‏ Jeremiah 34

Zidqiyo uchun xabar

1Bobil shohi Navuxadnazar
Navuxadnazar — 21:2 izohiga qarang.
oʻz lashkari, qoʻli ostidagi barcha shohliklaru xalqlar bilan birga Quddusga va uning yon–atrofidagi shaharlarga qarshi jang qilayotgan edi. Shunda Egamiz Oʻz soʻzini Yeremiyoga ayon qildi:
2“Qani boʻl, Yeremiyo, Yahudo shohi Zidqiyo
Zidqiyo — 1:3 ning ikkinchi izohiga qarang.
huzuriga bor. Unga ayt: «Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday demoqda: Men bu shaharni Bobil shohiga taslim qilaman, u shaharga oʻt qoʻyadi.
3Sen ham Bobil shohining qoʻlidan qochib qutula olmaysan. Odamlar seni tutib oladilar. Bobil shohining qoʻliga topshiradilar. Sen oʻz koʻzing bilan Bobil shohini koʻrasan, u sen bilan yuzma–yuz gaplashadi. Keyin seni Bobilga joʻnatib yuboradi.

4Biroq, ey Yahudo shohi Zidqiyo, Egamizning soʻzini eshit! Egamiz sen haqingda shunday demoqda: sen qilichdan halok boʻlmaysan. 5Tinchgina olamdan koʻz yumasan. Odamlar ota–bobolaringni, sendan oldin oʻtgan shohlarni qanday dafn qilishgan boʻlsa, ularning sharafiga qanday gulxan yoqishgan boʻlsa
…oʻtgan shohlarni qanday dafn qilishgan boʻlsa, ularning sharafiga qanday gulxan yoqishgan boʻlsa… — 2 Solnomalar 16:14, 21:19 ga qarang.
, sening sharafingga ham shunday gulxan yoqishadi. Yigʻi–sigʻi qilib: ‘Voy, xojam!’ deya marsiya aytishadi. Egamizning kalomi shudir.»”

6Yeremiyo paygʻambar bularning hammasini Quddusda Yahudo shohi Zidqiyoga aytdi. 7Shu orada Bobil shohining lashkari Quddus, Laxish va Ozikah shaharlariga hujum qilayotgan edi. Yahudoning mustahkam shaharlaridan oʻshalargina yovga hanuzgacha taslim boʻlmagan edi.

Xalq ibroniy qullarni ozod qilish ahdiga rioya qilmaydi

8Shoh Zidqiyo Quddusdagi butun aholi bilan ahd qilib, ibroniy qullarni ozodlikka chiqarishni eʼlon qilgandan keyin, Yeremiyoga Egamizning soʻzi ayon boʻldi.

9Zidqiyo qilgan ahdga koʻra, hamma ibroniy qullarga va choʻrilarga ozodlik berilishi lozim edi. Yahudiy birodarlarni qullikda tutish man etilgan edi. 10Aʼyonlar bilan butun xalq ahd shartlariga koʻndi. Ular oʻz qullari bilan choʻrilarini ozod qilishga, ularni bundan keyin qul qilib olmaslikka rozi boʻlgan edilar. Barcha quldorlar ahdga rioya qilgan holda, qullariga ozodlik berishdi. 11Keyinchalik
Keyinchalik — Misrliklarning lashkari Quddusga yaqinlashgani sababli Bobilliklar Quddus qamalini vaqtinchalik toʻxtatgan edilar (shu bobning 21-22–oyatlariga va 37:5-8 ga qarang). “Keyinchalik” soʻzi oʻsha paytga ishora qiladi.
esa oʻz fikrlaridan qaytib, ozod qilgan qul va choʻrilarni majburlab, oʻzlariga yana qul qilib olishdi.

12Shunda Egamizning soʻzi Yeremiyoga ayon boʻldi. 13Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday demoqda: “Men ota–bobolaringizni Misrdagi qullikdan olib chiqqanimda, ular bilan ahd qilib, shunday degan edim
…shunday degan edim… — Qonunlar 15:12 ga qarang.
:
14«Oʻzini sizga sotib, olti yil xizmat qilgan har bir ibroniy qulni ozod qilinglar.» Ammo ota–bobolaringiz aytganlarimga eʼtibor bermadilar, Menga quloq solmadilar. 15Yaqinda esa sizlar tavba qilgan edingizlar. Mening huzurimda — Oʻzimning nomim bilan atalgan uyimda turib, birodarlaringizni ozod qilishga ahd qilgan edingiz. Mening nazarimda bu ishingiz toʻgʻri edi. 16Keyin esa sizlar fikringizdan qaytdingizlar. Meni badnom qildingizlar. Oʻz xohishlariga koʻra, ozod qilingan qulu choʻrilaringizni qaytarib oldingizlar, ularni qul boʻlishga majbur qildingizlar.”

17Egamiz shunday demoqda: “Sizlar Menga itoatsizlik qilib, yoru doʻstlaringizni, qoʻni–qoʻshnilaringizni qoʻyib yubormadingiz, shuning uchun Men sizlarni qoʻyib yuboraman. Mana, urush, qahatchiligu oʻlatga yoʻlingiz ochiq! Ahvolingizni dunyodagi barcha shohliklar koʻrib, dahshatga tushadi. 18Ahdimni buzgan bu odamlarni Men jazolayman. Ular huzurimda ahd tuzgan edilar, buzoqni ikki qismga boʻlib, ikki boʻlagi orasidan oʻtgan edilar
…buzoqni ikki qismga boʻlib, ikki boʻlagi orasidan oʻtgan edilar — buzoqning boʻlaklanishi biror kishining ont ichib, vaʼda berishga aloqador boʻlgan urf–odat boʻlsa kerak. Ikkiga boʻlingan buzoqning orasidan oʻtadigan odam: “Agar oʻz vaʼdamda turmasam, men ham mana shu buzoqday boʻlaklanay”, deb ont ichayotganday boʻladi.
. Ammo ahd shartlariga rioya qilmadilar. Shuning uchun Men ularni boʻgʻizlangan buzoqning holiga tushiraman.
19Buzoqning ikki boʻlagi orasidan oʻtgan Yahudo aʼyonlarini, Quddus maʼmurlarini, saroy amaldorlarini, ruhoniylarini va xalq ommasini jazolayman. 20Ularda qasdi borlarga oʻzlarini topshiraman, dushman qoʻliga beraman. Jasadlari qushlarga va yovvoyi hayvonlarga yem boʻladi. 21Yahudo shohi Zidqiyoni ham aʼyonlari bilan birga dushman qoʻliga beraman, ularda qasdi borlarga topshiraman. Vaqtinchalik chekingan Bobil shohining lashkariga
Vaqtinchalik chekingan Bobil shohining lashkari — 37:5-8 ga qarang.
ularni taslim qilaman.
22Men buyruq berib, Bobilliklarni bu shaharga qaytarib olib kelaman. Ular sizlarga hujum qiladilar. Shaharni qoʻlga olib, oʻt qoʻyadilar. Yahudo shaharlari vayron boʻladi, u yerda hech kim yashamaydi.” Egamizning kalomi shudir.
Copyright information for UznUzbL