‏ Jeremiah 12

Yeremiyo Egamizga savollar beradi

1Sen bilan daʼvolashganimda, ey Egam,
Sen har doim haq boʻlib chiqasan.
Shunday boʻlsa–da, Sen bilan yana gaplashmoqchiman,
Adolat xususida savol bermoqchiman.
Nechun fosiqlarning ishi yurishadi?
Nechun munofiqlar rohatda yashaydi?
2Ularni Sen ekib undirding,
Ular oʻsib hosilga kirdilar.
Noming ularning ogʻzidan tushmaydi,
Ammo dillari Sendan uzoqdir.
3Lekin Sen, ey Egam, meni bilasan.
Sen meni sinagansan,
Dilim Senga moyil ekanini Oʻzing koʻrding.
Endi yovlarimni boʻgʻizlanadigan qoʻylarday sudragin!
Boʻgʻizlashga tayyorlash uchun ajratib qoʻygin!

4Evoh, qachongacha yer qaqrab yotadi?
Qachongacha dalalardagi hamma oʻtlar quriydi?
Bu yerda yashaydigan fosiqlarning dastidan,
Qushlaru hayvonlar nobud boʻldi.
Bu odamlar: “Bizga nima boʻlishini
Yeremiyo qayerdan ham bilardi?!”
“Bizga nima boʻlishini Yeremiyo qayerdan ham bilardi?!” — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi “Bizga nima boʻlishini u bilmaydi.” Qadimiy yunoncha tarjimada “Biz nima qilayotganimizni Xudo koʻrmayapti.”
deb aytishadi.

5Egamiz menga dedi: “Ey Yeremiyo,
Sen odamlar bilan poyga qilib holdan toygan boʻlsang,
Qanday qilib otlar bilan poyga qila olasan?!
Faqat osoyishta yurtda oʻzingni bexatar sezsang,
Iordan boʻyidagi chakalakzorda
…Iordan boʻyidagi chakalakzorda… — qadimgi paytlarda Iordan daryosi boʻyidagi chakalakzorlarda sherlar yashardi.
nima qilasan?!
6Hatto qarindoshlaring ham sendan yuz oʻgirdi,
Oʻz oilang senga xiyonat qildi.
Ovozi boricha senga doʻq urdi.
Ular senga shirin gapirishsa ham,
Ularning soʻzlariga ishonma.”

Egamiz Oʻz xalqi uchun qaygʻuradi

7Egamiz shunday deb aytdi:
“Men xonadonimni tark etdim,
Mulk qilib olgan xalqimni rad etdim.
Sevgan xalqimni dushmanlarining qoʻliga berdim.
8Oʻz xalqim Menga
Oʻrmondagi sherday boʻlib qoldi.
U Menga qarab boʻkirdi,
Shuning uchun undan nafratlandim.
9Oʻz xalqim Menga
Olachipor kalxatday boʻlib qoldi.
Boshqa kalxatlar xalqimni oʻrab oldi!
Boring, barcha yovvoyi hayvonlarni yigʻing,
Xalqimni gʻajib tashlashsin.
10Toʻda–toʻda choʻponlar uzumzorimni xarob qildilar,
Dalamni ular payhon qildilar.
Ha, goʻzal dalamni tashlandiq choʻlga aylantirdilar.
11Ular yerimni xarob qildilar,
Tashlandiq yerim koʻz oldimda qaqrab yotibdi.
Butun yurtim vayron boʻldi,
Ammo bu bilan hech kimning ishi yoʻq.
12Bosqinchilar sahrodagi
Hamma yalang qirlarni egallab oldilar.
Endi Mening qilichim butun yurtni vayron qiladi,
U boshidan bu boshigacha hammani qirib tashlaydi.
Bexatar yashayotgan bironta odam qolmaydi.
13Mening xalqim bugʻdoy ekdi,
Ammo tikan oʻrib oldi,
Zoʻr berib ishladi,
Ammo hech narsaga erishmadi.
Qattiq qahrim ularning hosilini nobud qildi.
Ular hosilsiz qolib, sharmanda boʻlishdi.”

Egamiz qoʻshni xalqlarga vaʼda beradi

14Egamiz shunday demoqda: “Men xalqimga Isroil yurtini mulk qilib bergan edim, ammo uning yovuz qoʻshnilari xalqimga hujum qilib, yurtimni talon–taroj qildilar. Men bu yovuz xalqlarni oʻz yurtlaridan sugʻurib tashlayman. Yahudo xalqini ularning iskanjasidan sugʻurib olaman. 15Oʻsha yovuz xalqlarni sugʻurib tashlaganimdan keyin, ularga yana rahm–shafqat qilaman. Hammasini oʻz yurtlariga, oʻz mulklariga qaytarib olib kelaman. 16Ilgari bu xalqlar Isroil xalqiga Baal nomi bilan qasam ichishni oʻrgatgan edilar. Agar endi ular xalqim Isroilning yoʻlini astoydil oʻrgansalar, «Egamiz shohid» deya Mening nomim bilan qasam ichsalar, xalqim orasida oʻrnashib oladilar. 17Bordi–yu, bironta xalq Menga itoat etmasa, oʻsha xalqni tag–tomiri bilan qoʻporib tashlayman.” Egamizning kalomi shudir.
Copyright information for UznUzbL