‏ Isaiah 26

Xudo Oʻz xalqiga gʻalaba ato qiladi

1Oʻsha kuni Yahudo yurtida ushbu qoʻshiq kuylanar:

“Mana, shahrimiz qudratlidir!
Egamiz bizning qalʼamizdir,
Uning Oʻzi bizga najot beradi.
2Oching shahar darvozalarini!
Sadoqatli solih xalq ichkari kirsin!
3Ey Egamiz, Senga ishonib,
Fikri–zikri Sendan uzilmaydiganga
Oʻzing komil tinchlik ato qilasan.
4Egamizga to abad ishon,
Uning Oʻzi
Uning Oʻzi — ibroniycha matnda Yah Yahveh. Ibroniychada Yahveh Xudoning ismidir, YahYahvehning qisqa shakli.
abadiy Qoyamizdir.
5Yuksalganlarni U yiqitdi,
Takabbur shaharni vayron qilib,
Yer bilan bitta qildi.
6Oʻsha shaharni mazlumlar oyoq osti qildi,
U bechoralarning qadamlari ostida ezildi.”

7Solihning yoʻli tekisdir,
Toʻgʻri yoʻlni Sen unga tayyorlaysan.
8Ey Egamiz, yoʻl–yoʻriqlaring ila
Senga umid qilamiz.
Sening nomingni sharaflash
Koʻnglimiz istagidir.
9Tun boʻyi yuragim Seni qoʻmsaydi,
Ha, men Senga intilaman.
Yer yuzida Sening hukming boʻlganda,
Olam ahli adolatni biladi.
10Fosiqlar marhamat koʻrganda
Ular aslo solihlikni oʻrganmas.
Haqqoniylik oʻrniga ular egrilik qilaveradi,
Sening ulugʻvorligingni ular koʻrmaydi.
11Ey Egamiz, qoʻling koʻtarilgan,
Jazolashga tayyor,
Ammo ular buni koʻrmaydi.
Xalqingni deb jon kuydirganingni koʻrib,
Ular sharmanda boʻlsin.
Gʻanimlaringga atalgan olov ularni yutsin.

12Ey Egamiz, bizga Sen tinchlik ato etasan,
Qilgan ishlarimizning barchasiga
Yetishganmiz Sening qudrating ila.
13Ey Egamiz Xudo, Sendan boshqalar
Ustimizdan hukmronlik qildilar,
Ammo biz yolgʻiz Sening nomingni tilga olamiz.
14Oʻliklar yashamas,
Ular aslo qaytib kelmas.
Ularni Sen jazolab, qirib tashlading,
Ularni tamomila xotiradan oʻchirding.
15Ey Egamiz, xalqimizni Sen koʻpaytirding,
Xalqni koʻpaytirib, Oʻzing yuksalding,
Yurtning barcha chegaralarini kengaytirding.

16Ey Egamiz, kulfatda qolganlarida
Ular Senga yuz burdilar,
Sening tanqidlaring ostida egildilar.
17Toʻlgʻoq tutayotgan ayol ogʻriqdan qichqirganday,
Toʻlgʻonib, dod–faryod qilganday,
Biz ham Sening oldingda shunday boʻldik, ey Egamiz!
18Homilador boʻlib, dard chekdik,
Ammo shamoldan boshqa hech narsa koʻrmadik.
Na yer yuzida biz gʻolib boʻldik,
Na avlodlar dunyoga keltirdik.

19Ammo Sening oʻlik xalqing tiriladi,
Tanalari oʻrnidan turadi.
Ey tuproq ostida yotganlar, qoʻzgʻaling,
Shodlikdan hayqiring!
Ey Egamiz, shabnaming tonggi shabnamga oʻxshaydi,
Zamin murdalariga hayot bagʻishlaydi.

Hukm va qayta tiklanish

20Keling, ey xalqim, bir oz yashirinib turing!
Egamizning gʻazabi bosilguncha,
Kiring ichkariga,
Ortingizdan eshiklarni yopib qoʻying!
21Ana, Egamiz kelayotir maskanidan
Zamin ahlini gunohlari uchun jazolagani.
Yer toʻkilgan qonlarni fosh etadi,
Qotillikning qurbonlarini endi yashirmaydi.
Copyright information for UznUzbL