‏ Ezekiel 31

Misrning qismati sadr daraxti timsolida

1Surgun boʻlgan paytimizning oʻn birinchi yili uchinchi oyining
Surgun boʻlgan paytimizning oʻn birinchi yili uchinchi oyi — miloddan oldingi 587 yilning uchinchi oyi (1:1-3 ga va oʻsha oyatlarning oxirgi izohiga qarang). Ibroniy kalendarining Shavon oyi nazarda tutilgan. Hozirgi kalendarga koʻra, bu oy taxminan mayning oʻrtasidan boshlanadi.
birinchi kunida Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi:
2“Ey inson, Misr firʼavni va uning toʻdasiga shunday deb ayt:

«Buyukligingda senga teng keladigan kim bor?!
3Ossuriyaga bir qara!
U ham bamisoli Lubnondagi sadr daraxti
Lubnondagi sadr daraxti — 17:3 ning ikkinchi izohiga qarang.
edi,
Koʻrkam shoxlari oʻrmonga soya solar edi,
Uning uchi bulutlarga tegib turardi.
4Suvlar uni sugʻorar edi,
Yer osti buloqlari uni oʻstirar edi.
Anhor suvlari ildizlarining atrofida oqar edi,
Irmoqlari hamma dasht daraxtlarini toʻydirardi.
5Bu ulkan sadr baland oʻsib,
Atrofdagi hamma daraxtlardan daroz boʻldi.
Moʻl sugʻorilgani uchun novdalari oʻsdi,
Shoxlari uzun va sersoya boʻldi.
6Barcha osmon qushlari shoxlarida in qurardi,
Ostida barcha yovvoyi hayvonlar bolalashardi,
Soyasida hamma buyuk xalqlar yashardi.
7Bu daraxt koʻrkam, salobatli edi,
Uning shoxlari keng yoyilgan edi.
Axir, ildizlari serob suvdan bahra olardi.
8Xudoning bogʻi — Adandagi birorta sadr
Unga teng kela olmas edi,
Birorta archa uning butoqlari bilan bellasha olmasdi.
Birorta chinorning bunday shoxlari yoʻq edi,
Xudoning bogʻidagi birorta daraxt shu qadar goʻzal emasdi.
9Xudo uni goʻzal qilib yaratdi,
Shox–butoqlarini serfayz qildi.
Xudoning bogʻi — Adandagi hamma daraxtlar unga havas qilardi.

10Shu bois Egamiz Rabbiy shunday deb aytmoqda: ey firʼavn, bu sadr daraxti baland oʻsib, uchi bulutlarga yetdi. U balandligidan magʻrurlanib ketdi. 11Men uni ajnabiy hukmdorning
ajnabiy hukmdor — Bobil shohi Navuxadnazar nazarda tutilgan. Miloddan oldingi 568 yilda u Misrni bosib olgandi.
qoʻliga topshirdim. U oʻsha daraxtni fosiqligiga yarasha jazoladi. Men Oʻzim esa bu daraxtdan voz kechdim.
12Ajnabiylarning eng yovuz xalqi uni yiqitib, tashlab ketdi. Chopilgan shoxlari qirlaru vodiylarda, singan butoqlari yurtning hamma jarliklarida sochilib yotdi. Soyasida orom olgan jahonning hamma xalqlari tarqalib ketdi. 13Barcha osmon qushlari agʻdarilib yotgan daraxt tanasiga kelib qoʻndi, barcha yovvoyi hayvonlar shoxlari orasiga kirib yotdi, 14toki suv boʻyiga oʻtqazilgan birorta daraxt endi bu qadar baland boʻlib oʻsmasin. Ularning uchi bulutlarga tegmasin. Suvga toʻygan birorta daraxt shunchalik baland boʻlmasin. Ularning hammasi, foniy bandalar kabi, bu dunyodan oʻtib ketishadi, qabrdagi marhumlarga hamroh boʻlishadi.

15Egamiz Rabbiy demoqda: oʻsha ulkan daraxt oʻliklar diyoriga
oʻliklar diyori — ibroniycha matnda Sheoʻl (shu bobning 16, 17–oyatlarida ham bor). 26:20 izohiga qarang.
tushganda, unga aza tutishlari uchun Men yer osti suvlarini berkitgan edim. Daryolariga toʻsiq qoʻygan edim, serob suvlarini toʻxtatgan edim. Uni deb Lubnon togʻlariga zulmat libosini kiydirgan edim. Uni deb hamma oʻrmon daraxtlari xazon boʻlgan edi.
16Men oʻsha daraxtni chuqurdagi marhumlarga hamroh qilib, oʻliklar diyoriga tushirganimda, daraxtning qulashi shovqinidan xalqlar qoʻrquvga tushib, titragan edi. Oʻshanda Adan bogʻining yer qaʼriga tushgan hamma daraxtlari, Lubnonning eng sara, eng aʼlo, yaxshi sugʻorilgan hamma daraxtlari uning qulashidan taskin topgan edi. 17Uning panasida yashagan ittifoqchilarining hammasi daraxt bilan birga oʻliklar diyoriga tushishgan. Ular qilich tigʻidan halok boʻlganlarga qoʻshilishgan.

18Ey firʼavn, sening shon–shuhratingu salobatingni Adandagi qaysi daraxtga qiyoslasam boʻlar ekan–a? Sen ham Adandagi boshqa daraxtlar singari, yer qaʼriga tushasan. Qilichdan halok boʻlgan sunnatsizlar bilan birga goʻrda yotasan. Sen va toʻdangning qismati xuddi Ossuriyanikiday boʻladi. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”
Copyright information for UznUzbL