‏ Isaiah 55

Xudoning mehr–shafqati

1Egam aytar:
“Ey tashna boʻlganlar! Hammangiz suvga kelinglar!
Ey pulsizlar, keling, sotib olib, yenglar!
Keling, sharobu sut sotib oling pulsiz, tekinga!
2Nima uchun pulingizni
Qorin toʻygʻizmaydigan narsaga sarf qilasiz?
Nima uchun ishlab topganingizni
Qoniqtirmaydigan narsalarga sarf qilasiz?
Eshiting, Menga quloq soling!
Shunda aʼlo taomlarni yeysiz,
Yogʻli taomlar yeb, maza qilasiz.

3Quloq soling, Menga keling,
Tinglang, shunda yashaysiz.
Dovudga vaʼda bergan sodiq sevgim haqi
Siz bilan abadiy ahd tuzaman.
4Mana Men Dovudni xalqlarga guvoh qildim,
Uni xalqlarning hukmdori, rahnamosi qildim.
5Oʻzingiz tanimagan xalqlarni chaqirasiz,
Sizni tanimagan xalqlar oldingizga keladi.
Meni, Isroil xalqining Muqaddas Xudosi —
Egangiz Xudoni deb
Bu xalqlar keladi,
Zotan, Men sizni ulugʻvorlikka burkaganman.”

6Egangiz yoningizda ekan, Unga intiling,
U yaqiningizda ekan, Uni chaqiring!
7Badkirdor yoʻlidan qaytsin,
Gunohkor niyatidan qaytsin,
Ular Egamizga qaytsin,
Egamiz shafqat koʻrsatadi,
Ular Xudoyimizga qaytsin,
Uning yuragi kechirimga boy.

8Egamiz shunday demoqda:
“Sizlarning fikringiz Meniki emas,
Mening yoʻllarim sizlarniki emas.
9Osmon yerdan qanchalik baland boʻlsa,
Mening yoʻllarim ham, oʻylarim ham,
Sizlarning yoʻllaringizdan, oʻylaringizdan
Shunchalik balanddir.

10Osmondan qor, yomgʻir yogʻadi.
Ular osmonga qaytmay, yerni sugʻoradi,
Toki yer oʻsimlik oʻstirsin,
Ekkani don, yegani non bersin.
11Mening ogʻzimdan chiqqan soʻz shunday boʻladi,
Menga boʻm–boʻsh qaytib kelmaydi.
Mening xohish–irodamni oʻsha soʻz bajaradi,
Qaysi niyatda yuborsam,
Oʻshani bajo qiladi.

12Ha, siz xursand boʻlib borasiz,
Sogʻ–omon qaytib kelasiz.
Oldingizda togʻlar, tepaliklar
Sevinch ila hayqiradi,
Daladagi hamma daraxtlar qarsak chaladi.
13Tikanzorlar oʻrniga sarv daraxtlari oʻsadi,
Gazanda oʻt oʻrniga mirta butalari
mirta butalari — doim yashil, xushboʻy oʻsimlik.
oʻsadi.
Shunday qilib, bular Men, Egangga sharaf boʻladi.
Tuganmas, abadiy nishona boʻlib qoladi.”
Copyright information for UznUzbL