Ezekiel 35
Xudo Edomni jazolaydi
1Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 2“Ey inson, Seir togʻlariga ▼▼ Seir togʻlari — Edom yurtiga qarashli boʻlgan togʻli hudud. Mazkur oyatda butun Edom yurti nazarda tutilgan (shu bobning 15–oyatiga qarang).
yuzlan, ularga qarshi bashorat qilib ayt: 3«Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey Seir togʻlari, Men sizlarga qarshiman. Men sizlarga qarshi qoʻlimni koʻtarib, sizlarni tashlandiq xarobazor qilaman. 4Shaharlaringizni vayron qilib, yurtingizni tashlandiq joyga aylantiraman. Oʻshanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. 5Xalqimga boʻlgan qadimgi adovatingiz tufayli sizlar Isroil xalqining taqdirini qilich bilan hal qilgan edingizlar. Ular shusiz ham oxirgi jazosini tortib, boshlaridan ogʻir damlarni kechirayotgan edilar–ku! 6Shu qilganlaringiz uchun, Men, Egangiz Rabbiy, barhayot Xudo boʻlganim haqi ont ichib aytamanki, sizlarni qonga belayman, qon ketingizdan quvadi. Sizlar qotillikdan hazar qilmaganingiz uchun qotillik sizlarni doim taʼqib qiladi. 7Ey Seir togʻlari, Men sizlarni xarob qilib, tashlandiq joyga aylantiraman. Hududingizdan hech kim yurmaydigan boʻladi. 8Men sizlarni jasadlarga toʻldiraman. Qilichdan halok boʻlgan odamlarning jasadlari qirlaringizda, vodiylaringizda, soyliklaringizda yotadi. 9Sizlarni to abad tashlandiq qilaman. Shaharlaringizda hech qachon odam yashamaydi. Oʻshanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. 10Men, Egangiz, Yahudo va Isroil yurtida boʻlganimga qaramay, sizlar shunday deb aytgan edingiz: ‘Bu ikki xalq bizniki boʻladi, ularning yurtini biz qoʻlga kiritamiz.’ 11Shunday ekan, Men, Egangiz Rabbiy, barhayot Xudo boʻlganim haqi ont ichib aytamanki, sizlarni qilgan qilmishlaringizga yarasha jazolayman. Sizlar xalqimdan nafratlanib, ularga hasad qilganingiz hamda ustilariga gʻazabingizni sochganingiz uchun adabingizni beraman. Men sizlarni jazolaganimda Oʻzimni xalqimga tanitaman. 12Sizlar Isroil togʻlariga qarata aytgan haqoratli soʻzlaringizni Men, Egangiz, eshitganimni bilib olasizlar. Sizlar shunday degan edingiz: ‘Isroil xarob boʻldi, endi bu xalq bizga yem boʻladi.’ 13Ha, sizlar Mening oldimda oʻzingizni katta tutdingizlar. Ogʻzingizni koʻpirtirib, Menga qarshi gapirdingizlar. Men hammasini eshitdim. 14Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men sizlarni xarob qilganimda, butun jahon sevinadi. 15Axir, sizlar Isroil yurti xarob boʻlganidan sevingan edingizlar. Shuning uchun Men bu koʻrgilikni boshlaringizga solaman. Ey Seir togʻlari, ey butun Edom yurti, sizlar xarob boʻlasiz. Shunda Egangiz Men ekanligimni butun jahon bilib oladi.»”
Copyright information for
UznUzbL