‏ Jeremiah 11

Yeremiyo va ahd

1Yeremiyoga Egamizning quyidagi soʻzi ayon boʻldi: 2“Mening Isroil xalqi bilan tuzgan ahd shartlarimga quloq sol. Bularni Yahudo xalqi va Quddus aholisiga yetkaz. 3Ularga ayt: «Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday demoqda: ushbu ahd shartlariga rioya qilmagan har bir odam laʼnati boʻlsin! 4Men ota–bobolaringizni Misrdan, oʻsha temir oʻchoq ichidan olib chiqqan edim. Ularga, gaplarimga quloq solinglar, hamma amrlarimni bajaringlar, deb aytgan edim. Agar shunday qilsangiz, sizlar Mening xalqim boʻlasiz, Men esa sizning Xudoyingiz boʻlaman, deb aytdim. 5Men ota–bobolaringizga bergan qasamimni bajarish uchun shu soʻzlarni aytgan edim. Mana, Men ularga vaʼda qilgan, sut va asal oqib yotgan yurtda
sut va asal oqib yotgan yurt — nihoyatda hosildor yerni bildiruvchi ibora. Moʻl–koʻl sut — mol uchun koʻm–koʻk yaylovlarning koʻpligini bildiradi. Asal — xurmodan olinadigan quyuq, shirin murabboga ishora boʻlishi mumkin. Murabboning moʻlligi yaxshi hosil beradigan yerni bildiradi.
sizlar yashab yuribsizlar.»”

“Omin, ey Egam, aytganing kelsin”, dedim men.

6Egamiz menga shunday dedi: “Aytadigan gaplarimning hammasini Yahudo shaharlarida va Quddus koʻchalarida shunday deb eʼlon qilgin: ushbu ahdning shartlarini eshitinglar, ularga rioya qilinglar. 7Men ota–bobolaringizni Misrdan olib chiqqanimdan beri ularni ogohlantirib keldim. Ularga: «Mening gaplarimga quloq solinglar», deb qayta–qayta aytdim. 8Ammo ular itoat qilmadilar, Menga quloq solmadilar. Aksini qilib, yovuz yuraklarining oʻjarliklariga itoat etdilar. Shuning uchun ahdda yozilgan hamma laʼnatlarni ularning boshiga soldim. Men ularga buyurgan ahdimning shartlarini bajarmaganlari uchun shunday qildim.”

9Egamiz menga dedi: “Yahudo xalqi va Quddus aholisi Menga qarshi fitna uyushtirishmoqda. 10Ular ota–bobolarining eski gunohlariga qaytishdi. Ota–bobolari singari, gaplarimga quloq solmay, begona xudolarga ergashib, sajda qilishdi. Yahudo xalqi Isroil xalqiga
Isroil xalqi — shimoliy shohlikning aholisi nazarda tutilgan (2:4 izohiga qarang).
taqlid qildi, Men ota–bobolari bilan tuzgan ahdimni ular buzishdi.
11Shuning uchun ularning boshlariga shunday kulfat keltiramanki, birontasi ham qutulib qololmaydi, — deb aytmoqda Egamiz. — Menga iltijo qilishsa ham, ularning iltijolariga quloq solmayman. 12Oʻshanda Yahudo xalqi bilan Quddus aholisi oʻz xudolariga iltijo qilishadi. Ular bu xudolariga qurbonliklar keltirishar edi. Ammo kulfat kuni oʻsha xudolari ularni aslo qutqarolmaydi. 13Ey Yahudo xalqi, shaharlaringiz soni qancha boʻlsa, xudolaringiz ham shunchadir. Quddusdagi koʻchalar qancha koʻp boʻlsa, qurbongohlaringiz ham shunchadir. Sizlar bu qurbongohlarni jirkanch Baalga qurbonliklar keltirish uchun qurgandingizlar.

14Ey Yeremiyo, sen bu xalq uchun ibodat qilma. Ular uchun iltijo qilib yolvorma. Ularning boshlariga kulfat tushib, iltijo qilganlarida, Men ularga quloq solmayman. 15Aziz xalqim shuncha jirkanch ishlar qildi. Endi uyimga kirishlariga nima haqlari bor?! Vaʼdalaru qurbonliklar bilan kulfatning oldini olib boʻlarmidi?! Axir, xalqim qabihliklar qilayotganidan sevindi–ku!”

16Egamiz Oʻz xalqini “Yaxshi meva beradigan, maftunkor yam–yashil zaytun daraxti” deb atagan edi. Ammo endi Egamiz boʻronning dahshatli tovushi ostida daraxtga oʻt qoʻyadi, uning shox–shabbalari yonib ketadi. 17Bu daraxtni ekkan Sarvari Olamning Oʻzi uni yoʻq qilishga amr berdi. Zero, Isroil va Yahudo xalqlari qabihliklar qildilar. Baalga qurbonliklar keltirib, Xudoni gʻazablantirdilar.

Yeremiyoning joniga qasd qilishadi

18Egamiz menga dushmanlarimning fitnasini ayon qildi. Egamiz ularning yovuz qilmishlarini koʻrsatgani uchun, men bu haqda xabar topdim. 19Men boʻgʻizlanishga olib ketilayotgan yuvosh qoʻziday boʻlgan ekanman. Dushmanlarim menga qarshi fitna uyushtirganlarini payqamagan ekanman. Ular shunday deb aytishgan edi: “Daraxt va uning mevalari kesilganday, kelinglar, uni ham bu dunyodan daf qilaylik, uning xotirasini oʻchiraylik!”

20Ey Sarvari Olam,
Sen adolat bilan hukm qilasan,
Insonning yuragini, xayollarini sinaysan.
Dushmanlarimdan oʻch olganingni koʻray,
Daʼvoimni Oʻzing hal qil!

21Shunda Egamiz menga dedi: “Ey Yeremiyo, Onotoʻt
Onotoʻt — Yeremiyoning ona shahri (1:1 ga qarang).
aholisi senga: «Egamizning nomidan gapirma, boʻlmasa oʻlasan», deb aytib yurishibdi.
22Ammo Men, Sarvari Olam, aytamanki, ularni jazolayman! Yigitlari qilichdan oʻladi. Oʻgʻil–qizlari qahatchilikdan nobud boʻladi. 23Ularning birontasi omon qolmaydi. Belgilangan vaqtda Onotoʻt aholisining boshiga kulfat keltiraman.”
Copyright information for UznUzbL