‏ Isaiah 64

1Ey Egam, qaniydi samolarni yorib, pastga tushsang,
Togʻlar oldingda titrasa!
2Alanga oʻtinni yondirib, suvni qaynatganday,
Sen ham pastga tushib, xalqlarni titrat.
Toki gʻanimlaring nomingni bilsin.
3Biz kutmagan ajoyib ishlar qilding!
Pastga tushding, oldingda togʻlar titradi!
4Axir, Senga umid bogʻlaganlarni deb,
Ajoyib ish qiladigan Xudo Sensan.
Senga oʻxshagan xudo haqida
Azaldan hech kim eshitmagan,
Hech bir quloqqa ham kirmagan.
Senga oʻxshagan xudoni hech bir koʻz koʻrmagan.
5Quvonch bilan toʻgʻri yoʻldan yurganlarga,
Sening amrlaringni bajarganlarga
Sen peshvoz chiqasan.
Mana, Sen gʻazabdasan,
Biz esa gunoh qildik.
Biz azaldan gunohga botganmiz,
Endi najot topa olamizmi?
6Hammamiz harom boʻlib qoldik,
Yaxshi ishlarimizning hammasi hayz lattalari kabidir.
Yaproqlar kabi soʻlib boryapmiz,
Ayblarimiz shamol kabi, bizni uchirib ketyapti.
7Hech kim Senga sajda qilmaydi,
Hech kim, Egamga oʻzimni bogʻlay, demaydi.
Axir, Sen bizdan yuz oʻgirding,
Bizni oʻz gunohlarimiz izmiga topshirding!
8Ammo endi Sen bizning otamizsan, ey Egamiz!
Biz loymiz, Sen esa kulolsan,
Hammamiz qoʻllaringning ijodimiz!
9Ey Egamiz, bizga bunchalik gʻazabingni sochaverma,
Gunohlarimizni to abad yodda tutma.
Qara, axir, hammamiz Sening xalqingmiz!
10Muqaddas shaharlaring
Muqaddas shaharlar — Isroil yurti Xudoga tegishli boʻlgani uchun, undagi barcha shaharlar muqaddas hisoblangan (14:25, Zabur 77:54 ga qarang).
sahroga aylandi,
Quddus vayrona boʻldi,
Sion choʻlu biyobon boʻlib qoldi.
11Bizning muqaddas Maʼbadimiz, faxrimiz,
Ota–bobolarimiz Senga madhlar kuylagan joy
Endi yonib bitdi.
Bizga qadrli boʻlganlarning hammasi
Vayronaga aylandi.
12Ey Egam! Nahot shunda ham Oʻzingni tutib turaversang?!
Sukut saqlab, bizni qattiq jazolayversang?!
Copyright information for UznUzbL