‏ Ezekiel 12

Surgun timsoli

1Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 2“Ey inson, sen isyonkor xalq orasida yashab yuribsan. Ularning koʻzlari bor, ammo koʻrmaydilar, quloqlari bor, ammo eshitmaydilar, chunki ular isyonkor xalqdir.

3Ey inson, kerakli narsalaringni tugib ol. Xuddi surgunga ketayotganday yoʻlga chiq. Buni kunduz kuni qil, odamlar seni koʻrsin. Sen uyingni tashlab, boshqa joyga ketayotganingni hamma koʻrsin. Kim bilsin, balki shunda bu isyonkor xalq esini yigʻib olar. 4Xalq seni tomosha qila olishi uchun tuguningni kunduz kuni tashqariga chiqarib qoʻy. Oʻzing esa, kech tushganda, seni tomosha qilayotgan olomon oldida, xuddi surgunga ketayotganday yoʻlga chiq. 5Odamlarning koʻzi oldida uying devorini tesh, tuguningni teshikdan olib chiq. 6Kech tushganda, uni yelkangga ortib, yoʻlga tush. Tark etayotgan yurtingni koʻra olmasliging uchun yuzingni yopib ol, chunki xalq tomosha qiladigan bu namoyish ular uchun bir timsol boʻladi.”

7Men Egamizning aytganini qilib, surgunga ketayotganday, tugunimni kunduz kuni koʻchaga chiqarib qoʻydim. Kech tushganda qoʻlim bilan uyim devorini teshdim. Qorongʻida tugunni koʻchaga chiqarib, yelkamga ortib oldim. Odamlar meni tomosha qilib turar edilar.

8Ertasi kuni ertalab Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 9“Ey inson, bu isyonkor Isroil xalqi sendan «Nimalar qilyapsan?» deb soʻragan edi, shunday emasmi? 10 11Ularning oldiga borib ayt: «Kecha men sizlarga kelajakda sodir boʻladigan voqealarni namoyish qildim. Qilgan namoyishim Quddusda hukmronlik qilayotgan shahzoda
Quddusda hukmronlik qilayotgan shahzoda — Yahudo shohi Zidqiyo nazarda tutilgan (4 Shohlar 25:4-7 ga qarang).
va u yerdagi butun Isroil xalqining qismati ramzidir. Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sizlar asirlikka tushib, surgun boʻlasizlar.
12Hozir hukmronlik qilayotgan shahzodangiz ham qorongʻida yelkasiga tugun ortib, yoʻlga tushadi. U devorda ochilgan teshikdan chiqadi. Tark etayotgan yurtni koʻrmasligi uchun yuzini yopib oladi. 13Men uning ustiga toʻr tashlayman, u tuzogʻimga tushadi. Men uni Xaldeylar
Xaldeylar — oʻsha vaqtda Bobilliklar shu nom bilan ham atalardi.
yurti Bobilga olib boraman, ammo u Bobilni koʻra olmaydi. U oʻsha yerda olamdan oʻtadi.
14Men shoh saroyining butun ahlini — vazirlaru soqchilarini toʻrt tomonga tarqatib yuboraman. Qilichimni yalangʻochlab, ularni taʼqib qilaman.

15Ey Isroil xalqi, Men sizlarni xalqlar orasiga tarqatib tashlaganimda, boshqa yurtlarga quvib yuborganimda, Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. 16Ammo Men baʼzilaringizni asrab qolaman. Ularni jangda saqlayman, ocharchiligu oʻlatdan qutqaraman. Ular boshqa xalqlar orasiga surgun boʻlganda, qilgan jirkanch odatlarini eʼtirof qiladilar. Oʻshanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.»”

Jazo kechiktirilmaydi

17Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 18“Ey inson, noningni yeganingda titragin, suvingni ichganingda qoʻrquv ichra qaltiragin. 19Yurtdagi odamlarga ayt: «Isroil yurti va Quddus aholisi toʻgʻrisida Egamiz Rabbiy shunday demoqda: bu odamlar yovuz boʻlib ketganlari uchun, Men ularning yurtini talon–taroj qildiraman. Ular nonni qoʻrquv ichra yeydilar, suvni sarosima ichra ichadilar. 20Aholi yashagan shaharlari vayron boʻladi, butun yurt tashlandiq boʻlib qoladi. Shunda ular Egasi Men ekanligimni bilib oladilar.»”

Egamizning soʻzlari amalga oshadi

21Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 22“Ey inson, Isroil yurtida aytilayotgan, «kunlar oʻtyapti, bashoratlar esa puchga chiqyapti» degan maqolni eshitgansan. 23Endi xalqim oldiga borib ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men bu maqolni yoʻq qilib yuboraman. Isroilda uni aytmaydigan boʻlishadi.» Yana ularga ayt: «Bashoratlar bajo boʻladigan kunlar yaqinlashib qoldi. 24Endi Isroil yurtida soxta bashoratlaru yolgʻon karomatlar aytilmaydi. 25Ammo Men, Egangiz, sizlarga gapiraman, aytgan soʻzlarim amalga oshadi, kechikmaydi. Ey isyonkor xalq, sizlar hayot boʻlgan kunlarda aytganlarimni bajo keltiraman. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”

26Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 27“Ey inson! Isroil xalqi sen aytgan bashoratlar uzoq kelajakka taalluqli, deb oʻylayapti. 28Shuning uchun ularga borib ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: aytgan birorta soʻzim kechikmaydi, hammasi amalga oshadi! Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”
Copyright information for UznUzbL