‏ Isaiah 58

Haqiqiy roʻza

1Egam aytar:
“Ovozingni ayamay, qattiq hayqirgin,
Karnayga oʻxshab, barala baqirgin.
Xalqimning itoatsizligini fosh qilgin,
Yoqub xonadonining gunohlarini yuziga solgin.
2Xuddi toʻgʻri yoʻldan yurgan xalqqa oʻxshab,
Ular har kuni Menga intilganday boʻladi.
Xudosining amrlarini unutmagan xalqday,
Yoʻllarimni bilmoq istaydi.
Mendan odil hukm soʻraydi,
Men, Xudoga yaqinlashishni istaganga oʻxshaydi.

3Ey xalqim, sizlar Menga:
«Roʻza tutyapmiz–ku, Sen koʻrmayapsan,
Senga itoat qilyapmiz–ku, nega bilmaysan?!» deb aytasizlar.
Axir, roʻza tutgan kuningizda xohlagan ishingizni qilyapsiz,
Ishchilaringizdan ogʻir mehnat talab etyapsiz.
4Mana, roʻza tutsangiz ham
Janjal, gʻavgʻo qilaverasiz.
Zoʻravonlik bilan qoʻl koʻtaraverasiz.
Bunday roʻzangiz bilan
Ovozingizni samolarga yetkaza olmaysiz!
5Roʻza tutganingizda oʻzingizni qiynaysiz,
Egilgan qamishday boshingizni egib yurasiz,
Qanor yoyib, kul sochib ustiga yotasiz
…Qanor yoyib, kul sochib ustiga yotasiz — qanor dagʻal qoramtir mato boʻlib, echki yoki tuya junidan toʻqilgan. Qanor yoyib, kul sochib ustiga yotish umidsizlikni va qaygʻuli holatni ifodalaydi. Koʻpincha bu harakat Xudodan kechirim soʻrab ibodat qilish va Undan madad tilash bilan birgalikda amalga oshirilgan. Mazkur oyatda odamlar bu udumni oddiy marosim sifatida bajarganlari, lekin gunohlari uchun chin dildan tavba qilmaganlari, Xudodan yordam soʻramaganlari koʻrsatilgan.
.
Shuni roʻza deb ataysizmi?!
Mana shular Men, Egangizni mamnun qiladi, deb oʻylaysizmi?!
6Men istagan roʻza quyidagicha:
Adolatsizlik kishanlarini parchalang,
Boʻyinturuq arqonlarini uzib tashlang,
Mazlumlarni ozodlikka chiqaring,
Har qanday boʻyinturuqni sindiring!
7Ovqatingizni ochlar bilan baham koʻring,
Uysizlarga uyingizdan joy bering.
Yalangʻochni koʻrganingizda kiyim bering,
Yaqinlaringizdan yordamingizni ayamang.”

8Shunda nuringiz tong kabi porlaydi,
Oʻzingiz tezda shifo topasiz.
Egamiz doim oldingizda yurib, sizlarni asraydi,
Ortingizdan Uning ulugʻvorligi sizni qoʻriqlaydi.
9Shunda yordam soʻraganingizda, Egamiz javob beradi,
Faryod qilganingizda, “Shu yerdaman”, deb aytadi.
Orangizdan zulm boʻyinturugʻini yoʻq qilganingizda,
Barmoqni bigiz qilib, haqorat aytishni bas qilganingizda,
10Ochlar uchun jon kuydirganingizda,
Mazlumlarning joniga oro kirganingizda,
Nuringiz zulmatda ham porlaydi,
Eng qorongʻi davringiz yop–yorugʻ kunduzday boʻladi.
11Egamiz doimo sizga yoʻl koʻrsatadi,
Qaqragan yerlarda ham joningizga oziq beradi,
Shunda siz sugʻorilgan bogʻday,
Suvlari qurimas buloqday boʻlasiz.
12Qadimgi vayronalaringiz qayta tiklanadi,
Koʻhna poydevorlarni qayta koʻtarasiz.
Shunda sizlarni “Buzuq devorni tiklovchi”,
“Koʻchalarni qayta quruvchi” deb chaqirishadi.

Shabbat kuniga rioya qilganning mukofoti

13Shabbat kunini oyoq osti qilmang,
Shu muqaddas kunda
Xohlaganingizni qilishdan oʻzingizni tiying.
Shabbat kunini zavqli deb biling.
Egamizning muqaddas kunini sharafli deb biling.
Bu kunda oʻzingiz istagan yoʻldan yurmang,
Xohlaganlaringizni qilavermang,
Istagan gaplaringizni gapiravermang.
14Shabbat kuniga rioya qilsangiz,
Egamiz tufayli shodlik topasiz,
U sizlarni yurtning baland choʻqqilariga olib chiqadi,
Otangiz Yoqubning mulkidan bahramand qiladi.
Egamizning kalomi shudir!
Copyright information for UznUzbL