Isaiah 56
Hamma xalqlar Xudoning xalqiga qoʻshiladi
1Egamiz shunday aytmoqda:“Adolatni himoya qiling,
Toʻgʻri ishlarni qiling.
Zotan, yaqinda najot beraman,
Tez orada adolatimni zohir etaman.
2Shabbat kunini tahqirlamay,
Unga rioya qiladigan inson baxtlidir!
Har qanday yovuzlikdan qoʻlini tiyib,
Barqaror boʻlgan inson baxtlidir!”
3Begona xalqdan boʻla turib,
Oʻzini Egamizga bagʻishlagan odam:
“Egamiz meni, baribir, Oʻz xalqidan ajratadi”, deb aytmasin.
Bichilgan erkak ham:
“Men qurigan daraxtman”, deb aytmasin.
4Zotan, Egamiz oʻsha erkaklarga shunday aytmoqda:
“Shabbat kuniga rioya qiling.
Meni mamnun qiladiganlarni tanlang.
Mening ahdimga sodiq boʻling.
5Shunda sizlarga uyimda
Oʻgʻilu qizlarimnikidan ham koʻra,
Yaxshiroq nom, xotira beraman.
Bu nom yoʻqolmaydigan, abadiy bir nom boʻladi.”
6Egamizni sevib, xizmat qiladigan,
Shabbat kuniga rioya etadigan,
Egamizning ahdiga sodiq boʻlgan,
Begona xalqdan boʻlib turib,
Oʻzini Egamizga bagʻishlaganlarga
Egamiz shunday demoqda:
7“Men sizlarni muqaddas togʻimga ▼
▼ muqaddas togʻim — Quddusdagi Sion togʻiga ishora. 4:5 ning ikkinchi izohiga qarang.
olib kelaman.Maʼbadimda sizlarni mamnun qilaman.
Kuydiriladigan qurbonliklaru nazrlaringiz
Qurbongohimda qabul boʻladi.
Mening uyim barcha xalqlarning ibodat uyi deb ataladi.”
8Tarqalib ketgan Isroil xalqini yigʻadigan
Egamiz Rabbiy aytmoqda:
“Uyimda yigʻilganlar yoniga
Men yana boshqalarni yigʻib kelaman.”
Isroil xalqining yoʻlboshchilari hukm qilinadi
9Ey dashtdagi hamma hayvonlar,Ey oʻrmondagi barcha hayvonlar!
Kelinglar, xalqimni yeb bitiringlar!
10Isroilning soqchilari koʻrdir!
Ularning hammasi idroksiz,
Vovullamaydigan tilsiz itlar kabidir.
Yotib olib, tush koʻradilar,
Ular uyquni yaxshi koʻradilar.
11Ular toʻyganini bilmagan
Ochkoʻz itlarga oʻxshar,
Bu choʻponlar idroksiz!
Oʻz foydasini koʻzlab,
Har biri oʻz yoʻlidan ketdi.
12Ular shunday deydi:
“Qani, kelinglar, sharob ichaylik,
Ichkilikka rosa toʻyaylik.
Erta ham bugun kabi boʻladi,
Hatto undan ham yaxshiroq boʻladi.”
Copyright information for
UznUzbL