‏ Jeremiah 15

Yahudo xalqining qismati

1Egamiz menga dedi: “Hatto Muso bilan Shomuil huzurimda turib, yolvorganda ham, Men bu xalqqa achinmagan boʻlardim. Bu xalqni huzurimdan hayda! Yoʻqolishsin! 2Ular sendan «Qayerga boramiz?» deb soʻrashsa, ularga ayt, Egamiz shunday demoqda:

«Hamma peshanasida borini koʻrsin,
Baʼzilar oʻlatga yoʻliqib nobud boʻlsin,
Baʼzilar qilichdan oʻtkazilsin,
Baʼzilar ochlikdan qirilib ketsin,
Baʼzilar asirlikka tushib, surgun qilinsin.»”

3Egamiz demoqda: “Ularning boshiga toʻrt xil baloyu ofatni keltiraman: ular qilichdan halok boʻlishadi, jasadlarini itlar sudraydi, qushlar va yovvoyi hayvonlar ularni gʻajib tashlaydi. 4Hizqiyo oʻgʻli Manashe Yahudo shohligi taxtida oʻtirib, Quddusda koʻp qabihliklar qilgan edi
Manashe…koʻp qabihliklar qilgan edi — 4 Shohlar 21:1-16 ga qarang. Manashe miloddan oldingi 687-642 yillarda hukmronlik qilgan.
. Oʻsha qabihliklar tufayli dunyodagi barcha shohliklar xalqimdan hazar qiladigan boʻladi.”

5 6Egamiz shunday demoqda:
“Ey Quddus, kim senga achinar ekan?!
Kim sen uchun motam tutar ekan?!
Birontasi senga kelib,
Hol–ahvol soʻrarmikan?!
Sen Meni rad etding,
Menga orqa oʻgirding.
Senga rahm qilaverib charchadim.
Endi senga qarshi qoʻl koʻtaraman,
Seni yoʻq qilib yuboraman.
7Men seni yurtning har bir shahrida
Bugʻdoyni sovurganday sovuraman.
Seni farzandlaringdan judo qilaman.
Ey xalqim, seni nobud etaman,
Axir, sen oʻz yoʻlingdan qaytmading.
8Men bevalaringni dengiz qumidan ham koʻp qilaman,
Yigitlaringning onalariga qarshi
Kuppa–kunduz kuni qirgʻin qiluvchini joʻnataman.
Toʻsatdan boshlariga dahshat va azob–uqubat solaman.
9Yetti farzandning onasi holdan toyib, jon beradi.
Uning quyoshi kunduz kuni botadi,
U xoʻrlanib, sharmanda boʻladi.
Omon qolganlari dushman qilichidan oʻladi.”
Egamizning kalomi shudir.

Yeremiyo Egamizga shikoyat qiladi

10Shoʻrim qursin! Nega onam meni dunyoga keltirgan ekan–a?! Men butun yurt bilan tortishib, janjallashyapman. Qarz olmagan, qarz bermagan boʻlsam ham, hamma meni qargʻamoqda.

11Egamiz shunday dedi: “Ey Quddus ahli, Men ayrimlaringizni omon qoldiraman, oʻshalarga yaxshiroq taqdir ato qilaman. Qolganlaringizning ustingizga esa dushman tortib kelaman, boshingizga kulfatu ogʻir kunlar solaman. 12Ey Yahudo xalqi, siz bronza va temirni sindira olmaganingiz kabi, shimoldan
shimoldan — Bobil yurti nazarda tutilgan (1:15 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang).
sizga hujum qiladigan dushmanlarni ham sindira olmaysizlar.
13Sizlar yurtingizning hamma joyida koʻp gunohlar qildingizlar. Shuning uchun boyliklaringiz va xazinalaringiz dushmanlarga tekin oʻlja boʻladi. 14Oʻzingiz bilmagan yurtda dushmanlaringizga xizmat qilasizlar. Mening gʻazabim sizlarni olovday yamlamay yutadi.”

15Ey Egam, Sen hammasini bilasan,
Yodga ol meni, yordam bergin,
Meni quvgʻin qilganlardan oʻch olgin.
Gʻanimlarimga sabr–toqat qilib,
Tagʻin meni halok qilib yuborma.
Seni deb xoʻrlanganimni esingdan chiqarma.
16Aytgan har bir soʻzingga tashna edim.
Soʻzlaringdan shodlanar edim,
Soʻzlaring dilimga quvonch bagʻishlar edi.
Zero, men Senga tegishliman,
Ey Parvardigori Olam — Egamiz.
17Men xushchaqchaq ulfatlar davrasida oʻtirmadim,
Ularning xursandchiligiga sherik boʻlmadim.
Qoʻling ostida yolgʻiz oʻzim oʻtirar edim,
Sen meni gʻazabga toʻldirgan eding.
18Nega mening dardim zoʻrayyapti?
Nega ogʻir yaram tuzalmayapti?
Nahotki yozda qurigan buloq kabi,
Umidlarimni barbod qilsang?!

19Egamiz menga shunday dedi:

“Agar tavba qilsang, seni yana xizmatimga olaman.
Boʻlmagʻur gaplar oʻrniga toʻgʻri soʻzlar gapirsang,
Seni Oʻzimning soʻzlovchim qilaman.
Shunda sen xalqning oldiga bormaysan,
Ular sening oldingga kelishadi.
20 21Men seni bu xalq qarshisida
Mustahkam bronza devorday qilaman.
Ular senga hujum qilishadi,
Lekin seni yenga olishmaydi.
Oʻzim sen bilan birga boʻlaman,
Seni xalos qilib, qutqaraman,
Ha, fosiqlar qoʻlidan xalos qilaman,
Zolimlar changalidan ozod etaman.”
Egamizning kalomi shudir.
Copyright information for UznUzbL