Isaiah 24
Egamiz yer yuzini jazolaydi
1Ana, Egamiz xarob etadi yer yuzini,Vayronaga aylantiradi uni,
Ostin–ustin qiladi yer yuzini,
Tarqatib yuboradi zamin ahlini.
2Bir taqdir kutmoqda
Xalq va ruhoniyni,
Qul va uning egasini,
Choʻriyu uning bekasini,
Xaridoru sotuvchini,
Qarzdoru qarz beruvchini,
Sudxoʻru qarz olganni.
3Dunyo tamom vayron boʻladi,
Yer yuzi oʻljaga aylanadi.
Ha, Egamizning kalomi shudir.
4Dunyo qurib, vayron boʻladi,
Yer yuzi qaygʻurib, tamom boʻladi,
Dunyoning magʻrur xalqi kuchdan qoladi.
5Zamin bulgʻandi,
Axir, uning ahli qonunlarni buzdi,
Xudoning koʻrsatmalarini oyoq osti qildi.
Ha, abadiy ahd buzildi.
6Shu bois laʼnat olamni yeb bitiradi,
Olam ahli gunohining jazosini tortadi,
Shu sababdan ular yoʻqolib bormoqda,
Juda oz odamlar qutulib qoldi.
7Yangi sharobing tugadi, toklaring quridi,
Ilgari shod boʻlganlar ogʻir nafas olmoqda.
8Doiraning joʻshqin sadosi kesildi,
Shodon ovozlar endi eshitilmaydi,
Arfaning shoʻx sadosi sukutga toldi.
9Endi sharob ichib, qoʻshiq aytmaslar,
Ichganga sharobning taʼmi achchiq tuyular.
10Vayrona shahar tashlandiq boʻldi,
Hamma uy berkilgan, kirib boʻlmaydi.
11Sharob yoʻqligidan koʻchalarda shovqin–suron.
Evoh, shodlikdan asar ham qolmadi,
Dunyoni sevinch tark etdi.
12Shahar xarobazor,
Darvozalari esa parcha–parcha.
13Ha, hosil mavsumidan keyin,
Zaytun daraxti yoki uzumzor qanday boʻlsa,
Dunyodagi xalqlar ham shunday yalangʻoch boʻlib qoladi.
14Mana, gʻarbdagilar
Egamizning buyukligini ovoza qiladilar.
Ular ovozlarini yuksaltirib,
Sevinchdan hayqiradilar.
15Shu bois, ey sharq ahli, Egamizga hamdu sano ayting,
Ey dengiz orollarida yashovchilar,
Isroil xalqining Xudosi — Egamizni ulugʻlang.
16Dunyoning eng chetidan qoʻshiqlar eshitarmiz:
“Odil Xudoga sharaflar boʻlsin!”
Ammo men: “Tamom boʻldim! Tamom boʻldim!
Endi holimga voy! — dedim. —
Xoinlar sotmoqdalar,
Ha, ular xoinlik qilmoqdalar!”
17Ey olam ahli, sizni vahima,
Tuzoq va choh kutmoqda.
18Vahimali ovozni eshitib qochgan chuqurga tushar,
Chuqurdan chiqqan esa tuzoqqa ilinar,
Osmonning qopqasi ochiladi,
Yerning poydevori titrab ketadi.
19Yer parcha–parcha boʻlib,
Maydalanib ketadi.
Yer qattiq tebranadi.
20Zamin mast odamday gandiraklaydi,
Daladagi chayladay tebranadi.
Gunohlarning ogʻirligidan bukchayib qoladi,
Yiqiladi–yu, qaytib tura olmaydi.
21Oʻsha kuni Egamiz yuqoridagi samoviy kuchlarga,
Pastdagi zamin shohlariga jazo beradi.
22Ular chohdagi asirlar kabi,
Bir joyga yigʻib olinadi,
Zindonga qamab qoʻyiladi,
Keyinroq ular jazolanadi.
23Oy xijolat boʻlar, quyosh sharmanda boʻlar,
Sarvari Olam Quddusdagi Sion togʻida hukmron boʻlar.
Xalq oqsoqollariga U Oʻz ulugʻvorligini namoyon qilar.
Copyright information for
UznUzbL