni sari
Oqaverar daryolar.
8Hamma narsa charchatar, holdan toydirar,
Ularni tasvirlashga soʻzlar ham yetmas.
Koʻzlarimiz koʻraverar, ammo toʻymas,
Quloqlarimiz eshitaverar, ammo qoniqmas.
9Oldin nima boʻlgan boʻlsa, yana sodir boʻlgay,
Nima qilingan boʻlsa, yana qaytarilgay,
Bu dunyoda hech qanday yangi narsa yoʻq.

10Biror narsa bormidiki, biz bu haqda: “Qaranglar, bu yangilik–ku!” — deb ayta olsak?! U oldindan bor edi, biz tavallud topmasdan oldin ham shu yerda edi. 11Qadimda boʻlganlar esga olinmas, hatto bundan keyin boʻladiganlar ham kelajakda eslanmas.

Voizning tajribasi

12Men, Voiz, Isroil ustidan Quddusda shohman. 13Oʻzimni donolik bilan izlanishga, mana shu dunyoda boʻlayotgan hamma ishlarni tushunishga bagʻishladim. Xudo insonga bergan bu ish qanday qaygʻuli–a! 14Men bu dunyoda boʻlayotgan hamma narsani koʻrdim, qaranglar, hammasi behuda, shamolning orqasidan quvishday ekan.

15Egri narsani toʻgʻrilab boʻlmas,
Yoʻq narsani sanab boʻlmas.

16Oʻzimga shunday dedim: “Mana, men buyuk boʻlib, donolikda mendan oldin Quddusda hukmronlik qilganlarning hammasidan oʻzib ketdim. Koʻp donolik orttirdim, ilmu maʼrifatni yaxshilab oʻrgandim.” 17Donolik va ilm–maʼrifatning foydasi telbalik va ahmoqlikdan ustunligini anglab yetishga oʻzimni bagʻishladim, ammo bu ham shamolning orqasidan quvishday ekanligini tushundim.

18Qaygʻu ham ortarkan, donolik qancha koʻp boʻlsa,
Dard koʻpayar ekan gar bilim oshsa.
Copyright information for UznUzbL