‏ Jeremiah 18

Yeremiyo kulolning uyida

1Egamiz Yeremiyoga shu soʻzini ayon qildi: 2“Qani boʻl, kulolning uyiga bor. Oʻsha yerda senga bir gap aytaman.” 3Men kulolning uyiga bordim. Kulol charx urib, ishlayotgan edi. 4U loydan yasayotgan idish buzildi, shundan keyin u oʻzi xohlagan shakldagi boshqa bir idishni yasadi.

5Egamiz Oʻz soʻzini menga ayon qilib dedi: 6“Ey Isroil xalqi, nahotki bu kulol qilgan ishni Men sizlarga qila olmasam?! Sizlar Mening qoʻlimda kulol qoʻlidagi loyga oʻxshaysizlar. 7Men biron xalqni yoki shohlikni qoʻporib tashlashimni, yoʻq qilib vayron qilishimni eʼlon etishim mumkin. 8Ammo oʻsha xalq yovuz qilmishlaridan qaytsa, Men ham ularning boshlariga falokat keltirish niyatimdan qaytaman. 9Shunday paytlar ham boʻladiki, Men biron xalq yoki shohlikka: «Sizlarni qayta bunyod etib, mustahkam qilaman», deb aytaman. 10Ammo oʻsha xalq Mening oldimda qabihlik qilsa yoki aytganlarimga quloq solmasa, Men niyatimdan qaytaman, ularga qilmoqchi boʻlgan yaxshiligimni qilmayman.

11Shunday ekan, Yahudo xalqi bilan Quddus aholisiga ayt: «Egamiz shunday demoqda: mana, Men boshingizga soladigan kulfatni tayyorlayapman, sizlarga qarshi rejalar tuzyapman. Boʻldi endi, har biringiz yomon yoʻlingizdan qaytinglar. Turmush tarzingizni oʻzgartiringlar. Eski qilmishlaringizdan voz kechinglar.»

12Ammo ular: «Gapirganing befoyda!» deyishadi. «Biz baribir xohlaganimizday yashaymiz, yovuz yuraklarimizning oʻjarliklariga itoat qilaveramiz», deb aytishadi.”

Xalq Egamizni rad etadi

13Shuning uchun Egamiz demoqda:
“Xalqlardan soʻrab–surishtiring–chi,
Bunaqasini hech eshitganmikan?!
Bokira qiz Isroil jirkanch bir ish qildi.
14Lubnondagi qorlar hech eriganmi?!
Azim choʻqqilarni hech tark etganmi?!
Uning muzdek suvlari hech ado boʻlganmi?!
15Mening xalqim esa Meni tark etdi,
Ular behuda butlarga tutatqi tutatdilar.
Butlari tufayli xalqim qoqildi,
Azaliy yoʻlidan adashdi.
Toʻgʻri yoʻlni tark etib, soʻqmoqlardan yurib ketdi.
16Shu sababdan yurti huvullab qoladi,
Yurtning ahvolidan odamlar qotib qoladi,
Oʻtgan–ketganlar dahshatga tushadi,
«Yo tavba» deb, yoqasini ushlashadi.
17Sharqdan esgan shamol kabi,
Men ularni dushmanlari oldida sochib tashlayman.
Boshlariga kulfat tushgan kuni
Ularga orqa oʻgiraman,
Ularga nazar solmayman.”

Yeremiyoga qarshi fitna

18Soʻng odamlar shunday dedilar: “Qani, Yeremiyoga qarshi fitna uyushtiraylik. Axir, qonunni oʻrgatadigan ruhoniylar, maslahat beradigan donishmandlar va Xudoning soʻzini aytadigan paygʻambarlar har doim bor. Yeremiyoga tuhmat qilaylik, uning gaplariga umuman eʼtibor bermaydigan boʻlaylik.”

19Ey Egam, meni tingla,
Raqiblarim gaplarini eshit!
20Nahotki yaxshilikka yomonlik qaytarishsa?!
Esingdami, huzuringda turib,
Ular uchun Senga yolvorgandim,
Ulardan Sening qahringni qaytargandim.
Ular esa menga chuqur qazidilar.
21Shunday ekan, bolalarini ochlikdan oʻldir,
Hammasini qilich izmiga topshir.
Xotinlari bolalaridan judo boʻlsin,
Hammasi beva boʻlib qolsin.
Erkaklari oʻlatdan qirilib ketsin,
Yigitlari jangda halok boʻlsin.
22Toʻsatdan ustiga bosqinchi yuborganingda,
Uylaridan dod–faryodlar koʻtarilsin!
Axir, ular meni tutib olmoqchi boʻlib, chuqur qazidilar,
Oyogʻimni sirtmoqqa ilintirmoqchi boʻldilar.
23Meni oʻldirish uchun fitna qildilar,
Buni Sen bilasan, ey Egam.
Ularning gunohlarini kechirma,
Jinoyatlaridan oʻtma.
Gʻazablanib, jazolarini bergin,
Ular Sening oldingda yiqilib qolsinlar.
Copyright information for UznUzbL