‏ Ezekiel 5

Hizqiyol sochini oldiradi

1Egamiz shunday dedi: “Ey inson, oʻtkir bir qilich ol. Ustara oʻrniga oʻshani ishlatib, soching bilan soqolingni qirib tashla
…soching bilan soqolingni qirib tashla — oʻta xoʻrlanish belgisi. Odatda bosqinchilar oʻzlari magʻlub qilgan odamlarning sochi bilan soqolini qirib tashlaganlar.
. Soʻng sochingni tarozida oʻlchab, teng uch qismga boʻl.
2Shaharning qamal kunlari tugaganda, sochingning bir qismini gʻishtga chizilgan shahar oʻrtasida yondir. Ikkinchi qismini shahar atrofiga sochib tashlab, qilich bilan maydala. Uchinchi qismini esa shamolda uchirtirib yuborgin. Men qilichimni yalangʻochlab, shahar aholisini taʼqib qilaman. 3Sochingning ozginasini olib, choponing etagiga qistirib qoʻy. 4Oʻsha sochingning bir qismini olovga tashlab, yondirib yubor. Undan chiqqan olov avj olib, butun Isroil xalqiga yoyiladi.”

5Egamiz Rabbiy shunday deb aytmoqda: “Mana, Quddusga bir qarang. Men uni xalqlarning oʻrtasiga joylashtirdim, boshqa yurtlar uni oʻrab turibdi. 6Ammo u qonun–qoidalarimga qarshi chiqdi, atrofdagi xalqlardan koʻra, koʻproq qabihlik qildi. U qonun–qoidalarimni rad etdi, farmonlarimga boʻysunmadi.”

7Shuning uchun Egamiz Rabbiy Quddusga aytmoqda: “Sizlar badkirdorlikda atrofingizdagi xalqlardan ham oʻtib tushdingiz. Farmonlarimga boʻysunmadingiz, qonun–qoidalarimga rioya qilmadingiz. Axloqsizlikda boshqa xalqlardan battar boʻldingiz. 8Ey Quddus ahli, Men Oʻzim sizlarga qarshi chiqaman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Xalqlarning koʻzi oldida sizlarni jazolayman. 9Qilgan jirkanch ishlaringiz tufayli Men boshingizga dahshatli bir koʻrgilik keltiraman. Men bunaqasini hech qachon qilmaganman va bundan keyin ham qilmayman. 10Quddusda ota–onalar oʻz farzandlarining etini, farzandlar esa oʻz ota–onalarining etini yeydilar. Men sizlarni jazolayman, omon qolganlaringizni dunyoning toʻrt tomoniga tarqatib yuboraman. 11Men, Egangiz Rabbiy, barhayot Xudo boʻlganim haqi ont ichib aytamanki, sizlarni yoʻq qilaman. Sizlar muqaddas maskanimni makruh butlaru jirkanch odatlaringiz bilan harom qildingiz. Shuning uchun sizlarga achinmayman, rahm qilmayman. 12Xalqingizning uchdan bir qismi oʻlatu qahatchilikdan nobud boʻladi. Ikkinchi qismi jangda, shahar tashqarisida qirilib ketadi. Qolgan qismini esa Men toʻrt tomonga tarqatib yuboraman, qilichimni yalangʻochlab taʼqib qilaman.

13Shunda gʻazabimdan tushaman, qahrimni sizlarga sochib boʻlganimdan keyingina taskin topaman. Qahrimni sizlarga sochib boʻlganimdan keyin, Men, Egangiz, rashk ustida gapirganimni sizlar bilib olasiz. 14Men sizlarni xonavayron qilaman. Yon–atrofda yashovchi xalqlar hamda oʻtgan–ketgan odamlar sizlarni mazax qiladilar. 15Men sizlarni qahru gʻazab bilan hukm qilganimda, jahl ustida qattiq jazolaganimda, atrofdagi xalqlar dahshatga tushadilar. Ular bundan saboq oladilar, sizlarni esa mazax qilib, ustingizdan kuladilar. Bularni Men, Egangiz, aytdim. 16Men ustingizga qahatchilikning halokatli oʻqlarini yogʻdiraman, sizlarni yoʻq qilaman. Shahardagi ocharchilikni avjiga chiqaraman, sizlarni bir burda nonga zor qilaman. 17Men sizlarni qahatchilikka giriftor qilaman, ustingizga yovvoyi hayvonlarni yuboraman. Ular sizlarni farzandlaringizdan judo qiladi. Yurtingizda oʻlat va qotillik hukm suradi, Men sizlarga qarshi dushman qilichini yalangʻochlayman. Bularni Men, Egangiz, aytdim.”
Copyright information for UznUzbL