‏ Isaiah 44

Xudo Isroil xalqini marhamatlaydi

1Egam aytar: “Endi eshit, ey qulim Isroil!
Ey Yoqub nasli! Men seni tanlaganman.
2Men, Egang, seni yaratganman, onang qornida senga shakl berganman.
Sening madadkoring, Men, shunday aytmoqdaman:
«Qoʻrqma, ey aziz Isroil!
aziz Isroil — ibroniycha matnda Yoshurun, Isroilni erkalab aytilgan nom.

Ey Yoqub nasli, Men seni tanlaganman.
3Chanqoq yerga Men suv beraman,
Qaqragan tuproqda irmoqlar oqizaman.
Naslingga Ruhimni beraman,
Zurriyoting ustiga Oʻz barakamni yogʻdiraman.
4Ular oqar suv boʻyidagi tol daraxti kabi,
Maysalar orasidan oʻsib chiqadi.
5Biri: ‘Men Egamnikiman’, deb aytadi,
Boshqasi Isroil xalqiga
Isroil xalqi — ibroniycha matnda Yoqub, Isroil xalqini shu nom bilan ham atashardi.
qoʻshilay deb keladi.
Yana biri qoʻliga ‘Egamniki’ deb yozadi–da,
Isroil xalqining biriman, deb aytadi.»”

Butparastlar ahmoqdir

6Isroil xalqining Shohi, ularning qutqaruvchisi,
Sarvari Olam — Egamiz shunday aytmoqda:
“Birinchiyu oxirgi Men Oʻzimman,
Mendan boshqa Xudo yoʻq!
7Kim Menga oʻxshaydi? Qani, gapirsin–chi!
Qadimiy xalqni yaratganimdan beri
Nima boʻlganlarini boshdan aytib bersin!
Kelajakda nima boʻlishini bildirsin.
8Vahimaga tushmang, qoʻrqmang!
Men sizlarga nima boʻlishini
Oldindan eʼlon qildim–ku!
Sizlar Mening guvohlarimsiz!
Mendan boshqa Xudo bormi?!
Yoʻq, boshqa Qoya yoʻq.
Men boshqa hech birini bilmayman!

9But yasaydiganlarning hammasi hech narsadaydir. Xush koʻrgan butlari hech foyda keltirmaydi. Oʻsha butlarning guvohlari koʻr, johildir. Shuning uchun ular sharmanda boʻlib qoladi! 10Axir, kim foydasiz xudolarning tasvirlarini yasaydi?! 11Hali oʻsha butparast doʻstlarning hammasi sharmanda boʻladi. But tayyorlovchilarga qarang. Ular ham oddiy odamlar–ku! Qani, hammasi toʻplansin! Ular qoʻrquvga tushib, birgalikda sharmandayu sharmisor boʻladi.

12But yasaydigan temirchi asbobini oladi. Buyumni koʻmir choʻgʻi ustida qizdiradi. Bolgʻasi bilan uni yasaydi. Qoʻlining kuchi bilan ishlaydi. Qorni ochib, holdan toyadi. Tashnalikdan sillasi quriydi. 13Duradgor ip bilan yogʻochni oʻlchaydi. Xohlagan shaklini chizib olib, randa bilan ishlov beradi. Uni inson shaklida yasaydi. Unga inson chiroyini beradi–da, sajdagohga oʻrnatadi. 14Oʻrmonda sarv, eman daraxtlarini tanlaydi. U oʻzi uchun sadr daraxtlaridan kesib oladi. Yoki qaragʻay daraxtini oʻtqazadi. Yomgʻir esa oʻsha daraxtni oʻstiradi. 15Keyin bular odamga oʻtin boʻladi. Odam yogʻochning baʼzilarini olib isinadi. Baʼzilarini esa yoqib, non yopadi. Yana oʻziga xudo ham yasab, unga sajda qiladi. But yasab, unga muk tushib, taʼzim qiladi! 16U oʻtinlarning yarmini yoqadi. Olovda goʻsht pishirib, qornini toʻydiradi. Isinib boʻlgach: «Oh, oh, isinib oldim, olovning taftidan jonim orom olyapti», deydi. 17Yogʻochning qolganidan esa xudosini, oʻzining butini yasaydi. «Meni oʻzing qutqar, axir, sen mening xudoyimsan!» deb butga ibodat qiladi, muk tushib sajda etadi.

18Ular hech narsani bilmaydilar, tushunmaydilar. Koʻzlariyu yuraklarida toʻsiq bor, ular koʻrmaydi, tushunmaydi. 19Birortasi ham oʻylab koʻrmaydi. «Oʻtinning bir qismini yoqdim. Olovida non yopdim, goʻsht pishirib yedim. Endi qolganidan jirkanch narsa yasaymanmi?! Yogʻoch gʻoʻlasiga taʼzim qilamanmi?!» deb aytishga aql–idrok yoʻq. 20Eh, kul yeydiganlar! Aldangan qalbi uni adashtiradi. U oʻz jonini qutqara olmaydi. «Qoʻlimdagi shu narsa soxta–ku!» deb oʻziga aytmaydi.

21Ey Yoqub nasli! Ey Isroil xalqi!
Bularni yodda tut!
Sizlar Mening qulimsiz.
Men sizlarni yaratdim,
Ha, sizlar Mening qulimsiz!
Ey Isroil, Men sizlarni unutmayman!
22Gunohlaringizni bulutday haydadim,
Ayblaringizni tumanday tarqatdim,
Sizlarni qutqarganman,
Menga qayting.”

Quddus qayta tiklanadi

23Ey samolar, shodlikdan hayqiring!
Mana, Egamiz ajoyib bir ish qildi!
Hayqiring, ey zaminning tubsiz joylari!
Shodlikdan hayqiring, ey togʻlar,
Ey oʻrmon, oʻrmondagi har bir daraxt!
Ha, Egamiz Yoqub naslini qutqarib, Oʻziga oldi.
U Isroil xalqi orasida ulugʻlanmoqda.

24Qutqaruvchingiz, onangiz qornida sizga shakl bergan
Egamiz shunday aytmoqda:
“Hammasini yaratgan Men Egangizman,
Yolgʻiz Oʻzim samolarni yoyganman!
…samolarni yoyganman — 40:22 va Zabur 103:2 ga qarang.

Bir Oʻzim zaminni yaratganman!
25Folbinlarning alomatlarini behudaga chiqaraman,
Bashoratgoʻylarni laqillataman,
Donishmandlarga zarba berib,
Bilgan narsalarini nodonlikka chiqaraman.
26Oʻz qulimning bashoratini ijro etaman,
Elchilarimning aytganlarini qilaman.
Men Quddus haqida:
«Bu yerda yana inson yashaydi», deb aytmoqdaman.
Yahudo shaharlari haqida:
«Ular qaytadan quriladi,
Vayronalarini tiklayman», deb aytmoqdaman.
27Chuqur suvlarga shunday deyman:
«Qurib bit! Daryolaringni quritaman.»
28Shoh Kurush
Kurush — 41:2 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang.
haqida shunday deyman:
«U Mening choʻponim.
Mening barcha xohishimni u bajaradi.»
Kurush shunday deydi:
«Quddus qayta qurilsin,
Maʼbad yana tiklansin.»”
Copyright information for UznUzbL