Ezekiel 36
Isroil togʻlari haqida bashorat
1Egamiz menga dedi: “Ey inson, Isroil togʻlari haqida shunday bashorat qil: «Ey Isroil togʻlari, Egamizning soʻzini eshiting. 2Egamiz Rabbiy shunday demoqda: gʻanimlaringiz sizni mazax qilib: ‘Aha! Bu koʻhna tepaliklar endi bizniki boʻldi’, deb aytgan edilar.» 3Shuning uchun, ey inson, bashorat qilib ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: qoʻshni xalqlar sizlarga har yoqdan hamla qilib, sizlarni xonavayron qilganlari uchun, sizlar ularning mulki boʻldingiz, odamlardan haqoratlar eshitib, xoʻrliklar koʻrdingiz. 4Ey Isroil togʻlari, endi Mening soʻzimni eshiting! Men, Egangiz Rabbiy, togʻlaru qirlarga, soyliklaru vodiylarga, xarobazorlaru huvullagan shaharlarga gapirmoqdaman. Axir, bu shaharlar atrofdagi hamma xalqlarga oʻlja va kulgi boʻldi. 5Men, Egangiz Rabbiy, aytamanki, Isroil atrofida yashagan xalqlardan, xususan, Edom xalqidan qattiq gʻazabdaman. Chunki ular nafrat tuygʻusiga berilib, yaylovlarni talon–taroj qilish uchun yurtimni qoʻlga kiritdilar. Shunda oʻzida yoʻq xursand boʻldilar.» 6Ey inson, shu sababdan Isroil yurti haqida bashorat qilib, togʻlaru qirlarga, soyliklaru vodiylarga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: qoʻshni xalqlar sizlarni qanchalik xoʻrlaganini koʻrib, gʻazabim keldi, rashkim qoʻzidi. 7Shu sababdan Men, Egangiz Rabbiy, ont ichib aytamanki, atrofingizdagi barcha xalqlarni xoʻrlamay qoʻymayman. 8Sizlar esa, ey Isroil togʻlari, butoq chiqarasizlar. Xalqim Isroil uchun moʻl hosil yetishtirasizlar. Ha, koʻp oʻtmay ular oʻz yurtiga qaytib keladilar. 9Men sizlarga yuz buraman, Oʻzim sizlarga gʻamxoʻrlik qilaman. Yerlaringiz shudgor qilinadi, ekinlar ekiladi. 10Men Isroil aholisini koʻpaytiraman. Butun Isroil xonadonini son–sanoqsiz qilaman. Huvullagan shaharlarga odamlar koʻchib keladi, vayronalar qayta tiklanadi. 11Nafaqat odamlarning, balki mol–qoʻylarning ham soni behad koʻpayadi. Ular koʻpayib, barakali boʻladi. Yurtingiz ilgarigiday odamlarga toʻlib–toshadi. Men sizlarni oldingidan ham aʼloroq hayotga erishtiraman. Oʻshanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. 12Men xalqim Isroilni oldingizga yetaklab kelaman. Ular yerlaringizga egalik qiladilar, sizlar xalqimning mulki boʻlasizlar. Xalqimning farzandlarini boshqa nobud qilmaysizlar. 13Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey Isroil togʻlari, odamlar sizlar haqingizda shunday gapirishadi: ‘Isroil yurti oʻz odamlarini nobud qiladi, oʻz xalqini farzandlaridan judo qiladi.’ ▼▼ ‘Isroil yurti oʻz odamlarini nobud qiladi, oʻz xalqini farzandlaridan judo qiladi’ — 5:14-17 ga qarang.
14Ammo endi sizlar odamlarni nobud qilmaysizlar, xalqingizni farzandlaridan judo qilmaysizlar, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 15— Begona xalqlar sizlarni haqorat qilishlariga va ustingizdan kulishlariga Men yoʻl qoʻymayman. Bundan buyon xalqimning qoqilishiga sizlar sabab boʻlmaysiz. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»” Isroil xalqining yangi hayoti
16Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 17“Ey inson, Isroil xalqi ona yurtida yashab yurgan paytida yerni yaramas qilmishlari bilan bulgʻagan edi. Ularning bunday qilmishlari Mening nazarimda hayz koʻrgan ayolday nopok edi ▼▼ …hayz koʻrgan ayolday nopok edi — Levilar 15:19 ga qarang.
. 18Ular yurtda qon toʻkkanlari uchun, butlarga sigʻinib zaminni bulgʻaganlari uchun, Men ularning ustiga gʻazabimni sochgan edim. 19Ularni xalqlar orasiga tarqatib tashlagan edim, boshqa yurtlarga quvib yuborgan edim. Men ularni tutgan yoʻllari va qilgan qilmishlariga yarasha jazolagan edim. 20Biroq ular borgan joylarida Meni badnom qilishdi. Ularni koʻrgan odamlar: «Bu Xudoning xalqi–ku! Ular Egasining yurtidan chiqib ketishga majbur boʻlibdi–da!» deb aytishar edi. 21Ha, Isroil xalqi borgan joyida Meni badnom qildi. Bulgʻangan muqaddas nomim uchun Men qaygʻurdim. 22Shunday ekan, Isroil xalqiga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men sizlarni yurtingizga qaytarib olib kelaman. Lekin buni sizlar uchun emas, balki xalqlar orasida sizlar bulgʻagan Oʻz nomim uchun qilaman. 23Sizlar bulgʻagan Mening buyuk nomim qanchalik muqaddas ekanligini Men barcha xalqlarga koʻrsataman. Oʻshanda Egasi Men ekanligimni ular bilib oladilar. Men sizlar orqali Oʻz muqaddasligimni ularga ayon qilaman. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir. 24Axir, sizlarni barcha xalqlar orasidan, hamma yurtlardan yigʻib olaman. Oʻz yurtingizga olib borib oʻrnashtiraman. 25Ustingizga toza suvdan sepib, sizlarni poklayman. Barcha nopokliklaru butlaringizdan tozalayman. 26Sizlarga yangi yurak berib, qalbingizni yangi ruhga toʻldiraman. Bagʻringizdagi tosh yurakning oʻrniga yumshoq yurak beraman. 27Ichingizga Oʻz Ruhimni solaman. Sizlar farmonlarimga rioya qiladigan, qonun–qoidalarimni bitta qoldirmay bajaradigan boʻlasizlar. 28Shunda Men ota–bobolaringizga bergan bu yurtda yashaysizlar. Sizlar Mening xalqim boʻlasiz, Men esa sizning Xudoyingiz boʻlaman. 29Men sizlarni barcha nopokliklardan xalos qilaman. Gʻalla hosilini moʻl yetishtirib, ocharchilikka chek qoʻyaman. 30Ovqat tanqisligidan xalqlar orasida xor boʻlmasligingiz uchun bogʻlaru dalalaringizga moʻl hosil beraman. 31Shunda sizlar yovuz yoʻllaringizni, qabih qilmishlaringizni eslaysizlar, qilgan gunohlaringiz va jirkanch odatlaringiz uchun oʻzingizdan nafratlanib ketasizlar. 32Ey Isroil xalqi, bilib qoʻyinglar, Men sizlarga qilmoqchi boʻlgan bu yaxshiliklarga loyiq emassiz, biroq shu orqali Men sizlarni uyaltiraman. Qilgan qilmishlaringizdan pushaymon boʻlasiz. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.» 33Ey inson, ularga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men sizlarni gunohlardan poklaganimda, odamlarni olib kelib, shaharlaringizga oʻrnashtiraman. Vayrona boʻlib yotgan xarobalaringiz tiklanadi. 34Qachonlardir sayyohlar kezib yurgan tashlandiq, qarovsiz yerlarga qayta ishlov beriladi. 35Ular bu yerlarni koʻrganda shunday deb aytishadi: ‘Voajabo! Tashlandiq boʻlib yotgan bu yerlar Adan bogʻiday yashnab ketibdi–ku! Huvullab yotgan xarob shaharlar mustahkam devorlar bilan oʻralib, obod boʻlibdi–ku!’ 36Shunda atrofdagi omon qolgan xalqlar xarob shaharlarni Men, Egangiz, qayta qurganimni, yalang maydonlarga Men ekin ekkanimni bilib olishadi. Men, Egangiz, aytgan bu soʻzlarimni albatta amalga oshiraman.»” 37Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men xalqim Isroilning iltijolariga quloq tutib, ularni qoʻylarday son–sanoqsiz qilaman. 38Bayram arafasida Quddus koʻchalari qurbonlik qilinadigan qoʻylar bilan toʻlib–toshganiday, hozir vayron boʻlib yotgan shaharlar ham odamlar bilan toʻlib–toshadi. Oʻshanda Isroil xalqi Egasi Men ekanligimni bilib oladi.”
Copyright information for
UznUzbL