‏ Isaiah 54

Xudoning Oʻz xalqiga boʻlgan sevgisi

1Egam aytar: “Ey bola koʻrmagan bepusht ayol!
Shodlikdan hayqir!
Ey toʻlgʻoq ogʻrigʻini bilmagan ayol!
Sevinchdan hayqir!
Axir, tashlab ketilgan ayolning bolalari
Eri bor xotinnikidan ham koʻproq boʻladi.
2Chodiring joyini kengaytirgin,
Chodiring pardalarini keng choʻzdirgin!
Hech narsani ayama!
Arqonlaringni uzun tashlagin,
Qoziqlaringni mahkam qoqqin!
3Axir, mulking oʻngu soʻlga kengayib ketadi.
Avloding xalqlarni mulk qilib oladi,
Ular tashlandiq shaharlarni toʻldiradi.
4Qoʻrqma, uyatga qolmaysan,
Uyalma, sharmanda boʻlmaysan!
Axir, sen yoshligingdagi sharmandalikni unutasan,
Bevaligingdagi sharmandalikni boshqa eslamaysan.
5Zotan, Men, Yaratuvching, sening ering boʻlaman.
Mening nomim Sarvari Olamdir!
Men, Isroil xalqining Muqaddas Xudosi, qutqaruvchingman,
Men butun yer yuzining Xudosi deb atalaman.
6Ey Isroil! Sen tashlab ketilgan,
Ruhi azoblangan ayoldaysan.
Rad etilgan, yosh juvondaysan.
Ammo Men, Egang, seni chaqirib olaman,
— demoqda Xudoying. —
7Qisqa vaqtga Men seni tark etgandim,
Buyuk shafqat ila seni qaytarib olaman.
8Qattiq gʻazabda sendan bir lahzaga yuz oʻgirgandim,
Endi tuganmas mehr bilan senga rahm qilaman,
— demoqda qutqaruvching — Egamiz. —

9Ha, Men uchun bu Nuh davri kabidir.
Endi yer yuzini Nuh toʻfoni kabi,
Hech qachon suv bosmaydi, deb ont ichganman.
Xuddi shunday qilib, yana ont ichaman:
«Hech qachon sendan gʻazablanmayman,
Senga jahl qilmayman!»
10Togʻlar oʻrnidan qoʻzgʻalsa ham,
Tepaliklar tebransa ham,
Mening sodiq sevgim sendan ketmaydi,
Mening tinchlik ahdim oʻzgarmaydi.”
Seni sevuvchi Egamizning kalomi shudir.

Boʻlajak Quddus

11Egam aytar: “Ey mazlum shahar!
Boʻronlarda qolding, ammo hech kim seni yupatmadi!
Mana, Men firuza toshlar ishlatib, seni qayta quraman.
Zangori yoqut toshlardan senga poydevor qoʻyaman.
12Minoralaringni yoqutlardan quraman,
Darvozalaringni gavharlardan qilaman,
Barcha devorlaringni qimmatbaho toshlardan quraman.
13Hamma bolalaringga Men, Egang, taʼlim beraman,
Farzandlaringning tinchligi buyuk boʻladi.
14Men seni dushmanlaringdan xalos qilganimda
Sen bexatar boʻlasan.
Zulm sendan uzoqda boʻladi,
Halokatdan qoʻrqmaysan,
Chunki u senga yaqinlashmaydi.
15Agar kimdir senga hujum qilsa,
Bilginki, uni Men qilmagan boʻlaman.
Senga hujum qilgan har kim magʻlub boʻladi.
16Temirchiga qara!
U toshkoʻmir choʻgʻini puflaydi,
Qotillik uchun qurol yasaydi.
Uni Men yaratganman.
Vayron qilsin deb,
Bosqinchini ham Men yaratdim.
17Senga qarshi yasalgan
Hech qanday qurol senga bas kela olmaydi.
Sen bilan daʼvolashgan har bir odamning
Daʼvolarini sen yoʻqqa chiqarasan.
Mening qullarimga ana shular nasib qiladi,
Oʻzim ularga gʻalaba ato qilaman.”
Egamizning kalomi shudir.
Copyright information for UznUzbL