‏ Ezekiel 28

Tir shohi haqida bashorat

1Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 2“Ey inson, Tir
Tir — 26:2 izohiga qarang.
shohiga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sen magʻrurlanib ketding. ‘Men xudoman, dengiz bagʻridagi xudolar taxtida oʻtiribman’, deb aytding. Sen oʻzingni xudoday dono deb bilasan, axir, sen xudo emas, insonsan–ku!
3Nahotki Doniyordan
Doniyor — yoki Danel. 14:14 izohiga qarang.
ham dono boʻlsang?! Nahot barcha sirlarni bilsang?!
4Sen donoliging va aqling bilan oʻzingga davlat orttirding, xazinalaringni oltinu kumushga toʻldirding. 5Savdo–sotiqdagi iqtidoring bilan koʻp davlat yigʻding. Ammo boyliging tufayli magʻrurlanib ketding.

6Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sen oʻzingni xudoday dono deb bilganing uchun, 7Men ustingga begona xalqni tortib kelaman. Ular oʻtaketgan yovuz xalqdir. Ular goʻzalliging va donoligingga qarshi chiqib, qilich yalangʻochlaydilar. Hashamatingni oyoq osti qiladilar. 8Oʻzingni esa tubsiz chuqurlikka uloqtiradilar. Ha, sen dengiz bagʻrida azoblanib jon berasan. 9Shunda, jallodlaring oldida ‘men xudoman’, deb aytarmikansan?! Axir, qotillaring qoʻlida sen xudo emas, oddiy bir inson boʻlasan! 10Sen musofirlar qoʻlida sunnatsizlar kabi oʻlasan. Bularni Men aytdim. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”

Tir shohi haqida marsiya

11Egamiz menga yana shunday dedi: 12“Ey inson, Tir shohi haqida marsiya ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda:

Ey Tir shohi, sen barkamollikning aʼlo namunasi boʻlding.
Nihoyatda dono, goʻzallikda barkamol eding.
13Sen Xudoning bogʻi Adanda yashar eding.
Qizil yoqut, xrizolit, olmos,
Topaz, aqiq, yashma,
Zangori yoqut, firuza va zumrad
Qizil yoqut…zumrad… — ibroniycha matnda aytib oʻtilgan baʼzi qimmatbaho toshlarning turi bahsli.
kabi
Qimmatbaho toshlar bilan bezanar eding.
Taqinchoqlaring oltindan yasalgan edi.
Sen yaralgan kuning bular tayyorlangandi.
14Men seni soqchi karub qilib tanladim,
Oʻsha martabaga seni tayinladim.
Sen Xudoning togʻida yashar eding,
Olovday tovlangan toshlar orasida yurar eding.
15Bino boʻlganingdan to qabihlik qilguningga qadar,
Sen toʻgʻri yoʻldan yurding.
16Katta tijorating tufayli,
Yovuzlikka toʻlib, gunoh qilding.
Men seni sharmandalarcha Xudoning togʻidan haydadim.
Ey soqchi karub, Men seni chiqarib yubordim,
Olovday tovlangan toshlar orasidan haydadim.
17Sen goʻzalliging tufayli magʻrurlanib ketgan eding.
Savlating tufayli aql–farosatdan voz kechgan eding.
Shuning uchun Men seni yerga uloqtirdim,
Shohlar oldida sharmandangni chiqardim.
18Sen cheksiz gunohlaring bilan,
Savdo–sotiqdagi nohaqliklaring bilan,
Oʻz sajdagohlaringni bulgʻading.
Shuning uchun Men ichingdan olov chiqardim,
Seni kuydirib tashladim.
Odamlarning koʻzi oldida kulingni koʻkka sovurdim.
19Seni bilgan xalqlar ahvolingni koʻrib, dong qotdilar.
Sening boshingga dahshatli oʻlim keldi,
Sen abadiy yoʻq boʻlasan.»”

Sidon shahri haqida bashorat

20Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 21“Ey inson, Sidon
Sidon — 27:8 izohiga qarang.
shahriga yuzlan, unga qarshi bashorat qilib ayt:
22«Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey Sidon, Men senga qarshiman! Seni jazolab, sen orqali muqaddasligimni ayon qilaman, shu tariqa orangda Oʻzimni ulugʻlayman. Oʻshanda Egang Men ekanligimni bilib olasan. 23Men seni dahshatli oʻlatga giriftor qilaman. Koʻchalaringda qon daryo boʻlib oqadi. Dushmanlaring senga har tomondan hamla qiladi, odamlarning jasadlari shahar ichida yotadi. Oʻshanda Egang Men ekanligimni bilib olasan.»”

Kelajakda Isroil oladigan barakalar

24 25Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Isroil xalqidan hazar qilib, zulm oʻtkazgan bironta qoʻshni xalq bundan buyon Isroil xalqi uchun tikan va yantoqday boʻlmaydi. Isroil xalqi Egasi Rabbiy Men ekanligimni bilib oladi. Men tarqatib yuborgan xalqim Isroilni uzoq yurtlardan Oʻzim yigʻib olaman. Ular orqali barcha xalqlarga muqaddasligimni ayon qilaman. Men qulim Yoqubga mulk qilib bergan yerda ularni oʻrnashtiraman. 26Ular osoyishta hayot kechiradilar. Uylar qurib, uzumzorlar barpo qiladilar. Ulardan hazar qilgan qoʻshni xalqlarni jazolaganim uchun xalqim bexatar, tinch yashaydi. Oʻshanda Egasi Xudo Men ekanligimni bilib oladi.”
Copyright information for UznUzbL