‏ Ezekiel 7

Isroil xalqi gunohlari uchun jazo tortadi

1Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 2“Ey inson, Isroil yurtiga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: kuni bitdi! Butun yurtning kuni yetdi! 3Ey Isroil, sening kuning bitdi, Men qahrimni ustingga sochaman. Tutgan yoʻling uchun seni hukm qilaman, jirkanch odatlaring uchun jazolayman. 4Senga achinmayman, rahm ham qilmayman. Tutgan yoʻling uchun, jirkanch odatlaring uchun adabingni beraman. Oʻshanda Egang Men ekanligimni bilib olasan.

5Ey Isroil, Egamiz Rabbiy shunday deb aytmoqda: mana, kulfat kelmoqda! Dahshatli kulfat! 6Kuningiz bitdi! Evoh, kuningiz bitdi! Mana, balo boshingizga keldi! 7Ey yurt ahli, halokatingiz keldi! Togʻlarda xursandchilik emas, sarosima hukm suradigan kun keldi. 8Koʻp oʻtmay sizlarni gʻazabimga duchor qilaman, jahlimdan tushmagunimcha qahrimni ustingizga sochaman. Tutgan yoʻlingiz uchun sizlarni hukm qilaman, jirkanch odatlaringiz uchun jazolayman. 9Sizga achinmayman, rahm qilmayman. Tutgan yoʻlingiz uchun, jirkanch odatlaringiz uchun adabingizni beraman. Oʻshanda sizni jazolagan Egangiz Men ekanligimni bilib olasiz.»

10Ey inson, ana, kulfat kuni yetib keldi! Halokat yaqinlashib qoldi! Zoʻravonlik gulladi, magʻrurlik kurtakladi. 11Zoʻravonlik fosiqlikni jazolaydigan xivichga aylandi. Bu odamlarning birontasi omon qolmaydi. Toʻkin–sochinligi, boyligi, dabdabasi ado boʻladi.

12Oʻsha vaqt keldi! Oʻsha kun yaqinlashdi! Xaridor xarid qilgan narsasidan quvonmasin, sotuvchi koʻrgan zararidan gʻam chekmasin. Mening gʻazabim butun olomon ustiga birday yogʻiladi. 13Sotuvchi bilan xaridor tirik qolgan taqdirda ham, sotuvchi sotgan yerini qaytarib ololmaydi. Butun olomonga tegishli bu bashoratni qaytarib boʻlmaydi. Gunoh qilganlari uchun ularning birortasi oʻz hayotini saqlab qololmaydi. 14Burgʻular chalindi, hammasi tayyor boʻldi. Ammo jangga kirishga hech kim jurʼat qilmadi. Axir, Mening gʻazabim butun olomon ustiga yogʻiladi.

15Koʻchada jang boʻlmoqda. Ichkarida ocharchiligu oʻlat hukm surmoqda. Daladagilar jangda halok boʻladilar, shahardagilar ocharchiligu oʻlatdan oʻladilar. 16Omon qolganlar dashtdagi kabutarlarday togʻlarga qochadi. Ular gunoh qilganlari uchun ingraydi. 17Odamlarning qoʻllarida mador qolmaydi, ishtonlari hoʻl boʻladi. 18Ular qaygʻudan qanorga oʻranishadi, dahshat ularning yopinchigʻi boʻladi. Ular sochlarini qirdirishadi
Ular qaygʻudan qanorga oʻranishadi…sochlarini qirdirishadi… — qanor dagʻal qoramtir mato boʻlib, echki yoki tuya junidan toʻqilgan. Qanorga oʻranib olish va sochni qirish umidsizlikni va qaygʻuli holatni ifodalaydi.
, yuzlari shuvut boʻladi.
19Kumushlarini koʻchaga uloqtirishadi, oltini axlat kabi boʻladi. Mening gʻazab kunimda kumushu oltini ularga najot bera olmaydi. Ularning nafsini qondirmaydi, och qorinlarini toʻydirmaydi. Ha, oltinu kumushi Isroil xalqining boshiga halokat keltiradi
…oltinu kumushi Isroil xalqining boshiga halokat keltiradi — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi …gunohlari dastidan oltinu kumush ular uchun qoqiltiradigan tosh boʻldi. 3:20 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang.
.
20Ular koʻz–koʻz qilib yurgan chiroyli oltin bezaklaridan makruh xudolarni, jirkanch butlarni yasadilar. Shu sababdan Men boyliklarini ular uchun axlat kabi qilaman.

21Men oʻsha boyliklarni kelgindilarga oʻlja qilib beraman, dunyoning fosiqlariga talataman. Ular Isroil xalqining bor bisotini harom qiladilar. 22Men bu xalqdan yuzimni oʻgiraman. Shunda kelgindilar aziz uyimni
aziz uyim — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi mening xazinam, Maʼbadga ishora boʻlsa kerak. Lekin umumiy maʼnoda Quddusga yoki butun Isroil yurtiga ishora qilingan boʻlishi ham mumkin.
bulgʻaydilar. Ha, zoʻravonlar bostirib kelib, uni bulgʻaydilar.

23Bu xalq uchun zanjirlar tayyorlang! Zero, yurtda qotillik avjiga chiqqan. Quddus shahri zoʻravonlikka toʻlgan. 24Men bu yurtga eng vahshiy xalqlarni boshlab kelaman. Ular yurt ahlining uylariga egalik qilishadi. Men kuchlilarning magʻrurligiga chek qoʻyaman. Ularning sajdagohlari harom qilinadi. 25Dahshatu alam Isroil xalqini qamrab oladi. Ular tinchlikka intilishadi, ammo tinchlik boʻlmaydi. 26Kulfat ketidan kulfat keladi, mish–mish ketidan mish–mish tarqaladi. Odamlar bashorat istab, paygʻambar oldiga behuda borishadi. Ruhoniylar taʼlimot berishga, oqsoqollar maslahat berishga ojiz boʻladilar. 27Shunda shoh qaygʻuga botadi, shahzodalar tushkunlikka tushadi. Qoʻrqqanidan yurt ahlining qoʻli titraydi. Men ularni qilgan qilmishlariga yarasha jazolayman. Ular boshqalarni qanday hukm qilgan boʻlsalar, Men ham ularni xuddi shunday hukm qilaman. Oʻshanda Isroil xalqi Egasi Men ekanligimni bilib oladi.”
Copyright information for UznUzbL