‏ Ezekiel 11

Isroilning fosiq yoʻlboshchilari hukm qilinadi

1Ruh meni koʻtarib, Egamiz uyining sharqiy darvozasiga olib bordi. Darvoza yonida men yigirma besh nafar kishini koʻrdim. Ularning orasida xalq rahnamolaridan Azzur oʻgʻli Yazaniyo va Binayo oʻgʻli Pilatiyo bor edi. 2Egamiz menga shunday dedi: “Ey inson, mana bu odamlarning niyati yomon. Ular shahardagilarga boʻlmagʻur maslahatlar berib yurishibdi. 3Oʻsha buzuq odamlar shunday deydilar: «Hozir imoratlar solishning hojati yoʻq. Bu shahar qozon kabidir, biz esa qozonda saqlangan goʻshtdaymiz.» 4Shunday ekan, ey inson, ularga qarshi bashorat qil!”

5Soʻng Egamizning Ruhi butun vujudimni qamrab oldi. U Isroil xalqiga quyidagilarni aytishimni buyurdi: “Egamiz shunday demoqda: ey Isroil xalqi, sizlar oʻsha gapni aytdingiz. Men esa hamma oʻy–xayollaringizni bilaman. 6Sizlar shahardagi koʻp odamlarni oʻldirdingiz, koʻchalarni jasadlarga toʻldirdingiz. 7Shuning uchun Men, Egangiz Rabbiy, aytamanki, bu shahar haqiqatan ham qozon kabidir. Ammo goʻsht sizlar emas, balki siz oʻldirgan odamlarning jasadlaridir. Men sizlarni shahardan chiqarib yuboraman. 8Sizlar qilichdan qoʻrqqan edingizlar, ammo ustingizga qilich yuboraman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 9— Sizlarni shahardan haydab chiqarib, ajnabiylarning
ajnabiylar — Bobil xalqi nazarda tutilgan.
qoʻliga topshiraman. Sizlarni shu yoʻsin jazolayman.
10Sizlar qilichdan nobud boʻlasizlar. Men sizlarni Isroil chegaralarida jazolayman. Oʻshanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. 11Bu shahar sizlar uchun qozonday boʻlmaydi, sizlar ham qozon ichidagi goʻshtday boʻlmaysizlar. Men sizlarni Isroil chegaralarida jazolayman. 12Oʻshanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. Zero, sizlar shu paytgacha qonun–qoidalarimni buzib, yon–atrofingizda yashovchi xalqlarning odatlariga taqlid qilib keldingizlar.”

13Men, Hizqiyol, bashorat qilayotganimda, birdaniga Binayo oʻgʻli Pilatiyo jon berdi. Men yerga yuz tuban yiqilib: “Yo Egam Rabbiy! Sen Isroilda qolgan hamma odamlarni nobud qilmoqchimisan?” deya ovozim boricha hayqirib yubordim.

Xudoning vaʼdasi

14Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 15“Ey inson, surgun boʻlgan sening oilang, urugʻ–aymoqlaring va butun Isroil xalqi haqida Quddusdagilar shunday aytishmoqda: «Ular uzoqda, Egamizga sajda qila olmaydilar. Shuning uchun bu yurt bizga mulk qilib berildi.» 16Ammo sen surgunda boʻlgan Isroil xalqiga shunday xabar yetkaz: «Egamiz Rabbiy aytmoqda: Men sizlarni olisdagi xalqlar orasiga joʻnatdim. Boshqa yurtlarga tarqatib yubordim. Biroq begona yurtdagi musofirlik davringizda, Oʻzim sizlarga sajdagoh boʻlaman.»

17Yana ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men sizlarni xalqlar orasidan yigʻib olaman. Ha, sizlar begona yurtlarga tarqalib ketdingiz, ammo Men sizlarni u yerlardan olib chiqaman. Isroil yurtini sizlarga qaytarib beraman.»

18Ey inson, Isroil xalqi oʻz yurtiga qaytib kelganda, u yerdagi makruh xudolarni, jirkanch butlarni ildizi bilan yoʻq qiladi. 19Men ularga yaxlit bir yurak beraman, qalblarini yangi ruhga toʻldiraman. Bagʻridagi tosh yurakni olib tashlab, oʻrniga yumshoq yurak solaman. 20Shunda ular farmonlarimni bajaradigan, qonun–qoidalarimga rioya qiladigan boʻladilar. Ular Mening xalqim boʻladi, Men esa ularning Xudosi boʻlaman. 21Ammo makruh xudolarga, jirkanch butlarga sajda qilishni xush koʻradigan odamlarni qilmishlariga yarasha jazolayman.” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.

Xudoning ulugʻvorligi Quddusni tark etadi

22Karublar qanotlarini yozib, yonidagi gʻildiraklari bilan birga osmonga koʻtarildilar. Isroil Xudosining ulugʻvorligi karublar ustida edi. 23Egamizning ulugʻvorligi shaharni tark etib, shaharning sharq tomonidagi toqqa
shaharning sharq tomonidagi togʻ — Zaytun togʻi nazarda tutilgan.
borib toʻxtadi.
24Vahiyda Ruh meni koʻtarib, Bobilga
Bobil — ibroniycha matnda Xaldey, oʻsha vaqtda Bobil yurti shu nom bilan ham atalardi.
surgun qilinganlarning oldiga qaytarib olib bordi. Vahiy tamom boʻldi.
25Men surgundagi birodarlarimga Egamiz ayon qilgan hamma narsani aytib berdim.
Copyright information for UznUzbL