‏ Ezekiel 15

Uzum toki haqida matal

1Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 2“Ey inson, tok novdasining yogʻochdan farqi bormi?! Oʻrmon daraxtlaridan uning biron afzalligi bormi?! 3Undan biron–bir narsa yasab boʻladimi? Hech boʻlmasa, buyum osish uchun qoziq qilsa boʻladimi? 4Yoʻq, u faqat oʻtin uchun yaraydi, xolos. Novdaning ikki chekkasi kuyib, oʻrtasi yonib boʻlgandan keyin, uni biron narsaga ishlatib boʻlarmidi, axir?! 5Kuymagan tok novdasi yaroqsiz boʻlgandan keyin, kuyib boʻlgani hech qanday foyda keltirmasligi aniq!

6Shuning uchun Men, Egangiz Rabbiy, shuni aytib qoʻyay: Quddus aholisi oʻrmon daraxtlari orasidagi uzum tokiga oʻxshaydi. Ular yaroqsiz boʻlganlari uchun, Men ularni olovda kuydirib yuboraman. 7Men Oʻzim ularga qarshi chiqaman. Ular olovdan qochib qutulsalar ham, baribir, olovdan nobud boʻladilar. Men ularga qarshi chiqqanimdan keyin, Egangiz Men ekanligimni sizlar bilib olasizlar. 8Xalqim Menga xiyonat qilgani uchun, Men butun yurtni sahroga aylantiraman.” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.
Copyright information for UznUzbL