‏ Ezekiel 22

Quddusning jinoyatlari

1Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 2“Ey inson, qotillar shahrini hukm qil. Uning jirkanch odatlarini yuziga sol, 3unga shunday deb ayt: «Egamiz Rabbiy demoqda: ey Quddus, sen oʻz koʻchalaringda qon toʻkib, boshingga balo orttirding. Butlar yasab, oʻzingni bulgʻading. 4Toʻkilgan oʻsha qon uchun sen aybdor boʻlding, yasagan butlaring bilan bulgʻanding. Halokat kuningni yaqinlashtirding. Oʻz hayotingga yakun yasading! Shu bois xalqlar seni mazax qilishlariga, yurtlar ustingdan kulishlariga Men yoʻl qoʻyaman. 5Ey yomon ot chiqargan, gʻalayonga toʻla shahar, uzoq–yaqindagilar seni mazax qiladilar.

6Shahardagi Isroil yoʻlboshchilari oʻz mansabidan foydalanib, qon toʻkadilar. 7U yerdagi odamlar ota–onasini xor qiladilar, musofirlarni aldaydilar, yetim va bevalarga zulm oʻtkazadilar. 8Muqaddas narsalarimni xor qilib, Shabbat kunlarimni bulgʻaydilar. 9Baʼzilari odamlarni oʻldirish uchun tuhmat qiladilar. Butxonalarda keltirilgan qurbonliklardan tanovul qiladilar, oʻzlarining shahvoniy hirslarini qondirish bilan ovora boʻladilar. 10Boshqalari oʻgay onalari bilan yotadilar, hayz koʻrgan ayollarni zoʻrlaydilar. 11Qoʻshnining xotini bilan jirkanch ishlar qiladilar, kelinlarini uyatsizlarcha bulgʻaydilar, tugʻishgan singillarining nomusiga tegadilar. 12Shahardagi baʼzi odamlar pul uchun odam oʻldiradilar. Bergan qarzidan foiz undiradilar, oʻzganing bor–yoʻgʻini tortib olib, daromad koʻradilar. Ey Quddus aholisi, Meni unutib yubordingiz! Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.

13Nohaq foyda koʻrganingiz uchun, qon toʻkkaningiz uchun Men gʻazab ichra kaftimni kaftimga uraman. 14Adabingizni bergan kunim mardligingizni koʻraman, oʻshanda Men bilan olishishga qurbingiz yetarmikan?! Men, Egangiz, aytganlarimni amalga oshiraman. 15Men sizlarni xalqlar orasiga tarqatib tashlayman, boshqa yurtlarga quvib yuboraman, iflos qilmishlaringizga chek qoʻyaman. 16Begona xalqlar sizlarni xor qilganda, Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.»”

Egamizning oʻchogʻi

17Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 18“Ey inson, Isroil xalqi Men uchun toshqolday
toshqol — kumush eritilganda qoladigan qotishma. U chiqindi hisoblanadi va tashlab yuboriladi.
qadrsiz boʻlib qoldi. Kumush eritilgandan keyin oʻchoqda qotib qolgan mis, qalay, temir va qoʻrgʻoshin qorishmasi kabidir bu xalq.
19Ularga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sizlar toshqolday boʻlib qolganingiz uchun Men sizlarni Quddusga yigʻaman. 20Kumush, mis, qalay, temir va qoʻrgʻoshin oʻchoqqa qanday yigʻilsa, eritish uchun tagiga olov qanday yoqilsa, Men xuddi shunday qahru gʻazab bilan sizlarni yigʻaman, hammangizni shaharda eritib yoʻq qilaman. 21Ha, Men sizlarni Quddusga yigʻib olaman, gʻazabim olovini sizlarga sochaman. Sizlar erib yoʻq boʻlib ketasizlar. 22Kumush oʻchoqda eriganday, sizlar qahrim oʻtida erib yoʻq boʻlasizlar. Shunda ustingizga gʻazab oʻtini sochgan Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.»”

Isroil yoʻlboshchilarining gunohlari

23Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 24“Ey inson, Isroil xalqiga shunday deb ayt: «Sizlar qahr kunida poklanmagan, ustiga yomgʻir yogʻmagan bir yurtdirsiz. 25Yurtingizdagi shahzodalar
shahzodalar — qadimiy yunoncha tarjimadan (yana 19:1-6 ga qarang). Ibroniycha matnda paygʻambarlar toʻdasi.
oʻkirayotgan, oʻljasini tilka–pora qilayotgan sherga oʻxshaydi. Ular odamxoʻrlik qiladilar, mulku boylikni qoʻlga kiritadilar, qotilliklar qilib, bevalarning sonini koʻpaytiradilar.
26Ruhoniylaringiz qonunimni buzib, muqaddas narsalarimni bulgʻadilar. Muqaddas bilan oddiy narsaning farqiga bormadilar. Odamlarga nima haromu nima halol ekanini oʻrgatmadilar, Shabbat kunlariga rioya qilmadilar, xullas, xalqim orasida Meni beobroʻ qildilar. 27Yurtingizdagi yoʻlboshchilar oʻljasini tilka–pora qilayotgan boʻriga oʻxshaydilar. Ular boylik orttirish uchun qon toʻkadilar, odamlarning jonini oladilar. 28Paygʻambarlaringiz esa devorni oqlagan mardikorlar kabi, bu gunohlarni yashirib, ustidan oqlaydilar. Yolgʻon vahiylar koʻrib, soxta bashoratlar aytadilar. Men ularga gapirmasam ham, ‘Egamiz Rabbiy shunday demoqda’ deb gapiradilar. 29Yurtingizdagi odamlar qallobligu oʻgʻrilik qiladilar, kambagʻalu nochorni ezadilar, musofirning bor–yoʻgʻini tortib oladilar, haqini talab qilishga yoʻl qoʻymaydilar.

30Devorni qayta quradigan, devorning oʻpirilib tushgan joyida turib, yurtni himoya qiladigan birorta odam bormikan, deya sizlarning orangizdan izladim. Ammo yurtni qahrimdan saqlab qoladigan bunday odamni topa olmadim. 31Shuning uchun Men sizlarga qahrimni sochaman, hammangizni gʻazabim olovida yoʻq qilaman. Qilgan qilmishlaringizga yarasha jazoingizni beraman. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”
Copyright information for UznUzbL