‏ Isaiah 49

Isroil boshqa xalqlarga chiroq boʻladi

1Quloq soling, ey dengiz ortidagi yurtlar!
Eʼtibor bering, ey uzoqdagi xalqlar!
Tugʻilmasimdan oldin Egam meni chaqirdi,
Ona qornida boʻlganimdayoq
U ismimni aytib chaqirdi.
2U tilimni oʻtkir qilichday qildi,
Qoʻlining soyasida U meni yashirdi.
U meni uchli oʻqday qildi,
Oʻqdoniga meni yashirdi.
3U menga shunday dedi:
“Sen Mening qulimsan,
Ey Isroil, Men sen tufayli shuhrat topaman.”
4Men shunday dedim:
“Men bekorga mehnat qildim,
Kuchimni behuda, befoyda sarf etdim.”
Ammo Egam meni hukm qiladi–ku,
Mukofotlash Xudoyimning qoʻlidadir.

5Endi Egam gapirdi.
Yoqub naslini Unga qaytarsin deb,
Isroilni Uning oldiga toʻplasin deb,
Onam qornidayoq meni Oʻz quli qilib yaratdi.
Egamning koʻzi oldida men shuhrat topaman,
Xudoyim mening kuch–qudratim boʻldi.
6U shunday dedi:
“Ha, sen Yoqub qabilalarini qayta tiklaysan,
Isroilning omon qolganlarini
Oʻz yurtiga qaytarib olib kelasan.
Biroq seni faqat shuning uchungina qulim qilmadim.
Men seni boshqa xalqlarga nur qilaman,
Toki Men beradigan najot yerning chetigacha yetib borsin.”

7Isroil xalqining qutqaruvchisi,
Ularning Muqaddas Xudosi —
Egamiz shunday aytmoqda:
“Ey xoru zor boʻlgan bechora qulim,
Sen xalqlarning
xalqlar — yoki xalq.
nafratiga uchragansan,
Hukmdorlarning quliga aylangansan.
Biroq senga aytamanki,
Seni koʻrib, shohlar oʻrnidan turadi,
Hukmdorlar tiz choʻkib taʼzim qiladi.
Isroil xalqining Muqaddas Xudosi —
Sodiq Egangiz haqi–hurmati shunday qiladi.
Axir, U seni tanlagan–ku!”

Isroil qayta tiklanadi

8Egamiz shunday aytmoqda:
“Muruvvat payti kelganda,
Men senga javob berdim,
Najot kuni kelganda,
Men senga yordam berdim.
Oʻzim seni himoya qilaman,
Xalqim bilan tuzgan ahdimni
Sen orqali amalga oshiraman.
Toki yurt qayta tiklansin,
Tashlandiq mulklar taqsimlansin.
9Mahbuslarga: «Chiqinglar!» demoqdaman.
Zulmatdagilarga: «Koʻrininglar!» deb aytmoqdaman.
Yoʻl boʻyida ular oʻtloqlar topadi,
Tap–taqir qirlar ularning yaylovi boʻladi.
10Ular na ochlikni, na tashnalikni biladi,
Na garmsel
garmsel — issiq shamol.
, na jazirama quyoshdan azob chekadi.
Mehr–shafqat koʻrsatib, ularni yetaklayman,
Ularni buloqlarga boshlab boraman.
11Hamma tepaliklarimni tekis yoʻl qilaman,
Jarliklarni toʻldirib, yoʻllar barpo etaman.
12Mana, ular uzoqlardan keladi.
Qarang, ular shimoldan, gʻarbdan,
Sinim yurtidan
Sinim yurti — bu yurtning qayerda joylashgani maʼlum emas, ammo bundan oldingi misrada shimol va gʻarb aytib oʻtilgani uchun bu joy uzoqroqda, sharqda yoki janubda joylashgan boʻlishi mumkin. Qumron qoʻlyozmalarida Savanay, yaʼni hozirgi Misrning Asvon shahri.
ham keladi.”

13Shodlikdan kuylang, ey samolar,
Xursand boʻl, ey zamin!
Qoʻshiqqa joʻr boʻling, ey togʻlar!
Egamiz xalqiga tasalli berdi,
Ezilgan xalqiga rahm qildi!

14Ammo Quddus
Quddus — ibroniycha matnda Sion. 1:8 izohiga qarang.
shunday dedi:
“Egam meni tark etdi,
Rabbim meni unutib qoʻydi.”
15Egam aytar: “Axir, ayol kishi emizikli bolasini unutadimi?!
Oʻzi tuqqan bolasiga rahm qilmaydimi?!
Agar xotinlar bolasini unutsalar ham,
Men seni aslo unutmayman!
16Qara, sening nomingni kaftimga yozib qoʻydim,
Ey Quddus, doimo koʻz oʻngimdasan!
17Hademay, farzandlaring qaytib keladi,
Seni vayron qilib, yoʻqotmoqchi boʻlganlar
Sendan chiqib ketadi.
18Boshingni koʻtarib, atrofga qara,
Hamma farzandlaring toʻplanib, oldingga kelishdi.”
Egamiz shunday demoqda:
“Men barhayot Xudo boʻlganim haqi aytamanki,
Hammasi zebu ziynatday seni bezatib turadi,
Kelinchakday ularni taqinchoq qilib taqasan.
19Ha, yering kimsasiz, huvullab qolgandi,
Yurting vayronaga aylangandi.
Endi esa odam koʻpligidan tor boʻlib qoladi,
Buzgʻunchilar sendan uzoqda yuradi.
20Asirlikda tugʻilgan farzandlaring
Hali senga shunday deydi:
«Bu joy bizga torlik qilyapti,
Joy bering, biz ham yashaylik.»
21Shunda oʻzingga oʻzing deysan:
«Ularni menga kim tugʻib berdi?
Farzandsiz edim, tugʻmas boʻlib qolgandim.
Surgunda edim, xor boʻlgandim.
Ularni kim menga katta qilib berdi?
Yolgʻiz oʻzim qolgandim–ku,
Endi ular qayerdan kelib qoldi?»”

22Egamiz Rabbiy shunday aytmoqda:
“Mana, Men xalqlarga qoʻl koʻtarib, ishora beraman,
Elatlarga bayrogʻimni koʻtaraman.
Bolalaringni ular qoʻllarida koʻtarib keladi,
Qizlaringni ular opichlab keladi.
23Shohlar senga xizmat qilib, boqadi,
Malikalar senga enagalik qiladi.
Boshlari yerga tekkuday boʻlib,
Ular senga taʼzim qiladi,
Oyoqlaring changini yalab–yulqaydi.
Oʻshanda Men Egang ekanligimni bilasan.
Menga umid bogʻlagan sharmanda boʻlmaydi.”

24Biror kimsa kuchli jangchidan
Oʻljani olib qoʻya oladimi?!
Nahotki zolimning
zolim — Qumron qoʻlyozmalaridan, qadimiy suryoniycha va lotincha tarjimalardan (yana shu bobning 25–oyatiga qarang). Ibroniycha matnda solih.
qoʻliga asir tushgan qutula olsa?!
25Egamiz esa shunday aytmoqda:
“Mana, kuchli jangchidan asirlar tortib olinadi,
Zolimga oʻlja boʻlganlar qutqariladi!
Senga qarshi chiqqanlarga Men qarshi chiqaman,
Sening bolalaringni Men Oʻzim qutqaraman!
26Senga zulm qilganlarga oʻz tanasini yediraman,
Ular sharob ichganday boʻlib, oʻz qonidan mast boʻladi.
Shunda jamiki odamzod
Men, Egang, najotkoring va qutqaruvching ekanligimni,
Yoqub naslining qudratli Xudosi ekanligimni bilib oladi.”
Copyright information for UznUzbL