Ezekiel 14
Xudo butparastlikni hukm qiladi
1Isroil oqsoqollaridan baʼzi birlari meni koʻrgani keldilar. 2Shu onda Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 3“Ey inson, bu odamlar butlarga koʻngil qoʻyganlar, gunoh ularning boshiga halokat keltiradi ▼▼ …gunoh ularning boshiga halokat keltiradi — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi …ular gunohni oʻz oldilariga qoqiltiradigan tosh qilib qoʻyishdi (shu bobning 4, 7–oyatlarida ham bor). 3:20 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang.
. Shunday ekan, Menga maslahat solishlariga qanday yoʻl qoʻyay?! 4Sen ularga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Isroil xalqidan birorta odam butlarga koʻngil qoʻysa, bu gunoh uning boshiga halokat keltiradi. Agar bunday odam maslahat soʻragani paygʻambar oldiga kelsa, Men, Egangiz, oʻsha odamning sanoqsiz butlariga yarasha javobini beraman. 5Oʻsha butlari tufayli butun Isroil xalqi Mendan uzoqlashib ketdi, ammo Men beradigan javobim bilan ularning sadoqatini qozonaman.» 6Isroil xalqiga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: tavba qilinglar, butlaringizdan voz kechinglar. Jirkanch odatlaringizdan yuz oʻgiringlar. 7Ey Isroil xalqi, bilib qoʻyinglar, agar sizlardan birortangiz yoki orangizda yashab yurgan birorta musofir Mendan yuz oʻgirib, butlarga koʻngil qoʻysa, bu gunoh uning boshiga halokat keltiradi. Bunday odam paygʻambar oldiga kelib, Menga maslahat solsa, oʻsha odamga javobni Oʻzim beraman. 8Men bunday odamlarga qarshi chiqaman. Boshqalar ularni misol qilib, masallar aytadi. Men ularni orangizdan yoʻq qilaman. Oʻshanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. 9Agar paygʻambar yanglishib, notoʻgʻri maslahat bersa, oʻsha paygʻambarni Men, Egangiz, yanglishtirgan boʻlaman. Men unga qarshi qoʻlimni koʻtaraman, uni orangizdan daf qilaman. 10Men paygʻambarni ham, uning oldiga maslahat soʻrab kelgan odamni ham birday jazolayman. 11Shunda sizlar yoʻlimdan ozmaydigan boʻlasiz, gunohlaringiz bilan oʻzingizni bulgʻamaysiz. Sizlar Mening xalqim boʻlasiz, Men esa sizlarning Xudoyingiz boʻlaman. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»” Egamiz yurt aholisini jazolashi muqarrar
12Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 13“Ey inson, agar biror yurtning aholisi Menga boʻlgan sadoqatini unutib, gunohga qoʻl ursa, Men ularga qarshi qoʻlimni koʻtarib, butun yurtga ocharchilik yuboraman. Odamlarni bir burda nonga zor qilaman. Yurtdagi odamu hayvonlarni qirib tashlayman. 14Bunday xalq orasida hattoki Nuh, Doniyor ▼▼ Doniyor — yoki Danel (shu bobning 20–oyatida ham bor). Hizqiyol paygʻambar bu bashoratini aytganda, Doniyor paygʻambar hali juda yosh edi. Shu sababdan, baʼzi olimlarning fikriga koʻra, bu yerda tilga olingan Doniyor Muqaddas Kitobdagi Doniyor paygʻambar emas, balki Kanʼondagi xalqlarning dostonlarida madh qilingan Danel ismli dono va odil hukmdor boʻlishi mumkin.
va Ayub paygʻambarlar yashagan taqdirda ham, ular solihligi tufayli faqat oʻz jonlarini saqlab qolgan boʻlishardi, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 15— Men oʻsha yurt aholisini yirtqich hayvonlarga talatmoqchi boʻldim, deylik. Yurt huvullab qolib, hayvonlar tufayli odamlar u yerga oyoq bosmay qoʻydi ham, deylik. 16Men, Egangiz Rabbiy, barhayot Xudo boʻlganim haqi ont ichib aytamanki, agar oʻsha uchala paygʻambar u yerda boʻlganda edi, ular oʻz bola–chaqasini ham qutqara olmagan boʻlardi. Ular faqat oʻz jonlarini saqlab qolgan boʻlardi. Yurt esa xarobazorga aylanardi. 17Yoki Men oʻsha yurtga dushman yuborib, u yerdagi bor jonzotni qilichdan oʻtkazishga qaror qildim, deylik. 18Men, Egangiz Rabbiy, barhayot Xudo boʻlganim haqi ont ichib aytamanki, agar oʻsha uchala paygʻambar u yerda boʻlganda edi, ular oʻz bola–chaqasini ham qutqara olmagan boʻlardi. Ular faqat oʻz jonlarini saqlab qolgan boʻlardi, xolos. 19Yoki Men oʻsha yurtga gʻazabimni yogʻdirib, butun jonzotni oʻlat orqali qirib tashlamoqchi boʻldim, deylik. 20Men, Egangiz Rabbiy, barhayot Xudo boʻlganim haqi ont ichib aytamanki, hattoki Nuh, Doniyor va Ayub u yerda boʻlganda edi, ular oʻz bola–chaqasini ham qutqara olmagan boʻlardi. Ular faqat oʻz jonlarini saqlab qolgan boʻlardi.” 21Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men bundan ham battarini qilaman, Quddus ustiga toʻrt xil dahshatli kulfat yogʻdiraman. Shahardagi odamlar va hayvonlar urush, ocharchilik, yovvoyi hayvonlar dastidan va oʻlatdan nobud boʻladilar! 22Ammo baʼzi erkagu ayollar omon qoladilar. Ular qochib, sizlarning oldingizga, Bobilga keladilar. Oʻshanda ularning yurish–turishini, qilmishlarini oʻzlaringiz koʻrib, Men Quddus ustiga yuborgan hamma kulfatlardan taskin topasizlar. 23Ha, oʻsha odamlarning yurish–turishini, qilmishlarini koʻrganlaringizdan keyin taskin topasizlar. Qilgan hamma ishlarim bejiz emasligini bilib olasizlar.” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.
Copyright information for
UznUzbL