Ezekiel 18
Shaxsiy masʼuliyat
1Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 2“Nima uchun sizlar Isroil yurtida:«Otalari nordon uzum yeyishgan edi,Bolalarining tishi qamashdi»,
degan maqolni ishlatasizlar? 3Men, Egangiz Rabbiy, barhayot Xudo boʻlganim haqi ont ichib aytamanki, sizlar endi Isroilda bu maqolni boshqa aytmaydigan boʻlasizlar. 4Bilib qoʻying, har bir odamning joni Menikidir. Ota–onalarning ham, bolalarning ham jonlari Menga tegishlidir. Faqat gunoh qilgan odamgina oʻladi. 5Bordi–yu, odam solih boʻlib, adolatli va toʻgʻri ishlar qilsa, 6Isroil xalqining butlariga sigʻinmasa, butxonalarda keltirilgan qurbonliklardan tanovul qilmasa, birovning xotini bilan zino qilmasa, hayz koʻrgan ayolga yaqinlashmasa, 7birovga jabr qilmasa, garovga olgan narsasini qaytarib bersa, oʻgʻrilik qilmasa, ochga non, yalangʻochga kiyim bersa, 8bergan qarzidan foiz talab qilmasa, oʻzini gunohdan tortsa, toʻgʻri hukm chiqarsa, 9farmonlarimga rioya qilsa, qonun–qoidalarimni bitta qoldirmay sadoqat bilan bajarsa, Men, Egangiz Rabbiy, aytamanki, bunday odam haqiqatan ham solih hisoblanib albatta yashaydi. 10Endi shunday solih odamning vahshiy bir oʻgʻli bor, deb faraz qilaylik. Bordi–yu, bu yaramas oʻgʻil qotillik qilsa yoki quyidagi jinoyatlarning birortasiga qoʻl ursa: 11otasi qilmagan ishlarni qilib, butxonalarda keltirilgan qurbonliklardan tanovul qilsa, birovning xotini bilan zino qilsa, 12kambagʻalu mazlumlarga jabr yetkazsa, oʻgʻrilikka qoʻl ursa, garovga olgan narsani qaytarmasa, butlarga sigʻinsa, jirkanch odatlarga taqlid qilsa, 13bergan qarzidan foiz talab qilsa, u yasharmidi?! Yoʻq! Bunday jirkanch ishlarga qoʻl urgan odamga oʻlim jazosi berilsin. U oʻz boshini oʻzi yegan boʻladi! 14Ammo bunday fosiq kishining oʻgʻli, otasining qilgan gunohlarini koʻrsa–yu, otasiga taqlid qilmasa, 15Isroil xalqining butlariga sigʻinmasa, butxonalarda keltirilgan qurbonliklardan tanovul qilmasa, birovning xotini bilan zino qilmasa, 16birovga zulm oʻtkazmasa, qarzdorlaridan kafillik talab qilmasa, oʻgʻrilik qilmasa, ochga non, yalangʻochga kiyim bersa, 17kambagʻalga jabr yetkazmasa ▼
▼ …kambagʻalga jabr yetkazmasa… — ibroniycha matndan. Qadimiy yunoncha tarjimada …oʻzini gunohdan tortsa… (yana shu bobning 8–oyatiga qarang).
, bergan qarzidan foiz olmasa, qonun–qoidalarimga rioya qilib, farmonlarimni bajarsa, bunday odam oʻz otasining gunohlari uchun oʻldirilmasin. U albatta yashasin. 18Qilgan qabihliklari uchun otasining oʻzi oʻldirilsin, chunki u birodariga jabr yetkazib, narsasini oʻgʻirladi, odamlar orasida yaramas ishlar qildi. 19Sizlar esa: «Yoʻgʻ–e, nahotki bola otasining gunohi uchun jazo tortmasa?» deb aytasizlar. Agar bola adolatli va toʻgʻri ishlar qilsa, qonun–qoidalarimning hammasini bitta qoldirmay bajarsa, u albatta yashaydi. 20Gunoh qilgan odamgina oʻladi. Bola otasining gunohi uchun jazolanmaydi, ota ham bolasining gunohi uchun jazolanmaydi. Solih odamlar oʻz solihligiga yarasha mukofot oladilar, fosiqlar oʻz fosiqligi uchun jazo tortadilar. 21Bordi–yu, fosiq odam qilgan gunohlaridan tavba qilsa, qonun–qoidalarimning hammasini bajarsa, adolatli va toʻgʻri ishlar qilsa, u albatta yashaydi, oʻlmaydi. 22Men bunday odamning qilgan barcha gunohlaridan kechib yuboraman. U qilgan solih ishlari tufayli yashaydi. 23Nahotki fosiq odamning oʻlimini istasam? — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Yoʻq! Men uning yomon yoʻldan qaytishini va yashashini istayman! 24Yomon yoʻlga kirib ketgan solih odam–chi? Fosiqlar kabi jirkanch ishlar qilgan bunday odam yashaydimi? Yoʻq! Men uning bironta xayrli ishini esga olmayman. U Menga xiyonat qilgani uchun, gunohga qoʻl urgani uchun oʻladi. 25Sizlar esa: «Rabbiy notoʻgʻri ish tutyapti», deb aytyapsizlar. Ey Isroil xalqi, gapimni tinglang: notoʻgʻri ish tutgan Menmi yoki sizlarmi?! 26Bilib qoʻying, yomon yoʻlga kirib ketgan har bir solih kishi qilgan gunohi uchun oʻladi. 27Yomon yoʻldan qaytgan fosiq esa adolatli va toʻgʻri ishlar qilsa, oʻz hayotini asrab qoladi. 28Bunday odam tutgan yoʻli notoʻgʻri ekanligini anglab, qilgan gunohlaridan qaytgani uchun albatta yashaydi, u oʻlmaydi. 29Shunday boʻlsa–da, Isroil xalqi: «Rabbiy notoʻgʻri ish tutyapti», deb aytyapti. Ey Isroil xalqi, qani, Menga ayting–chi, notoʻgʻri ish tutgan Menmi yoki sizlarmi?! 30Ey Isroil xalqi, har biringizni tutgan yoʻlingizga yarasha hukm qilaman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Tavba qilinglar! Gunohlaringizdan qaytinglar! Aks holda, gunoh boshingizga halokat keltiradi ▼▼ …gunoh boshingizga halokat keltiradi — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi …bu gunoh sizlar uchun qoqiltiradigan tosh boʻladi. 3:20 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang.
. 31Menga qarshi qilgan gunohlaringizdan voz kechinglar. Oʻzlaringiz uchun yangi yurak va yangi ruh olinglar! Nima uchun sizlar oʻlishingiz kerak, ey Isroil xalqi?! 32Bironta odamning halok boʻlishini istamayman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Yomon yoʻldan qaytinglar, yashanglar!”
Copyright information for
UznUzbL