‏ Jeremiah 42

Xalq Yeremiyodan ibodat qilishini soʻraydi

1Hamma lashkarboshilar, Kariyox oʻgʻli Yoʻxanon, Hoʻshayyo oʻgʻli Ozariyo
Ozariyo — ibroniycha matnda bu nomning boshqa varianti Yozaniyo. Uning Ozariyo degan shakli 43:2 dan olingan.
va kattayu kichik odam
2Yeremiyoning oldiga borib, shunday dedilar:

— Iltimos, bir ogʻiz gapimizga quloq soling. Egangiz Xudoga biz uchun ibodat qiling, tirik qolganlar uchun soʻrang. Oʻzingiz koʻrib turibsiz, ilgarilari biz nihoyatda koʻpchilik edik, endi esa sanoqli odam qoldik.
3Biz qayerga borishimizni, nima qilishimizni Egangiz Xudo bizga koʻrsatsin.

4Yeremiyo paygʻambar ularga shunday javob berdi:

— Yaxshi, iltimosingizga binoan Egamiz Xudoga ibodat qilaman. Egamiz nimaiki desa hammasini sizlarga aytaman, hech narsani sizlardan yashirmayman.

5Ular esa Yeremiyoga shunday dedilar:

— Agar biz Egangiz Xudoning siz orqali aytgan bironta soʻziga rioya qilmasak, Uning Oʻzi oramizda adolatli va sadoqatli shohid boʻlsin.
6Biz Egamiz Xudoning hamma amrlariga, yaxshi yoki yomon boʻlishidan qatʼi nazar, itoat qilamiz. Egamiz Xudoga itoat qilsak, hammasi yaxshi boʻladi.

Yeremiyoning ibodatiga Egamiz javob beradi

7Oradan oʻn kun oʻtdi. Yeremiyoga Egamizning soʻzi ayon boʻldi. 8Yeremiyo Kariyox oʻgʻli Yoʻxanonni, lashkarboshilarni va odamlarning kattayu kichigini toʻplab, 9ularga shunday dedi: “Men iltimosingizga binoan Isroil xalqining Xudosi — Egamizga iltijo qildim. U menga shunday dedi: 10«Endi shu yurtda qolsangizlargina Men sizlarni barbod qilmayman, balki qayta bunyod etaman, qoʻporib tashlamayman, balki mustahkam oʻrnashtiraman. Sizlarning boshingizga falokat keltirganimdan pushaymonman. 11Bundan buyon Bobil shohidan qoʻrqmanglar, — deb aytmoqda Egamiz. — Men sizlar bilan birgaman. Shunday ekan, undan qoʻrqmanglar. Oʻzim sizlarni qutqaraman, uning qoʻlidan ozod qilaman. 12Men sizlarga rahm–shafqat qilaman. Bobil shohi sizlarga achinib, ona yurtingizga oʻrnashtiradi.»

13Ammo Egangiz Xudoga boʻysunmay: «Bu yerda qolmaymiz. 14Misrga ketamiz, u yerda urush koʻrmaymiz, burgʻu sadolarini eshitmaymiz, nonga zor boʻlmaymiz, u yerda yashaymiz», deb aytadigan boʻlsangizlar, 15ey Yahudo xalqining omon qolganlari, Egamizning soʻzini eshitib qoʻyinglar! Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam shunday demoqda: «Agar sizlar Misrga borib, u yerda oʻrnashib olishga qaror qilgan boʻlsangizlar, 16oʻsha yerga borganingizda oʻzlaringiz qoʻrqayotgan urushga duch kelasizlar. Sizlar ocharchilikdan qoʻrqyapsizlar, ammo ocharchilik ketingizdan Misrga ergashib boradi, u yerda nobud boʻlasizlar. 17Misrga borib, u yerda oʻrnashib olishga jazm qilgan har bir kishi qilichdan, ocharchilik va oʻlatdan nobud boʻladi. Unday odamlardan birontasi ham tirik qolmaydi, Men ularning boshlariga keltiradigan kulfatdan hech kim qochib qutulmaydi.» 18Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam shunday demoqda: «Agar sizlar Misrga borgudek boʻlsangizlar, Men Quddus aholisiga yogʻdirgan qahrimni Misrda sizlarning ustingizga yogʻdiraman. Ahvolingizni odamlar koʻrganda dahshatga tushadi. Sizlarni mazax qilib, nomingizni qargʻishlarda ishlatishadi. Sizlar bu yurtni boshqa hech qachon koʻrmaysizlar.»

19Ey Yahudo xalqining omon qolganlari, Egamiz sizlarga, Misrga bormanglar, deb aytdi. Bilib qoʻyinglar, bugun men sizlarni ogohlantirib qoʻyyapman, 20sizlar katta xato qilyapsizlar. Oʻzlaringiz meni Egangiz Xudoning oldiga joʻnatib: «Iltimos, Egamiz Xudoga iltijo qil, Egamiz Xudo nima desa, hammasini qilamiz», degan edingizlar. 21Egangiz Xudoning menga aytgan hamma soʻzlarini bugun sizlarga aytdim, ammo sizlar Uning aytgan bironta soʻziga itoat qilishni xohlamayapsizlar. 22Sizlarga aytib qoʻyay: bormoqchi boʻlayotgan joyingizda sizlar qilichdan, ocharchilik va oʻlatdan nobud boʻlasizlar.”
Copyright information for UznUzbL