Ezekiel 6
Egamiz butparastlikni hukm qiladi
1Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 2“Ey inson, Isroil togʻlariga yuzlan. Ularga qarshi shunday bashorat qil: 3«Ey Isroil togʻlari, Egamiz Rabbiyning soʻzlarini eshitinglar! Egamiz Rabbiy togʻlaru qirlarga, jarliklaru vodiylarga shunday deb aytmoqda: Men Oʻzim sizlarga qarshi qilich yuboraman, butlarga atalgan barcha sajdagohlaringizni ▼▼ sajdagoh — ibroniycha matnda bamax, yaʼni “tepalik” (shu bobning 6–oyatida ham bor). Kanʼon xudolariga topinadigan joylar bamax deb atalardi. Odatda bu sajdagohlar tepaliklarda joylashgan boʻlib, u yerda Kanʼon xudolarining tasvirlari va qurbonliklar keltirish uchun qurbongoh boʻlardi.
vayron qilaman. 4Qurbongohlaringiz buzib tashlanadi, tutatqi qurbongohlaringiz parcha–parcha qilinadi. Men odamlaringizni butlaringiz oldida qirib yuboraman. 5Isroil xalqining jasadlarini butlaringiz oldiga tashlayman, suyaklarini qurbongohlaringiz atrofiga sochaman. 6Hamma shaharlaringizni yakson qilaman, sajdagohlaringizni vayron etaman. Shunda qurbongohlaringiz buziladi, butlaringiz parcha–parcha qilinadi, tutatqi qurbongohlaringiz qoʻporib tashlanadi, qoʻllaringiz yaratgan hamma narsa supurib tashlanadi. 7Butun yurt jasadlarga toʻladi. Oʻshanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. 8Men baʼzi bir odamlarning jonini qirgʻindan saqlab qolaman. Biroq ularni boshqa yurtlarga, begona xalqlar orasiga quvib yuboraman. 9Ular begona xalqlar orasiga surgun qilinganda Meni eslaydilar. Meni rad etgan vafosiz qalblariyu butlar ketidan qaragan hirsli koʻzlari dilimga qanchalik ozor yetkazganini tushunib oladilar. Ular qilgan qabihliklari va jirkanch ishlari uchun oʻzlaridan oʻzlari hazar qilib, nafratlanadilar. 10Oʻshanda Egasi Men ekanligimni bilib oladilar. Boshlariga keladigan falokat haqida Men ularni jiddiy ogohlantirganimni bilib oladilar.»” 11Egamiz Rabbiy menga dedi: “Qani boʻl, koʻksingga ur, yerni tep. Shunday deb xitob qil: «Qabihlikka qoʻl urgan Isroil xalqining holiga voy!» Axir, ular qilichdan, ocharchiligu oʻlatdan nobud boʻladilar! 12Uzoqlarda boʻlganlar oʻlatdan qirilib ketadi. Yaqinda boʻlganlar qilichdan oʻtkaziladi. Omon qolganlar ocharchilikdan nobud boʻladi. Shu yoʻl bilan Men ularning ustilariga qahrimni sochaman. 13Ularning jasadlari butlari orasida, qurbongohlari atrofida, har bir baland tepalikda, barcha togʻ choʻqqilarida, har bir yashil daraxtu sersoya eman ostida — xalqim butlarga atab xushboʻy tutatqilar tutatgan har bir joyda yotadi. Oʻshanda omon qolganlari Egasi Men ekanligimni bilib oladilar. 14Men ularga qarshi qoʻlimni koʻtaraman. Ularning butun yurtini, sahrodan tortib, to Rivlo ▼▼ Rivlo — baʼzi ibroniy qoʻlyozmalaridan. Ibroniycha matnda Divlo, nomaʼlum bir shaharning nomi boʻlsa kerak. Rivlo shahri hozirgi Suriyada joylashgan boʻlib, Isroil shohligining eng shimoliy nuqtasini tashkil qilardi.
shahrigacha vayron qilib, tashlandiq yerga aylantiraman. Oʻshanda ular Egasi Men ekanligimni bilib oladilar.”
Copyright information for
UznUzbL