‏ Jeremiah 14

Dahshatli qurgʻoqchilik

1Yeremiyoga Egamizning qurgʻoqchilik haqidagi soʻzi ayon boʻldi:

2“Yahudo aza tutmoqda,
Shaharlari adoyi tamom boʻldi.
Odamlar qaygʻuga botgan,
Bagʻirlarini yerga berib yotibdi,
Quddusdan faryod koʻtarilmoqda.
3Asilzodalar xizmatkorlarini suvga yubordilar.
Xizmatkorlar sardobalarga borgan edilar,
Ammo suv topa olmadilar.
Idishlari boʻm–boʻsh qaytib keldilar.
Ular tushkunlikka tushdilar,
Sharmanda boʻlib qoldilar,
Uyatdan yuzlarini berkitib oldilar.
4Yomgʻir yogʻmagani uchun yer yorilib ketdi,
Dehqonlar umidsizlikka tushdi,
Yuzlarini berkitib olishdi.
5Hatto choʻldagi ona ohu ham,
Oʻt–oʻlan boʻlmagani uchun,
Yangi tugʻilgan ohuchalarini tashlab ketmoqda.
6Qulonlar yalang qirlarda turib,
Chiyaboʻrilar kabi hansirayapti,
Oʻt yoʻqligidan qulonlarning koʻzlari kirtayib qolgan.”

7Gunohlarimiz bizga qarshi guvohlik bersa–da,
Oʻz noming haqi–hurmati bizga rahm qil, ey Egam.
Axir, biz Senga koʻp xiyonat qildik,
Senga qarshi gunoh ishlar qildik.
8Ey Isroilning yolgʻiz umidi,
Kulfat vaqtida Qutqaruvchisi!
Nechun yurtimizda musofirga oʻxshaysan?
Bir kechagina tunaydigan sayyohga oʻxshaysan?
9Nega sarosimaga tushgan odamga oʻxshaysan?
Nega yordam bera olmaydigan jangchiga oʻxshaysan?
Ey Egam, Sen bizning oramizdasan–ku!
Biz Senikimiz.
Bizni tark etma!

10Egamiz bu xalq haqida shunday demoqda:
“Ular oʻzlarini sira tiya olmaydilar,
Daydib yurishni haqiqatan yaxshi koʻradilar.
Shuning uchun Men ulardan rozi emasman,
Endi qabihliklarini yodga olaman,
Gunohlari uchun ularni jazolayman.”

11Soʻng Egam menga tayinlab dedi:

— Bu xalq uchun ibodat qilma.
12Ular roʻza tutishsa ham, Men ularning iltijolariga quloq solmayman. Menga atab qurbonliklar kuydirishsa ham, don nazrlarini olib kelishsa ham qabul qilmayman. Aksincha, ularni qahatchilik, urush va oʻlat orqali qirib tashlayman.

13Men esa shunday dedim:

— Yo Egam Rabbiy, paygʻambarlar bu xalqqa, urush va qahatchilik boʻlmaydi, sizlar bu yurtda chinakamiga osoyishta hayot kechirasizlar, deb aytishmoqda–ku.

14Egamiz menga shunday javob berdi: “Paygʻambarlar Mening nomimdan yolgʻon gapirishmoqda. Men ularni yubormaganman, ularga gapirishni buyurmaganman. Ular sizlarga uydirmalarni oʻzlaricha bashorat qilishyapti, behuda fol ochib, xayollariga kelgan yolgʻonlarni gapirishyapti. 15Oʻsha paygʻambarlar Mening nomimdan gapirishsa ham, ularni Men joʻnatmaganman. Ular: «Yurtda urush va qahatchilik boʻlmaydi», deb aytayotgan ekanlar, ammo Men aytamanki, oʻsha paygʻambarlar urush va qahatchilikdan nobud boʻlishadi. 16Ularning gaplarini tinglayotgan odamlar ham urush va qahatchilikdan oʻladi. Jasadlari Quddus koʻchalarida qolib ketadi. Ularning, xotinlarining, oʻgʻil–qizlarining jasadlarini koʻmadigan odam boʻlmaydi. Qilgan qabihliklarini Men oʻzlarining boshlariga solaman.

17Sen ularga shunday deb ayt:

«Kechayu kunduz koʻzlarimdan yosh oqyapti,
Oʻzimni toʻxtata olmayapman.
Zero, bokira qizim — Mening xalqim,
Qattiq zarba yedi, ogʻir yaralandi.
18Dalaga chiqaman,
Evoh, ana, qilichdan halok boʻlganlar yotibdi.
Shaharga kiraman,
Ana, ocharchilikdan oʻlganlar yotibdi.
Paygʻambaru ruhoniylar esa pul dardida
Odamlarga bemaʼni maslahatlar berib yuribdilar
Paygʻambaru ruhoniylar…bemaʼni maslahatlar berib yuribdilar — 2:8, 5:13, 6:13, 8:10 ga va shu bobning 13-15–oyatlariga qarang.
.»”

Yeremiyo Xudoga iltijo qiladi

19Ey Egamiz, nahotki Yahudoni butunlay rad etgan boʻlsang?!
Nahotki Quddusdan
Quddus — ibroniycha matnda Sion. 3:14 izohiga qarang.
hazar qilsang?!
Nechun bizni ogʻir yaralading?
Shifo topa olmayapmiz–ku!
Biz tinchlikni izladik, ammo yaxshilik kelmadi,
Shifo topmoqchi edik, ammo vahimaga duchor boʻldik.
20Ey Egamiz, Senga qarshi gunoh qildik!
Qabihliklarimizga iqror boʻldik,
Ha, ota–bobolarimizning ayblarini tan olamiz.
21Noming haqi–hurmati bizni rad etma,
Ulugʻvor taxting turgan joyni xor qilma.
Biz bilan tuzgan ahdingni yodingda tut,
Oʻtinamiz, ahdingni buzma.
22Xalqlarning betayin butlari yomgʻir yogʻdira olarmidi?!
Yogʻingarchilik osmonning xohishi bilan boʻlarmidi?!
Bularni qilishga qodir Sen emasmi, ey Egamiz Xudo?!
Biz umidimizni Senga bogʻlaganmiz,
Zotan, bularning hammasini qila oladigan Sensan.
Copyright information for UznUzbL